AsosiyDunyo

MYaNMA: DUYoDAGI ENG JABRLANGAN XALQ – ROHINJA

'MYaNMA: DUYoDAGI ENG JABRLANGAN XALQ – ROHINJA'ning rasmi

Yuzlab odam qurbon bo`lgan, minglab kishilar, jumladan bolalar va ayollarning qochqinga aylanishiga sabab bo`lgan voqealar nega bunday tus oldi? Myanmada aslida nimalar ro`y beryapti? Nima uchun etnik guruhlarning to`qnashuvi butun dunyo musulmonlarini larzaga soldi? Shu savollarga javob topishga harakat qilamiz.

Myanma — o`zi qanday davlat?

Myanma – Janubiy–Sharqiy Osiyoda, Hindxitoy yarim orolining g`arbiy qismida joylashagan. Myanma aholisi 135ta etnik guruhlardan iborat 60 million kishini tashkil etadi, ularning 90 foizi buddizm ta`limotiga e`tiqod qiladi.

Mamlakat 7 ta shtatga bo`lingan. Mana shu shtatlardan biri – Rakxayn (Arakan ham deb ataladi) Bangladeshga chegaradosh bo`lib, bu hududda istiqomat qiladigan 3 million aholining uchdan ikki qismi buddoiy arakanlar bo`lib, qolgan bir million xalq musulmon rohinjalardir.

Nimadan boshlangan?

Rohinja xalqi o`zini Myanmaning tub aholisi deb hisoblaydi. Biroq Neypido (Myanma poytaxti) hukumati ularni separtisitlar yoki Bangladeshdan kelgan qochoqlar deb biladi.

Tarixchilarning fikricha esa, XIX asrda Britaniya hududni koloniyalashtirarkan, London Banladeshdagi musulmonlarni Birma (Myanmaning 1989 yilgacha nomi)ga ishchi kuchi siqfatida jalb qiladi. Ikkinchi jahon urush boshlanganida esa Birmani Yaponiya bosib oladi-yu, mamlakatni mustaqil deb e`lon qilinishi evaziga mahalliy xalq yaponlar tarafga o`tib oladi. Biroq musulmonlar Buyuk Britaniyani qo`llab quvvatlaydilar. Natijada, 1942 yili urush avjiga chiqib, o`n minglab odam qurbon bo`ladi. Musulmonlar va buddaviylar o`rtasida esa kuchli adovat paydo bo`ladi.

1948 yili Birma Buyuk Britaniya tasarrufidan chiqib, mutsaqillikka erishadi, ammo mamlakatda tinchib keta qolmaydi. Rohinja Sharqiy Pokiston (hozirgi Bangladesh)ga qo`shilish uchun kurasha boshladi. Birma qo`shinlari va qo`zg`olonchilar o`rtasidagi bu kurash (yoki partizanlar urushi desa ham bo`ladi) goh so`nar, goh yana olov bo`lib yonib turar, bu orada rohinja dunyodagi eng jabrlangan xalq, degan tamg`aga ega bo`lgandi.

Nima uchun Rohinja eng jabrlangan xalq hisoblanadi?

Rohinja xalqining huquq ximoyachilari va jurnalistlar tomonidan shunday deb atalshining sababi ularning barcha fuqarolik huquqlaridan mahrum ekanliklaridadir. Rohinja xalqi oliy ma`lumotli bo`lish haqqiga ega emas, boshlang`ich ta`lim ham hammaga nasib etavermaydi. Ularning, hatto, hujjatlari ham yo`q. Davlat ishida ishlashni esa orzu qilmasalar ham bo`ladi.

Rohinjalar ikkitadan ko`p farzand ko`rishga haqli emas. Agar yosh oila farzand ko`rmoqchi bo`lsa, buning uchun maxsus davlat kengashidan ruxsat olishi kerak. Aksariyat hollarda kengash a`zolari avval ayolning tug`ishiga ruxsat beradilar-da, keyin homiladorlik chog`i, ruxsat bermagandik, deb turib oladilar. Natijada, bechora ayolning bolasini majburan olib tashlashadi.

Yana roxinjalar mana shu kengashning ruxsatisiz turmush qurolmaydi. Ruxsat tekkaan taqdirda ham kattagina boj to`lashlariga to`g`ri keladi.

Roxinjalarga har qanday diniy marosimlarni o`tkazishlari taqiqlangan. Buddizm ta`limotini qabul qilishlari uchun ularni har ko`yga solishlari yanada achinarli.

Bu xalq vakillari mamlakatni rasman tark etish huquqiga ega emaslar, hatto Myanma hududida ham ularning harakati cheklangan. O`n minglab rohinjalar rezervasiyalarda, ya`nikim o`z yurtlarida ko`chmanchilar lagerlarida yashashga majburlar.

Myanmada roxinjalarni muntazam ravishda qandaydir mahalliy boyning hovlisini yoki buddiylar ibodatxonasini qurishga olib ketib ishlatish oddiy hol sanaladi. Majburiy mehnatdan bo`yin tovlaganlarni qamashadi, qiynoqqa solishali, uylarini buzishadi, yashab turgan joylaridan quvib chiqarishadi.
Rohinja o`z nomiga uy telefoni yoki uyali aloqa vositasinini rasmiylashtira olmaydi. Xuddi shunday bu mayda millatning avtomobil sotib olishga ham haq-huquqi yo`q.

Shu bilan birga Myanma rahbarlari rohinja musulmonlari haqida gapirisharkan ularni “kalar” deb atab, erga urishadi.

Hozir nima yuz berdi?

Yana nizo chiqdi. Bu yilning 25 avgust kuni vaziyat keskinlashdi. Myanma rasmiylarining axborot berishicha, “Arakan rohinjalarini qutqarish armiyasi” harakatining yuztacha a`zosi 30 ta polisiya bo`limiga hujum uyushitrib, 15 nafar polisiyachi va harbiyning hayotiga zomin bo`lishgan. Shundan so`ng davlat qo`shinlari jangari-rohinjalarning 370 nafarini qirib tashlashgan. Shuningdek, 17 ta tinch aholi vakili ham “tasodifan” o`ldirilganini aytilgan.

Biroq rohinja qochqinlari soldatlar, polisiyachilar va mahalliy ko`ngillilar tomonidan minglab qishloq aholisi o`ldirilgani, uylari yondirilib, odamlarni vahshiylarcha qiynoqqa solishgani, ayollarni zo`rlashgani haqida gapirishgan.

Shu gaplar paydo bo`lishi bilan OAVda Rakxaynada yashovchi buddaviylar xuddi shunday jinoyatlarni rohinjalar ham qilishayotgani haqida xabar berishdi.

Aslida-chi?

Myanmadan nimalar bo`layotganini aniq hech kim bilmaydi – shtatda harbiy vaziyat e`lon qilingan. Raxaynaga jurnalistlar va huquqni himoya qilish tashkilotlari vakillarining kirishi mumkin emas. Bundan tashqari, rasmiy Nepido to`qnashuvda aziyat chekka rohinjalarga BMT tomonidan birinchi zarur narsalar, suv va dori-darmonlar olib kirilishiga ruxsat bermadi. Myanma hukumat boshqa tashkilotlardan ham hayriya yordamlarini qabul qilmayaptilar.

Endi Roxinjalar nima qilishyapti?

Ular har safargi 1989, 2012, 2015 yilgi diniy-etnik to`qnashuvlardan keyin kabi ommaviy tarzda Rakxaynni tark etishmoqda. Ularda qochib, uzoqlarga ketib qolishga ham imkon yo`q. Shtat Bangladesh bilan chegaradosh bo`lgani uchun bu mamlakatga yopirilib kelishdi – ammo u erda ham ularni hech kim kutib turgani yo`q edi. Shundoq ham Bangladesh dunyodagi eng aholisi zich davlatlardan biri sanaladi. Oxirgi yillarda mamlakat hududidagi qochqinlar lagerlarida 300–400 mingtacha shu xalq vakillari istiqomat qilmoqda, ulardan 140 mingga yaqini senyatyabrning boshlarida kelib qo`shilgan rohinjalardir.

Bangladeshga quruqlikdan borish mumkin bo`lsa, Hindistonga dengiz yo`li orqali o`tish mumkinligi sababli, kemalarda Hindistonga suzib o`tishga ham muvaffaq bo`lishgan. Biroq Hindiston hukumati 40 ming nafar rohinjani kelgan yurtiga qaytarib yuborish niyatini bayon qilgan. BMT ularni rasmiy qochqinlar deb e`lon qilgan bo`lsa-da, Nyu-Deli qochqinlar maqomi haqidagi konvensiyani imzolamaganini bahona qilib, BMT ko`rsatmasiga amal qilishdan voz kechmoqda.

Rohinjalarning bir qismini Tailand, Indoneziya va Malayziya ham qabul qilgan. Ammo hatto musulmonlar yashaydigan Malayziyada ham barcha rohinjalarga qoqchoq maqomini beruvchi guvohnoma berishni rad etishmoqda. Negaki, agar hammaga ruxsatnoma beriladigan bo`lsa, Myanmadagi barcha qochoqlarning Malayziyaga yopirilib kelishi xavfi tug`iladi. Shundoq ham Malayziyada 120 mingtadan ziyod rohinjalarga vaqinchalik panoh berilgan.

Rohinjalarning barchasiga boshpana berishga rozi bo`lgan yagona mamlakat – Gana. Biroq Rohinjalar uzoq Afrika mamlakatida emas, o`z vatanlarida yashashga umid qilmoqdilar.

Umidlari ro`yobga chiqarmikan?

Bu savolga, afsuski, javob yo`q. Uzoq vaqt mobaynida Myanmani harbiylar boshqarib kelgani bois rohinjalar bilan bog`liq barcha masalalar bitta yo`l bilan kuch ishlatish orqali hal etilardi.

2016 yili Myanma hukumat tepasiga oxirgi ellik yilda birinchi marotaba liberal-demokratik kuchlar keldi. Ammo xali-hanuz ikkala palaltaning deputatlarining 25 foizini harbiylar tayinlashadi. Darvoqe, hukumat tepasidagi prezidentni qo`llab quvvatlagan partiyaning rahbari Aun San Su Chji xonim 15 yil uy qamog`ida o`tirgan, 1991 yili esa Nobel mukofotini olgan. G`arb matbuoti Aun San Su Chjini demokratik qadriyatlar kurashchisi deb atashgan bo`lsa-da, uning hukumatga kelishi bilan mamlakatjda hech narsa o`zgarmadi. U, hatto, 19–28 sentyabr kunlari bo`layotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi ishida ishtirok etish Nyu-Yorkka borishni lozim topmadi. Axir BMTga borib nima ham derdi?

Xullas ko`plab savollarga javob yo`q.

Nazokat AZIM tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar