Kartoshkali garnir uchun
Tozalangan kartoshkalarni 10-15 daqiqaga tuzli issiq suvga soling. So`ng sochiq ustiga yoyib quriting-da, yog`da qovuring. Bunday jarayondan so`ng kartoshkaning mazasi xushta`m, o`zi qarsillagan bo`ladi.
Baliq go`shti
Baliqni qovurishdan avval yarim-bir soatlarga limon, tuxum va tuz solingan aralashmaga solib qo`ysangiz, go`shti yanada yumshoq va mazali bo`ladi.
Keks xamiri
Pishirayotgan keksingiz chiroyli sarg`ish rangda chiqishi uchun tuxum sarig`iga ozgina tuz solib, muzlatgichga qo`ying. Bu ishni pishiriq tayyorlashdan 1 soat oldin qilish kerak.
Pirogga mayiz solsangiz...
Pishiriq xamiriga mayiz qo`shsangiz, uni avval issiq suvga botiring yoki un bilan aralashtirib, so`ng xamirga qo`shing. Shunda mayizlar pishiriq tagiga cho`kib qolmaydi.
Tuxum o`rniga…
Pishiriq ustiga surtish uchun tuxum qolmagan bo`lsa, bu ishni qatiq yoki oddiy suv bilan ham bajarish mumkin. Qatiq yoki suvni pishiriq ustiga surtilganda pishgach, tuxum kabi qizg`ish rang beradi.Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.






