Ko`pchilik tanadagi xollarning barchasi xavfli bo`ladi, deyishadi. Lekin aslida unday emas. Xollar xavfsiz bo`ladi, lekin ayrim holatlar sabab ular xavfli o`simtaga aylanishi mumkin, natijada esa xol teri saratoniga ham olib kelishi mumkin. O`z vaqtida davolanmaganida esa salbiy oqibatlargaolib keladi. Bu haqda oliy toifali dermatolog-shifokor Nodira RIZAEVAga murojaat qildik.
Xo`sh, xollar o`zi qanday paydo bo`ladi?
Xollar — terida melanositlar (dog` paydo qiluvchi hujayralar) ko`payishi natijasida paydo bo`ladi. Xuddi shuning uchun ham xollar qo`ng`ir yoki qora rangda bo`ladi, kam holatlardako`kimtir va qizil rangga o`zgaradi. Xollarning paydo bo`lishi nasldan-naslga o`tadi, lekin xolning miqdori bolalikda va yoshlikda quyoshda ko`p yurish natijasida kelib chiqadi. Ayollarda esa xol homiladorlik vaqtida organizmda gormonal o`zgarishlar natijasi ham paydo bo`lishi mumkin.
Xavfli xolni qanday aniqlash mumkin?
Sog`liq uchun xollar hech qanday xavf tug`dirmaydi. Chunkixolxavfsiz paydo bo`lgan shish hisoblanadi. Ammo ayrim xollar ma`lum tip hujayralardan iborat bo`lib, teri saratoni kasalligi sababchisi bo`lishi mumkin.
Ular quyidagi alomatlarga ega bo`ladi:
1.Assimetriya
2.Tashqi ko`rinishi turlicha
3.Turli rangda
4.Vaqt o`tishi bilan o`zgaruvchan
Oddiy hol odatda unchalik katta bo`lmaydi va doirasimon yoki cho`ziqroq, bir xil rangda bo`ladi. Bu alomatlardan birortasi o`zgarganda, zudlik bilan teri kasalliklari shifokori —dermatolog yoki onkologiya mutaxassisiga maslahat bilan murojaat qilishingiz lozim. Agarda qichishish, og`riq, shamollash va qonash alomatlari paydo bo`lsa, shifokorga borishni paysalga solmang.
Xolning holatini aniqlang
Tanasida 40 va undan ko`p xoli bor odam muntazam ravishda shifokor ko`rigidan o`tib, terisi holatini tekshirtirib turishi lozim. Mutaxassislar bir ko`rishdanoqxolning holatini aniqlay olishadi. Agar shifokorga biror xolning ko`rinishi yoqmasa ham, xavotirga tushishga o`rin yo`q. Ayrim xollarni o`z vaqtida olib tashlash saraton kasalligining oldini olishga yordam beradi.
Xoldan xoli bo`lish uchun...
Xollarning kattaligiga qarab, uni olib tashlash usullari tanlanadi. Mayda xol igna yordamida o`yib olib tashlanadi, katta xol skalpel bilan kesib olinib, hosil bo`lgan yara chetlari tikib qo`yiladi. Lazer yordamida xolni olib tashlash usuli faqat kosmetik maqsadda qo`llaniladi. Bunda kuydirilgan hujayraning xavfliligini tekshirib bo`lmaydi va natijada xavfli o`simta paydo bo`layotgani ko`rinmaydi.
Mumkin emas
- Hech qachon o`zingiz xolni olib tashlashga urinmang! Bu nafaqat xunuk chandiq hosil qiladi, balki terining chuqur qavatlariga hayot uchun xavfli infeksiya tushishiga ham olib kelishi mumkin.
- Xolni oldirgandan keyin ikki hafta davomida sport bilan shug`ullanmang va jarohat joyiga suv tekkizmang! Qolgan xollaringizni ham ko`zdan kechirib turishni unutmang!