Nargiza, 18 yosh, Navoiy viloyati:
— Tumanimizda bizning oilaga hammaning havasi keladi. Onamning aytishicha, bizga o`xshagan o`ziga to`q, tinch yashaydigan, farzandlari tarbiyali oilalarga quda bo`lsam deydiganlar ko`p bo`larkan. Oilada to`ng`ich farzandman. Ota-onam “Bosh farzandimizsan, ukang va singlingga namuna bo`lishing kerak” deb ta`kidlagani uchun maktabda yaxshi o`qishga harakat qildim. A`lo baholarga bitirib, tumanimizda joylashgan kollejga o`qishga kirdim. Kollejning birinchi bosqichidaligimdan uyimizga sovchilar kelishni boshladi. Otam hali yosh deb, ularni qaytaradi. Lekin yaqinda o`n sakkizga kirishim bilan to`y taraddudiga tushib qolishdi. Men esa hali kollejning uchinchi bosqichida o`qiyman. Kollejdagi kursdoshimni yoqtirib qolganman. U bilan universitetda birga o`qishni, tanlagan sohamizning eng yaxshi mutaxassislari bo`lishni orzu qilamiz. Uyimizga bir oy avval qo`shni tumanda yashovchi tadbirkorlar oilasidan sovchi keldi. Ularning badavlatligi ota-onamga yoqib tushdi. Yigit mendan sakkiz yosh katta ekan. Kollejda birga o`qiydigan dugonam ular bilan bir ko`chada turadi, undan bu oila haqida so`raganimda: “Bu yigitdan hamma qo`rqadi, juda jahldor. Ikki yil avval bir qizni aldab, nomusiga tekkan degan mish-mishlarni eshitganman”, dedi. Bu gaplarni uyimdagilarga aytsam, ko`chadagilar gapiraveradi, deb quloq solishmadi. O`z jonimga qasd qilishni ham o`ylab yurganimda, buvimning nasihatlarini eshitib, qanday og`ir gunohga qo`l urmoqchi bo`lganimni tushunib, fikrimdan qaytdim. Lekin orzularimdan voz kechgim kelmayapti... Ota-onamning orzulariga ham oyoq qo`yishni istamayapman... Menga maslahat bering!
Maslahat: — Sevgining ko`zi ko`r bo`ladi. Sevgan inson yorining aybini ko`rmay sevadi. Ishq bobida romantik, e`tiborli inson ro`zg`orning baland-pastiga uquvsiz bo`lishi mumkin. “Nima qilay?” deb maslahat so`rashingizdan ko`rinib turibdiki, sevgan insoningiz bilan baxtli bo`lishingizga gumoningiz bor. Agar bunday bo`lmaganida hech kimdan so`rab o`tirmagan bo`lardingiz. Odamlarning gapiga kelsak, ko`chadagi mish-mishlarga hech qachon e`tibor bermang. Ota-onangizga, yaqinlaringizga ishoning. Ular sizga faqatgina yaxshilikni ravo ko`rishadi. Sizga sovchi qo`ygan yigit bilan ko`rishing, “Mehr ko`zda” deyishadi, balki u sizga yoqib qolar. Ota-onangizni so`zidan chiqmang, zero “Ota-ona rozi — Xudo rozi” deb bejiz aytishmagan.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.






