U sahnaga ortiqcha yasan-tusanlarsiz, odmigina pardoz qilib, taqinchoqlarning ham soddaginalaridan taqib chiqadi. Na raqqosalar bor, na yaltir-yultur tomosha. Muxlislari uning lirik soprano deb atalguvchi, o`zining aytishicha, 2,1 oktavadan oshmaydigan ovozini tinglash bilangina bahra oladilar.
Biz seni sevamiz!
2007 yili 24 yoshida iqtidorli qo`shiqchi Gregori Lemarshal tug`ma kasalligi tufayli vafot etadi. U bilan duet kuylagan Lara Fabian yosh do`stining bevaqt o`limidan keyin sahnaga chiqadi-yu, kuylolmaydi... Shunda zalda to`plangan olti ming kishi o`rnidan turib, qo`shiq kuylaydi. Xonandaning «Je t'aime» (Men seni sevaman) qo`shig`idagi so`zlarni o`zgartirib, «On t'aime» (Biz seni sevamiz) deb ijro etishadi. Lara Fabian esa ko`zlarida yosh bilan qo`shiqni davom ettiradi.
Millionlab muxlislarga ega bu zamondoshimiz kim?
Lara Fabian (asl ismi – Lara Krokart) 1970 yilning 9 yanvarida Belgiyaning Etterbike shahrida dunyoga keldi. Onasi sisiliyalik, otasi belgiyalik bo`lgani bois tili uch tilda chiqdi – u italyancha, inlizcha, fransuzchada bemalol gapiridi, hatto o`ylaydi ham.
Lara kim bo`lsam ekan, deb boshini qotirmagan baxtli odamlardan biri: yoshligidan musiqani yoqtirar, besh yoshidan qo`shiq kuylab, o`zi o`ylab topgan taronalarni hirgoyi qilgan bo`lsa, sakkiz yoshida unga pianino olib berishadi. Shundan so`ng musiqa va raqs bilan jiddiy shug`ullana boshladi, sal kattaroq bo`lganida esa Bryusseldagi Qirollik akademiyasida vokal yo`nalishida ta`lim oldi.
Ilk qadamlar
Lara o`n to`rt yoshidan otasining gitarasi sadolari jo`rligida Bryusseldagi klublarda chiqa boshladi. Evropada o`tkaziladigan musiqiy tanlovlarda ishtirok etib, ularning aksariyatida yutuqli o`rinlarni qo`lga kiritishga muvaffaq bo`ldi. bunday tajribaga ega bo`lgan yosh Lara yangi iqtidorlarni kashf etishga qaratilgan musiqiy tanlovda ham qatnashadi. Uning iqtidori hakamlarni shunchalik lol qoldiradiki, ular tanlovning uch mukofotini ham unga berishga qaror qiladilar. Bosh mukofot esa – plastinka yozish edi. Shunday qilib, Lara 17 yoshida birinchi plastinkasini chiqaradi. Plastinka Evropaning o`zida 600 ming nusxada sotiladi. Bir yil o`tib Evrovidenieda ishtirok etib, to`rtinchi o`rinni qo`lga kiritadi. Bu uning xalqaro miqyosda tanilishining boshlanishi edi xolos.
Ummonlar osha
1990 yili Fabinning ko`ngli ijod erkinligini tusab, Kanadaga ko`chib ketadi. Sababi esa – unga qadim Evropada aql o`rgatadigan, yo`l ko`rsatadiganlarning ko`payib ketgani edi. Yangi muhit, yangi odamlar unga haqiqatan ilhom bag`ishlaydi. Lara musiqa yozishga kirishib, deyarli barcha qo`shiqlarini o`zi yaratadi. Mehnatlari zoe ketmaydi, uning ovozi avval Kanadani keyin Fransiya, Shveysariya va Evropaning boshqa mammalakatlarini maftun etadi. 1996 yili Fransiyada unga «Yil kashfiyoti» unvoni beriladi, uni nafaqat fransuz tilida gaplashuvchi davlatlarda, balki AQSh va Xitoyda ham sevib tinglashadi.
2000 yilning yoz oylarida u katta ijodiy safar uyushtirib, Fransiya, Shveysariya, Germaniya va Belgiyada konsertlar o`tkazadi. Keyingi yillarda esa Moskva va Gaitida xuddi shunday katta chiqishlar qiladi.
15 yillik ijodiy faoliyati davomida uning albomlari o`n milliondan ko`p nusxada butun dunyo bo`ylab tarqaldi. Lara esa o`zini sira ham yulduz sanamaydi, u o`zini kuylashni eplaydigan shoira, deb atashni xush ko`radi.
«Mademuazel Jivago»
Xonanda sahnada ham, ekranda ham xunuk ko`rinishdan qo`rqmaydi, tuflisiz, boshqa qo`shiqchilar singari ulkan orkestrlaru ortidan turib unga jo`r bo`lib turadigan qo`shiqchilarsiz ham sahnani zabt eta biladi. Rossiyalik ijodkorlar tomonidan yaratilgan «Mademuazel Jivago» filmida esa u konslager mahbusi rolini ijro etadi va uni 20 yoshga qaritib grim qilishlariga rozi bo`ladi. Qizig`i, bir paytlar Laraning onasi Boris Pasternak asari asosidagi «Doktor Jivago» filmini tomosha qilib, ta`sirlanganidan qiziga bosh qahramon Larisaning qisqartirilgani – Lara ismini bergan ekan.
Bu haqda Laraning o`zi shunday deydi: «Agar filmda hamma biladigan Lara Fabian chiqqanida qiziq bo`lmasdi. Nazarimda, muhimi – tavakkal qilib, odam o`zining yangi qirralarini kashf eta bilishidadir». U odamlarga yorliq yopishtirishlarini ham, to`siqlar qo`yilishini ham suymaydiganlardan.
Muhabbatning bukurlari
1996 yili Laraning yuragini mashxur «Notre-Dame de Paris» myuziklida «bukri» rolini ijro etgan Patrikom Fiori zabt etadi. Bu paytda Fabianning o`zi ham Esmeralda rolini ijro etgan faqat myuziklda emas, Disney multfilmida ovoz bergandi. «Men uni o`zimdan ham ortiq sevardim» deb xotirlaydi qahramonimiz Patrik Fiorini. Yosh, xushsurat, o`tkirnigohli aktyor haqiqatan uning hayoti mazmuniga aylangandi. «Yaxshi dars bo`ldi menga! Mening muhabbatimga muhabbat bilan javob bermagan erkakni uchratganimdan baxtiyorman!» Axir Patrik kimsan Lara Fabianni o`ziga loyiq ko`rmagandi-da! Qanday qilib? Qanday haddi sig`ibdi? Vaholanki, Patrik sevish nimaligini hali anglab etmagan oddiy odam edi xolos. Haqqiy muhabbat esa – chuqur, azob-uqubatlarni yorib chiqqan va chegara bilmaydigan tuyg`udir. Xullas, munosabatlar ikkisini ham bo`g`a boshladi. Lara sevgining tasdig`i sifatida vafodorlikni talab etsa, Patrik yori bag`rikeng va kechirimli bo`lishini istardi. Biroq har yomonning bir yaxshisi bo`lgani kabi, Lara kuchli kechinmalari ta`sirida ikkita yangi albom yaratdi. «Bir tomondan, muhabbat bizga tepadan berilishi aniq, ikkinchi tomondan bu bizning tanlovimiz. Odamlar taqdir taqazosi bilan bir-birlari bilan uchrashadilar. Ammo munosabatlarning qay yo`sindan kechishi, uning baxtli yoki baxtsiz bo`lishi o`zimizga bog`liq» deydi xonanda. «Yoshligimda aytgan qo`shiqlarimni tinglasam, shijoatim va g`ayratimdan hayratga tushaman. Bir nechta oktavani olib, tomoshabinlarga izmimdagi eng baland va eng past notalarni namoyish etardim. Munosabatlarda ham xuddi shunday qilibman. Ortiqcha urinib yuboribman! Shundan so`ng sahnada ham erkaklar bilan munosabatlarda ham butkul o`zgardim.» Natijada u o`sdi! O`zini boricha qabul qilib, boshqa ijrochilarga taqlid qilishdan butkul voz kechib, o`z tuyg`ulari, o`z kechinmalariga ishonib, kuylay boshladi. Endi uning ovozi hotirjam va vazmin, shu bilan birga shiddatli va ta`sirli jaranglay boshladi.
«O`shanda men kim haq, kim nohaq degan gaplarning bari puch ekanini, muhimi – ayni munosabatlar ikkimizni biz orzu qilgan bir nuqtaga olib kelishi kerakligini angladim». Shundan so`ng uning atrofida umuman o`zgacha odamlar paydo bo`la boshladi. U mashxur prodyuser, rejissyor va bastakor Jerar Pulichchino bilan tanishdi. «biz bir-birimizga qaradik-u, birga bo`lishimiz kerakligini angladik. Bizni birlashtiruvchi tomonlar ko`p edi – oilaga munosabatimiz, e`tiqodimiz, fikrlashimiz bir xil».
2007 yilning 20 noyabrida esa Lara Fabianning hayotida quvonchli voqea sodir bo`ladi – xonanda qiz farzandni dunyoga keltiradi. Qizaloqqa Lu deb, Laraning onasining ismini berishdi.
Ochiq va samimiyligi bilan muxlislarining ko`nglida muhabbat uyg`ota olgan Lara Fabian qirqdan oshib ham millionlab insonlar qalbini zabt etishni davom etmoqda...
Nazokat ABDUQUNDUZOVA
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






