AsosiySUG'DIYONA

«TUHMAT BALOSIGA QOLIB...»

'«TUHMAT BALOSIGA QOLIB...»'ning rasmi

— Yoshim o`ttiz uchda. Oila qurganimizga sakkiz yil to`ldi. Uch nafar farzandimiz bor. Qaynota-qaynonamdan alohida yashaymiz. Turmush o`rtog`im bir kuni qo`ng`iroq qilib, «Bugun uyga borolmayman, qo`rqsalaring, qo`shning bolalaridan birortasini chaqirarsan» dedi. Qo`shnimizning yigirma yoshli o`g`li chiqqan edi, choy ichib, televizor ko`rib turgandik, xo`jayinim keldi. «Mana, sen xiyonatchini tutib oldim», deb uydan jahl bilan chiqib ketdilar. Qaynotam «Bunaqa xotin bilan ajrash. Senga onasi o`pmagan qiz olib beraman», deb o`g`ilini uylantirish payiga tushgan. O`zimni qanday oqlashni bilmay boshim qotgan. Maslahat bering, oilamni qanday asrab qolay?..

Filologiya fanlari nomzodi, jurnalist Muhiba HAMIDOVA maslahat beradi.

— Yoshi qirqqa etib qolgan, uch bolasini xor qilib qo`ygan kishiga kim ham qizini berardi, ona qizim, xotirjam bo`ling. Ba`zi bir erkaklar xotinini azbaroyi yaxshi ko`rganidan mana shunday yo`llar bilan imtihon qilib turishadi. Xo`jayiningiz sizni bir sinovdan o`tkazmoqchi bo`lgan, shekilli. Bolalaringiz atrofingizda bo`lsa, bu qanday noma`qul gap bo`ldi.

Sizga maslahatimiz, turmush o`rtog`ingiz bilan o`tirib, masalani oydinlashtirib oling. Balki u kishini qiynayotgan ba`zi bir shubha gumonlar bo`lishi mumkin. U kishining ko`nglidan g`uborlarni chiqarishiga yordam bering. O`rinsiz rashk odamni adoyi tamom qiladi. Er-xotin ochiqchasiga gaplashib, tushunmovchilik oqibatida yuzaga kelgan noxushlik, xafagarchilik uchun bir-biringizni kechiringlar. Bolalar oldida bu juda uyatli holat. Qo`ni-qo`shni oldida ham yaxshi gap bo`lmabdi. Odatda uch bolaning ota-onasi hayot sinovlaridan o`tib bo`lgan, bir-birining fe`l-atvorini bilgan va qadrlaydigan sadoqatli jufti halol bo`ladi. Gap qaynotagacha borgan ekan, u kishining huzuriga birga borib vaziyatni tushuntiringlar. Keksaygan odamlar oilani barbod bo`lishdan saqlashga harakat qilishadi. Ular bolalarning uvoli tutishidan qo`rqishadi. Asossiz gaplarga ishonishmaydi ham. Sizlarga o`zaro ishonch, oilaviy totuvlik, farzandlar kamolotini tilab qolamiz.

Manba: «SUGDIYONA» gazetasi.

Boshqa yangiliklar