AIDA YuNUSOVA: “QAT`IYaTSIZLIGIM KO`P PAND BERGAN”

Madaniyat 26.10.2017, 16:06
AIDA YuNUSOVA: “QAT`IYaTSIZLIGIM KO`P PAND BERGAN”

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Aida Yunusova o`ziga nisbatan tanqidiy ko`z bilan qaraydigan ijodkor, tortinchoq va yumshoq tabiatli ayol. O`zbek kino durdonalari — “Chinor ostidagi duel”, “Olovli yo`llar”, “To`ylar muborak”, “Ajoyib xayolparast filmlarida turli obrazlar yaratgan aktrisaning tobi yo`qligi haqida eshitib, xonadoniga yo`l oldik. Tomoshabinni sog`intirgan va o`zi ham shirin diydorni kutayotgan qahramonimiz hayoti va undagi bekatlar haqida so`zlab berdi...

“AYTGANIM — AYTGAN, DEGANIM —DEGAN”

— 1948 yil Marg`ilonda, ziyoli oilada tug`ilganman. Dadam — huquqshunos, onam — texnikumda o`qituvchi edilar. Inson xarakteri oilada shakllanadi, deb bekorga aytishmas ekan. Kichikligimdan onam “Qiz bola degan nozik, muloyim va kamgap bo`ladi”, deb o`rgatganlar. Bu gaplarni deyarli har kuni, qayta-qayta eshitardim. Ularning ta`sirida mendagi uyatchanlik, yumshoqlik va qa`tiyatsizlik paydo bo`lgan, desam adashmayman. Ikki opamdan keyin tug`ilgan, oilaning eng kenja va erka qizi edim. Mening aytganim — aytgan, deganim — degan edi. Balki shuning uchun ham san`at yo`lini tanlaganimda qarshilik bildirishmagandir. Bugun Marg`ilonni qanchalik sog`inganimni, hovlimizni, maktabimiz xonalarini qo`msashimni, yugurib yurgan ko`chalardan yana qayta-qayta yurishni qanchalik istayotganimni so`z bilan tushuntirib berolmasam kerak. Bolalik poshsholik, deganlaridek, eng baxtli davrim edi o`sha yillar.

“FARMASEVT DEB, AKTRISA BO`LGANMAN...”

— Esimni tanibmanki, dugonalarim bilan turli aktyorlarning suratlarini to`plardik.. Ularning rollarini ko`rib, ular ta`sirida shu sohaga kelib qolganman, deb o`ylayman. Oilamizda san`atkorlar bo`lmasada, san`at biz uchun juda qadrli edi. Ayniqsa, dadam ikkimiz viloyatimizga kelgan birorta teatr truppasining spektakllarini o`tkazib yubormaganmiz. Lekin Aida aktrisa bo`ladi, degan habar ko`pchilikni chindan hayron qoldirgan.

Marg`ilondan Toshkentga yo`l olar ekanman, yaqinlarimning opalarim kabi farmasevt bo`lishimga ishonchi komil edi. Lekin men poytaxtga kelib o`zimning bolalikdagi orzuimni amalga oshirishga qaror qilganman. Hozirgi O`zbekiston san`at va madaniyat institutiga hujjat topshirdim va birinchi urunishning o`zidayoq talaba bo`lish baxtiga muyassar bo`lganman. Lekin tan olishim kerak, imtihon oson kechmadi. Sababi maktabda rus tilida savod chiqarganman, bu erda o`zbek tilida gapirishga to`g`ri kelgan. Ustozlarim iqtidorimni ko`rib, mendagi mavjud kamchiliklarga ko`z yumgan holda talabalar safiga qo`shishgan. Keyingi eng qiyin masala bu xabarni onamga etkazish edi. Chunki aytganimdek uydagilarning men bilan bog`liq orzulari butkul boshqa bo`lgan. Telefon orqali yangilikni aytganimda, onam bir og`iz gapirmay go`shakni qo`yib qo`yganlar. Ammo qaysi ona o`z bolasidan uzoq xafa bo`ladi, deysiz. Bir-ikki oylik arazdan so`ng yana gaplashib ketganmiz. Filmlardagi rollarimni ko`rgach esa kasbimni qabul qildilar. Turli davralarda men haqimda faxr bilan gapirganlari haligacha esimda...

“HAYoTIMDAGI JUDOLIKLAR...”

— 16 yoshimda hayotimdagi birinchi ayriliqqa duch keldim. Infarkt tufayli otamdan ayrilganmiz. Dadamning erka qizi bo`la turib bu kunlarni boshdan o`tkazish, ular yonimda emasliklarini bilib yashash og`ir bo`lgan...

Men uchun hayotimdagi ideal ayol, bu — onam. Volidamni ham kun kelib yo`qotib qo`yishimni tasavvur ham qilolmasdim. Ularning betob bo`lib qolishlari men uchun fojia edi (ko`ziga yoshga to`lib). Hayotining so`nggi onlarigacha yonlarida o`tirganman. O`lim haq, Olloh buyurganda, biz bandalar ojizlik qilamiz. 30 yoshga to`lganimda, onam ham yurak xurujidan vafot etdilar. Xastalanib yotganlari bugun ham ko`z o`ngimdan qalqib o`tadi. Yuragim eziladi... Ilohim, joylari jannatdan bo`lsin!

“HAMON ORZUIMDAGI ROLNI KUTYaPMAN”

— Institutga qanday osonlik bilan kirgan bo`lsam, ilk rolimni ham tasodif tufayli ijro etganman. Ikkinchi kurs talabasi edim. “O`zbekfilm”, “Yoz yomg`iri” kinokartinasiga kasting uyushtirgan va meni tanlashgan. Qahramonim Matlubaning xarakteri shu qadar menikiga o`xshash edi-ki, ijodimdagi hech bir rol uning o`rnini bosolmadi. Bilmadim, balki birinchi ishim bo`lgani uchunmi, Matluba obrazini, bugungacha eng sevimli rolim, deb tilga olaman.

Ijodimdagi yorqin filmlardan biri “Ajoyib xayolparast” haqida ham alohida gapirib o`tmoqchiman. Bu filmga kusdoshim O`zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov ikkimizni kinosinovsiz qabul qilishgan. O`sha paytlarda men “O`zbekfilm”da, aktyorlar studiyasida faoliyat yuritardim. Filmdagi obrazim qiyinchilik tug`dirmagan. Chunki uning xarakteri, hayoti menikaga yaqin edi. Film namoyishidan keyin ko`cha-ko`yda meni ko`rib qolganlar “Quyonlar ko`payishib qoldimi?” deb so`raydigan bo`lishdi. Hamon bu filmni yaxshi ko`rib eslashlaridan xursandman. Hozir o`ylab qarasam, qahramonim Tamilla bugungi kun ayollariga sabr-qanoatni, boriga shukr qilib yashash kerakligini o`rgatadi. “Ajoyib xayolparast”30 yillik ijodiy tanaffusga chiqishdan oldingi, ijro etgan eng so`nggi rolim bo`lgan.

Aslida hamma rollarimda bir-biriga o`xshashlik seziladi. Chunki rejissyorlarning aksariyati hayotdagi xarakterimni bilib, menga shunday rollarni topshirishardi. Tan olaman, bu juda zerikarli jarayon. Chunki ijodkor sifatida, hayotdagi Aidaga qarama-qarshi fe`lli ayolni gavdalantirishni istardim. Ammo bu hozircha, orzuligicha qolmoqda...

“HAYoT YO`LLARI AYRO TUShGANDA”

— Institutda o`qib yurgan paytlarim turmush o`rtog`im bilan tanishib, oila qurganmiz. Bu qarorimizga yaqinlarimiz ham qo`llashgan. Yillar davomida uch farzandli bo`ldik. Ammo taqdir ekan o`n uch yildan keyin yo`llarimiz ayro tushgan. Yillar o`tib, ikkinchi bora turmushga chiqdim. Baxtimdanmi yoki omadimmi bilmayman, biroq ikkinchi turmush o`rtog`imni farzandlarim qabul qilishdi. Ularning munosabatida o`gaylikni sezmaganman. Yillar davomida yana ikki o`g`ilning ota-onasi bo`ldik. Shundan keyin men o`zimni faqat oilamga bag`ishlaganman.

Birinchi oilamdan bo`lgan farzandlarimga sira otasi haqida yomon gapirmaganman, shuning uchunmi ular hanuz otasining holidan xabar olib turishadi.

30 YILGA ChO`ZILGAN TANAFFUS

— Ishdan voz kegach, 30 yil davomida uyda bo`ldim. San`atning nonini egan inson undan voz kecholmaydi, deyishardi. Haqiqat ekan. Ishonasizmi, bolalarimning tashvishi bilan yursam ham, bir kunda bir bor ishimni o`ylab qo`yardim. Televizorda hamkasblarimning rollarini ko`rib qolsam, havas bilan termulib o`tirganlarimni haligacha eslayman. Ishonasizmi, kunda, kunaro, tushlarimda tasvirga olish maydonchasiga borib kelardim (kuladi). Shunday sog`inch bilan 2016 yili qoraqalpog`istonlik kino ijodkorlar bilan hamkorlikda tasvirga olingan film orqali surtaga olish maydoniga qaytdim.

“ETARLIChA MEHR BERA OLMADIM”

— Bugun yoshim katta bo`lib, yashab o`tgan umrim, undagi qadamlar, qaror va xulosalarim haqida ko`p o`ylanaman. O`qish va ijod bilan bo`lib uch katta farzandimga etarlicha mehr berolmaganman. Ayol uchun ishdan ko`ra muhim bo`lgan shaxsiy hayotimga va bolalarimga vaqtim etmaganidan bugun afsuslanishdan foyda yo`qligini his etish biroz og`ir. Endi nevaralarimga e`tiborliroq bo`lishga harakat qilyapman. Buni qaysidir ma`noda vaqtida qilgan aybimni yuvish istagi, desa bo`ladi...

“BOLALARIMGA “KO`NGILChAN BO`LMA” DEYMAN”

— Yoshim ulg`aygani sari xarakterimdagi qa`tiyatsizlikdan ko`p pand eganman. Hatto, uning ta`siri bolalarim tarbiyasida ham qiyinchilik tug`dirgan. Bolalarga “ko`ngilchan bo`lma” deb o`rgatish kerakligini o`z tarjibamdan tushunib etganman. Shuni bilgan holda farzandlarim va nabiralarimning shu jihatlariga e`tibor beraman. Xatolarimni ular qaytarmasligi kerak. Ammo ming harakat qilmang, qon tortar ekan.Sumayya ismli nabiramda o`zimni ko`raman. Ko`ngli bo`sh, juda yumshoq tabiat qiz.

OG`IR XASTALIK...

— Ayol kishining joni qirqta bo`ladi, deyishadi. Hayotiy tajribamdan bildimki, bu jonlar faqat kuchli va irodali erkakning qo`llab-quvvatlashi bilan asralar ekan. Umr yo`ldoshimning vafotidan so`ng, oilaning barcha tashvishi o`zimgaqoldi. 4 yil o`tar-o`tmay esa insult bo`lib qoldim. Bugun mana ko`rib turganingizdek, chap tomonim ishlamayapti. Doim harakatda, yugurib yurgan inson bir joyga mixlanib qolishini tasavvur qilish qiyin. Bolalarimga rahmat, ko`nglimni olib, aylantirib kelishadi. Ammo harakatsiz qolganim uchun o`zimdan o`tganini o`zim bilaman. Yaqin kunlarda bir muolajaga tayyorlanyapman. O`shandan so`ng oyoqqa turib ketsam kerak degan umidim bor. Nasib qilsa, hali rollarim bilan tomoshabinlarni xursand etishni istayman.

“MEN BAXTLIMAN!”

— Hayot hech qachon bir tekis bo`lmaydi. Uning o`nqir-cho`nqirlaridan o`tish har birimizning peshonamizga yozilgan. Bugun men ham ortga nazar tashlab, bir qancha sinovlarni boshdan o`tkazganimga guvoh bo`laman. Shunga qaramay o`zimni baxtli ayol deb his etishim esa quvonchli. Besh farzandim, o`n nabiram va bir evaramning qurshovida yana uzoq yillar baxtni tuyib yashashni niyat qilaman...

****

Ota-onam, biz farzandlariga ism qo`yishda albatta, ensiklopediyani ko`zdan kechirishgan ekan. Ismning ma`nosi ular uchun muhim bo`lgan. Masalan, o`rtancha opamga adolat ma`budiga havas qilib Femida deya ism berishgan.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1