AsosiySUG'DIYONA

FARZANDINGIZ DORI IChIShNI ISTAMAYDIMI?

' FARZANDINGIZ DORI IChIShNI ISTAMAYDIMI?'ning rasmi

Uncha-buncha shamollashni «qo`y yog`i» bilan davolaydigan zamonlar o`tib ketdi. Hozirgi onalar juda ta`sirchan. Farzandining joni bir daqiqa ham qiynalmasligini, kasali tezroq tuzalishini va chopqillab yurishini istashadi. Buning yomon tomoni yo`g`-u, lekin ba`zan tezroq tuzataman deb dorilarga ruju qo`yish va ularni pala-partish bolaga berish holatlari ham uchrab turadi-da. Bu esa foydadan ko`ra ko`proq zarar keltiradi. Quyida kichkintoylarni zamonaviy dori-darmonlar bilan davolash me`yorlari haqida so`z yuritamiz.

Faqat shifokor tavsiyasi bilan!

Dorilarning ta`siri haqida yaxshi bilmay turib ularni bolaga bermang, xato qilib qo`yishingiz mumkin. Masalan, farzandingiz yo`talayapti. Siz kamroq yo`talsin deb antigistamin preparatlar ichirasiz. Ammo go`dakning bronxlarida ko`p miqdordagi shilimshiq bor va u faqat yo`tal vositasidagina ko`chadi. Siz noto`g`ri dori berib, bu shilimshiqning ko`chmay yig`ilib qolishiga imkon yaratasiz. Natijada, kasallik avj oladi. Shu sababli dorini faqat shifokor belgilashi mumkinligini unutmang.

Me`yorni unutmang!

Me`yorni oshirib yuborish juda oson. Masalan, isitmasi chiqib, a`zoi badani qaqshayotgan bolaga haroratni tushirish uchun dori berdingiz va yana og`riqni qoldirish uchun shamchalardan ham foydalandingiz. Preparatlarning yo`riqnomasida yozilgan miqdorga qat`iy amal qilgan bo`lsangiz ham, me`yorni kamida ikki barobar oshirib yuborganingizni bilasizmi? Gap shundaki, nomi turlicha bo`lgani bilan, bu dorilar bitta isitma tushiruvchi modda asosida ishlab chiqarilgan.

Ehtiyot bo`ling, zararli!

Bolaga dori belgilashda mutaxassis nafaqat uning shifobaxsh xususiyati, balki nojo`ya ta`sirlari, boshqa dorilar bilan mutanosibligini ham e`tiborga oladi. Bola gripp yoki suvchechak bilan og`riyaptimi? Uyingizda aspirindan boshqa isitma tushiruvchi vosita bo`lmasa ham, undan aslo foydalana ko`rmang. Chunki asetilsalisil kislota ta`sirida bolaning qonidagi qand miqdori keskin tushib ketishi, qon ketishi va hatto Rey sindromi kabi og`ir asoratlar yuzaga kelishi mumkin. Butunjahon Sog`liqni saqlash tashkiloti bu preparatni bolalarda qo`llashni tavsiya etmaydi. Xuddi shunday, analginni ham. Shifokorlar uni juda ilojsiz qolgan holatda faqat dimedrol bilan aralashma holida yonboshga emlash uchun ruxsat etishadi. Ammo analgin tabletkalarini kichkintoyga aslo berib bo`lmaydi.

Suspenziya, tabletka, sirop...

Dorilarning turli shakllarda tavsiya etilishi ham pediatr bilan maslahatlashishni taqozo etadi. Ayrim isitma tushiruvchi vositalar rektal shamchalar shaklida bo`ladi. Boshqalari esa sirop, kukun, shirin tabletkalar shakllarida bo`lishi mumkin. Bularning har biri turli yoshdagi bolalarga qo`llashni osonlashtirish maqsadida o`ylab topilgan. Aynan sizning farzandingiz uchun qaysi shakldagi dori vositasi to`g`ri kelishini shifokordan so`rab biling. Chunki dorining naqadar to`g`ri va tez ta`sir etishi aynan shunga bog`liq. Masalan, sirop yoki tomchilar tezroq ta`sir qiladi, ammo bu ta`sir shamchalarga qaraganda kamroq davom etadi. Shuning uchun kunduz kuni bir shakl, kecha uchun esa boshqasini tanlash kerak bo`lishi mumkin. Buni mutaxassis to`g`ri belgilaydi.

Achchiq dori bo`lsa...

Onalar bolani aldash uchun achchiq tabletkalarni shirin konfet yoki novvot choy bilan beradilar. Ko`pincha tabletkani mayda bo`laklarga bo`lishga to`g`ri keladi, chunki hamma dorilarning ham bolalar uchun mo`ljallangan miqdorini topish qiyin. Ammo bunday qilish yaramaydi. Birinchidan, tabletkani teng 3 yoki 5 bo`lakka bo`lishga har doim ham muvaffaq bo`la olmaysiz. Ikkinchidan, tabletkalarning butunligini buzish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, bolaning tishlariga yomon ta`sir qilish ehtimoli bor. Uchinchidan, dorini murabbo, shirin choy yoki konfetning ichiga joylab berganingizda, uning foydali ta`sirini sezilarli darajada yo`qqa chiqarishingiz mumkin.

Muolajaga sabab bormi?

Ko`pincha onalar farzandlariga jiddiy sabab bo`lmasa ham, dori beraverishadi. Agar bolaning harorati o`ttiz etti-o`ttiz etti yarim, ahvoli esa qoniqarli bo`lib, avvallari talvasa (sudoroga) holati kuzatilmagan bo`lsa, haroratni tushiradigan vositalar kerak emas! Tana infeksiyalar bilan faolroq kurashish uchun haroratini ko`taradi. Hech qanday asossiz haroratni tushirish orqali siz kasallikning yanada cho`zilib ketishi va asoratlar paydo bo`lish ehtimolining ortishiga yordam berasiz.

Hech qachon bolaga antibiotiklarni o`zboshimchalik bilan bermang! Ular viruslarga ta`sir ko`rsata olmaydi. Shuning uchun gripp, ORVI, qizamiq, qizilcha yoki tepkini antibiotiklar bilan o`z bilganingizcha davolay olmaysiz. Bolaning ahvolini yanada og`irlashtirasiz, xolos.

Oliy toifali shifokor-pediatr Nigora Abrorova tavsiyalari asosida Shahnoza SOATOVA tayyorladi.

Manba: «SUGDIYONA» gazetasi

Boshqa yangiliklar