01.02.2014 10:39
Shaxboz Nizomiddinov: “Cog`ligim sabab san`atni tark etishga to`g`ri keldi”
«Voy, Anjanlikmisiz?..»
— Bolalikka qaytib qolishni xohlardim! Chunki, u davrlar o`ziga xos beg`uborlikka to`la bo`ladi. Bu pallada hamma vaqt go`yo qorning ochroqdek tuyuladi. Axir hamisha harakatda bo`ladi-da, odam. Oilada olti o`g`il, ikki qiz bo`lganmiz. Men uchinchi farzandman. Rahmatli otam Shahobiddin Nizomiddinov ustoz san`atkorlar Abror Hidoyatov, Karim Zokirov, Muhriddin Qoriyoqubov kabi san`atkorlar bilan birga o`qishgan. 1930 yillarda Moskvadan Toshkentga qaytganidan so`ng viloyat teatrlarida faoliyat yuritgan. Men otam Andijon tetrida ishlagan kezlari dunyoga kelganman. Shuning uchun pasportimda tug`ilgan joyi Andijon viloyati, deb yozilgan. Ko`pchilik «Voy, Anjanlik ekansiz-a?» deya taajjublanishadi. (Kulib), aslidaToshkent viloyati Qibray tumanida ulg`ayganman. Yonimizda do`kon bo`lardi, yodimda, u erda buxanka non sotilardi. Toshkent Temir yo`llarini noni, deyishardi. Mazasi o`zgacha edi, hozirgacha o`sha ta`mni qumsayman. Maktabda rus sinfida o`qiganman. Maqtanishga yo`ymang-u, o`zbek millatiga mansub bo`lsam ham rus tilida yozgan inshoimni o`qituvchimiz ko`pincha “barchaga o`rnak bo`lsin!” deb o`qib berardi. (Jilmayib) asli kimdadiraniq fanlar, yana boshqalarda ijtimoiy fanlarga bo`lgan qobiliyati yuqori bo`ladi.
Men ikkinchi toifaga kirsam kerak. Adabiyot, tarix fanlariga qiziqishim baland edi. Shuningdek, katta-katta aktyorlarimizga taqlid qilib, ulardek gapirishga harakat qilardim. She`rlar aytib, qo`shiq kuylab maktabdagi barcha tadbir, hamda turli uchrashuvlarda
muntazam qatnashardim. Maktabda mehnat o`qituvchim gitara chalardi, direktor muovini esa do`mbira. Ular doimo menga jo`r bo`lishardi, Botir Zokirovning hamma qo`shiqlarini kuylardim-da (kuladi)! Maktabda o`tadigan oddiy tadbirlar ham o`shapaytlari katta bayramga aylanib ketardi. Mashhur asarlardan parchalar ijro etardik. Menimcha, bolalarni qobiliyatini shakllantirishda ham bu kabi tadbirlarning o`rni beqiyos bo`lsa kerak.
«San`atni tanlaganim uchun domlammendan xafa bo`lgan»
— 8-sinfda o`qib yurganimda meni musiqa maktabiga olib borishgan. Musiqiy eshitish qobiliyatiga ko`ra bolalar saralab olinardi. Shunday qilib, 1960 yili o`qishga qabul qilinganman. O`sha erda besh yil tahsil olib, so`ng hozirgi Toshkent Davlat madaniyat va san`at insitutida tahsil oganman. U erda Yodgor Sa`diev, Jamshid Zokirov va Gavhar Zokirova bilan birga o`kiganman. Institutni imtiyozli diplom bilan bitirganman. Teatrga juda qiziqardim.
Ammo taqdir meni institutimiz qoshida ochilgan «Yalla» guruhiga etakladi. «O`zbekkonsert»ga ishga olishgan. Yil davomida jomadonni ko`targancha «Yalla» guruhi tarkibida gastrol safarlarida yurardik. Bilasizmi, institutdagi aktyorlik mahorati darsidan saboq bergan domlam rahmatli Tursunboy Isroilov ikki yil arazlab, men bilan gaplashmay yurgan. U kishi teatrni tashlab, musiqa san`atiga o`tib ketganimni hazm qila olmagan. Nega estradani tanlaganim boisini haligacha izohlab bera olmayman. (O`ylanib), o`sha vaqtlari guruhni hamtark etolmasdim. Chunki, tarkibni mustahkamlab, guruh nufuzini ko`tarish kerak edi. O`n yil o`sha ansamblda ishladim. Hayotda hech kim hech nimaga kafolat bera olmas ekan... Moskvada og`ir operasiyani boshdan o`tkazdim. Shundan so`ng, Toshkentga qaytib, radioga ishga kirdim. Estrada simfonik orkestrida faoliyat yuritishni boshlaganman. «Nozik», «Izhor» kabi ilk qo`shiqlarim ham aynan shu pallada yozilgan. Uyg`un, Abdulla Oripov, Erkin Voxidovning she`rlarini qo`shiq qilganman. Menimcha, yaxshi she`r tilni charxlaydi, so`zlarni to`g`ri talaffuz qilishni o`rgatadi. Har qanday ijodkorning nutqini o`stirishda ham she`rning o`rni katta.
«Zarina yutuqqa o`z iste`dodi bilan erishmoqda»
— Rafiqam — birinchi tanqidchim. U butun hayotini oilaga va farzandalarga bahshida etgan. San`atkor bo`lmasa ham, ijodni yaxshi tushunadi. Chunki, qaynotam adabiyot fani o`qituvchisi bo`lgan. Bolalikdan farzandlarida adabiyot va san`atga nisbatan mehr uyg`ota olgan. Rafiqam — haqiqiy suyanchim! Uchta farzandni birgalikda voyaga etkazdik. 1990 yillarda oilaviy ijod qilishni boshlaganmiz. Aslida bu tasodif edi. Chunki atay bu yo`nalishni tanlamagandim. Bolalarimning o`zi bunga turtki berishgan. Ularning faolligi, musiqiy qobiliyati e`tiborimni torgan, iste`dodi borligini payqaganman. Ayniqsa, katta qizimda bu yaqqol sezilgan va uchchovini ham san`atga olib kirganman. Bolalarimning ilk qo`shiqlari so`zlari hamda musiqasini o`zim yozganman. O`g`lim Shohruxning «Hoy bola, qo`lingni uzatma, bizning mahalla qizlarini kuzatma» qo`shig`i yodimda. (Kulib), bu qo`shiq o`sha paytlari juda mashhur bo`lgandi. Nazarimda, ularga ijod ijobiy ta`sir ko`rsatgan. Katta qizim va o`g`lim garchi san`at yo`lidan ketmagan bo`lsa ham, omma oldida o`zlarini erkin tutishga, muomala qilishga, tuyg`ularini ochiq ifodalashga o`rganishdi. Kichik qizim Zarina esa kinoda qator rollarni ijro etayapti. Sekin-asta mahorati oshib bormoqda, deyishim mumkin. Konstitutsiyamizning yigirma bir yilligi bayrami munosabati bilan «O`zbekiston belgisi» ko`krak nishonini qo`lga kiritdi. Shuningdek, uning ishtirokidagi filmlar bir qancha xalqaro tanlovlarda munosib o`rinlarni qo`lga kiritdi. Ota sifatida Zarinaning yutuqlaridan quvonaman, albatta!
Menimcha, qizim yurtimizning san`ati rivojiga kichik bo`lsa ham o`z hissasini qo`shib kelmoqda. El-yurtni ko`nglini olish, xalq mexrini qozonish qiyin. Har xil gap-so`zlar bo`lishi mumkin, biroq ishonch bilan aytaman, bariga Zarina o`z harakati va mehnati bilan erishmoqda! Tez orada uning qo`shiqchilikdagi mahoratiga ham baho berish mumkin bo`ladi. Chunki u bir qancha qo`shiqlar yozgan va ularga klip olishni ham rejalashtirmoqda. San`at maydoni — haqiqiy mardi-maydon. Bu erda hech qanday tanish bilishchilik o`tmaydi. Faqat kuchlilargina bu «qozon»da qaynashi mumkin!
Hozirda etti nabiraning buvisiman. Katta qizimda uchta qiz, bita o`g`il, Shohruxda ikkita,
Zarinada esa bitta o`g`il. Ularning orasida Zarinaning o`g`lida san`atga bo`lgan qobiliyatni payqaganman. Chunki, bolalarimning bolaligi bilan solishtirganimda, nabiramda ham xuddi o`sha jo`shqin kayfiyat, iste`dod ko`rinadi. Oilamizda hech qachon kimningdir fikriga bosim o`tkazilmagan. Agar nabiram san`at sohasini tanlasa albatta qo`llab-quvvatlayman.
«Shunchaki qo`shiq kuylamayman!»
— Qo`shiqlarimning har biri men uchun qadrli! Ularni sira ajratmaganman. Umuman qo`shiqni shunchaki yozmayman. Bilasizmi, bu san`atda avvalo she`r muhim, deb o`ylayman.
Ba`zan musiqa ustiga so`z to`qish orqali qo`shiq yaraladi. Balki eskicha uslubda ishlarman. Ammo birinchi navbatda she`r tanlab, so`ng unga kuy bastalayman. Agar haqiqiy ijodkor bo`lsa, she`r bilan musiqani mujassamlashtira oladi. Lekin buning o`zi kamlik qiladi. Qo`shiqqa jon kiritish uchun ijodkor uni yurakdan kuylashi kerak. Chetdan qaraganda, eng oson jarayon — tayyor qo`shiqni kuylash hisoblanadi. Ammo bu o`ziga yarasha ancha murakkab.
Hozir nafaqadaman. Yangi uyga ko`chdik, uni jihozlash masalalari bilan bandman. (Kulib), ijodimga kelsak, hali ham tadbirlarga chaqirib turishadi, eski qo`shiqlarimni so`rashadi. Kezikelganda birgalikda ijro etishadi. Ana shunday muxlislar bor ekan — biz ham bormiz! Ijod qilamiz! Hech qaerga ketmaganman va ketmayman ham. Insonlarning mehr-muhabbati esa bizni yana izlanishga undaydi. «Meni eshitinglar, men kuylayapman!» deb ijod qilishni o`zimga ep bilmayman. Muxlislarning san`atingizga bo`lgan samimiy va iliq fikrigina ilhomlantirishi mumkin. Har holda menda shunday. San`atimga qiziqish bor ekan, ijod qilaman. Hozirda eski qo`shiqlarimga yangicha sayqal berib, taqdim etish ustida ishlayapman. Avval kuylagan vaqtimda yosh bo`lganim uchun qaysidir so`zlarini yurakdan his eta olmagandirman. Ana shu kabi kamchiliklarni to`ldirish va yangi qo`shiqlarni yaratishni istayman!
Hadiya ABDULLAEVA suhbatlashdi