Ushbu dekorativ xona gulining vatani tropik Amerika o`rmonlardir. U ko`p yillik o`simlik bo`lib, 30 dan ortiq turlari mavjud. Tradeskansiya yilning istalgan faslida gullashi bilan ham jozibali sanaladi.
1. Joy
Bu gul uchun istalgan joy qulay, chunki u to`g`ridan to`g`ri tushuvchi quyosh nurlarida ham, yarim soya joylarda ham o`saveradi. Barglari yorqin turlariga esa ko`proq quyosh nurlari kerak bo`ladi.
2. Harorat
Yilning issiq mavsumida, +18 — +25 daraja,sovuq mavsumda esa +8— +12 darajada o`zini yaxshi his qiladi.
3. Sug`orish
Bahor va yoz oylarida tradeskansiyaga doim suv quyib turish kerak. Iloji bo`lsa, tuvakdagi tuproqning ustki qismi qurib qolmasin. Ammo ko`lmak hosil bo`lishi ham kerak emas. Agar shunday bo`lsa tuvakni egib suvni to`kib yuboring. Kuz va qish oylarida kam-kamdan sug`orib borish tavsiya etiladi. Bu o`simlikka har kuni suv purkab turilishigiz shartmas. Kun juda isib ketsagina purkagichli idishda suv sepib turing. Albatta tindirilgan suvdan foydalaning.
4. O`g`itlash
Gulning faol o`sish davrida har ikki haftada o`g`itlab boring.
5. Ko`chirib o`tkazish
Faqatgina bahor oyida ko`chirib o`tkazish lozim. Chunki bu faslda gul tezda o`zini tiklab oladi. Yosh gullarni xar yili, 3-4 yillik gularni esa har 2-3 yilda bir marta ko`chirib o`tkazish mumkin.
6. Kasalliklar
Namlik etishmasligi natijasida gul shoxlari xurpayib qoladi, barg uchlari esa qurib, sariq dog`lar paydo bo`la boshlaydi. Yorug`lik etishmasligi natijasida esa gul barglari o`z rangini yo`qotib, to`q yashil tusga kira boshlaydi. Tradeskansiya havoni yaxshi tozalaydi va namlantiradi. U turgan xonadagi elektromagnit nurlar insonga ta`sir o`tkazmaydi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi