Kinorejissyor Jahongir Ahmedov o`zbek kinosi va kinoijodkorlarga oid tanqidiy fikr-mulohazalari bilan bo`lishdi.
Jahongir Ahmedov o`zining "Instagram"dagi sahifasida bugun kinoda faoliyati yuritayotgan ijodkorlarning aksariyati o`zini o`ylab ijod qilayotgani va o`zlaridan boshqa ijodkorni tan olmayotganliklari haqida yozgan.
Darhaqiqat, bugun o`zbek kinosida salmoqli kinolar qo`l bilan sanarli darajada kam, shu sabab rejissyorning ushbu mulohazalarini saytimiz orqali chop etishga qaror qildik.
“Kino xaqida ko`rsatuvlar ham, eshittirishlar ham ko`p xozir. Yaqinda meni ham taklif qilishdi. Jurnalist savolni keskin qo`ydi: “Muommo nimada sizningcha? Faqat olib qochmang, borini, dilingizdagini gapiring!” Yaxshi, unda eshiting, faqat siz ham aytganlarimni kesib tashlamasdan bering efirga-dedimda gap boshladim. “Muommo hammamiz o`zimizni “DAHO” deb bilishimizda! Katta avlod ham “daho”, o`rta avlod ham “daho”, kichik avlod esa “buyuk”! Lekin Prezident film so`ragan paytda uzr so`radik, “biz hali sizga ko`rsatishga arzigulik film yarata olmadik” – deya! Ustozlar yoshlarni tan olishmaydi, yoshlar esa qandaydir alamzada, o`zlariga keragidan ortiq baho berib yuborishgan. Nima deb o`ylaysiz, "O`zbekkino"da nega bosh direktor o`zgaraveradi? Chunki biz unga ishlashga bermaymiz. Ustidan yozamiz, ostidan yozamiz, ketmagunicha qo`ymaymiz. Boshqa sohadan bo`lsa, bu kinoni tushunmaydi deymiz, kinochi bo`lsa , o`zini dunyoqarashini o`tkazyapti, qani ijod erkinligi deymiz. Nega? Chunki hammamiz eng yaxshisi deb faqat o`zimizni tan olamiz! “Eng yaxshi rahbar kim bo`lishi mumkin? Albatta men! Eng yaxshi rejisyor kim? So`zsiz men! Eng yaxshi film ham meniki! Eng yaxshi senariy? Meniki!!! Men, men, men, men!!! Shuning uchun ham “MEN” boshqa ijodkorlarni tan olmayman, to`g`rirog`i tan ololmayman! Bu - meni “MEN”imga to`g`ri kelmaydi”.
Rejissyor kino sohasida barcha musobaqaga kirishib ketganligini, ammo bundan hech kimga naf bo`lmayotganligini ham aytib o`tgan:
“Bir-birimizni pisand qilmaslik bilan, burchak-burchaklarda pichirlashish bilan nimaga erishmoqchimiz? “Kim qanday filmlar qilgan, o`zbek kinosi oldida kimning mehnati ko`proq, kimnining filmi kassabop” qabilidagi musobaqalarga kirishishdan nima naf? Bundan kim yutadi? Kinomi? Xalqmi? Yoki bizmi? Hech kim. Zero hammasiga oliy hakam VAQT o`z hukmini aytadi. Shunday ekan tanqidni ham, olqishu-maqtovlarni ham muxlislarga va kinoshunoslarga qoldiraylik. Zero, yaxshi film qilganimizni bod-bod takrorlayvermasak ham, muxlislar buni bilishadi va qadrlashadi. Yoki aksincha, yomonini o`zi yomon deydi va demoqda! Yana qolar gapni kinoshunoslarimiz aytishar. Davlat, Prezident kino sohasiga katta e`tibor va imkoniyatlar berib, ishonayotgan, xalq bizdan katta filmlar kutayotgan bir paytda, biz mayda gaplar bilan ovora bo`lib yurganimiz alamli, hatto uyatli!!!”