AsosiySUG'DIYONA

MILLA YOVOVICh: BEZORILIKDAN BEOZORLIKKAChA

'MILLA YOVOVICh: BEZORILIKDAN BEOZORLIKKAChA 'ning rasmi

Olov bor, suv, tuproq va havo bor. Yana shularning barini o`zida jamlagan Milla Yovovich ham bor. Uning latofati Richard Link, Spayk Li, Lyuk Besson kabi rejissyorlar e`tiborini tortgan. Hatto Besson uni ekranda Janna D’Arkka, hayotda esa madam Bessonga aylantirdi. Ammo shunday yuksak maqomda ham u Parijni oyoqyalang sayr qilishni qo`ymasdi. Ha, shunday ajoyib, g`ayrioddiy va go`zaldir bu Milla.

Bolalik: Ukrainadan Amerikagacha

Nozik, ehtirosli va himoyasiz – haqiqiy fransuz ayoli. Millani ilk bor ko`rganlar shunday xayolga borishardi. Ammo bu samimiylik, jo`shqinlik va nafosat uyg`unligi Kievda – yugoslaviyalik shifokor va rossiyalik mashhur aktrisa oilasida dunyoga kelgandi. Bu voqea 1975 yilning 19 dekabrida sodir bo`lgan. Sohibjamol aktrisa Galina Loginova va bolalar shifokori Bogdan Yovovich qizlari tug`ilgach yana besh yil sobiq ittifoqda yashashdi. Ammo aktrisa Loginovani negadir rejissyorlar unutib qo`yishdi. Bitta otaning topgani esa ro`zg`or tebratishga etmasdi. Shu sababli ular avval Londonga ketishdi. U erda bor-yo`g`i etti oy yashagach, Los-Anjelesga ko`chib o`tishdi. Galina Loginova o`z iste`dodi bilan Hollivudni zumda zabt etaman deb o`ylagandi. Ammo til bilmasligi sabab o`ziga mos biron ish topa olmadi va bir uyda farrosh bo`lib ishlay boshladi. Bogdan Yovovich ham hadeganda muvaffaqiyatga erishavermadi. Bu esa oilaviy munosabatlarning yomonlashuviga olib keldi. Bir necha yil shu ahvolda yashagach, Millaning ota-onasi ajrashib ketishdi. Shundan keyin ona o`z orzularining ro`yobini qizida ko`rmoqchi bo`ldi va uni aktyorlik kursiga berdi.

Isyon

«Sovet josusi, sovet josusi!!!» Yig`idan ko`zlari qizarib uyiga qaytayotgan sakkiz yashar qizaloqning quloqlarida sinfdoshlarining masharalab aytgan shu so`zlari jaranglardi. Uni negadir maktabda yomon ko`rishardi. Bu o`sha paytda tobora avj olib borayotgan “sovuq urush”ning ta`siri ekanini qizaloq tushunmasdi. Lekin tabiatiga xos jo`shqinlik uni tushkunlikka tushishga qo`ymasdi. Aksincha, qizaloq bularning bariga qarshi isyon qila boshladi. Yosh Millaning ustidan shikoyat qilib maktabga onasini ko`p bora chaqirishgan. Ko`chadagi nechta singan peshoyna uchun haq to`langani, qancha ko`kargan ko`zlar uchun uzr so`ragani onaning yolg`iz o`ziga ma`lum. Milla tarbiyasi juda muammoli bola edi.

To`qqiz yoshida qizining to`lib-toshib borayotgan quvvatini foydali o`zanga burish ilinjida onasi uni Kaliforniyadagi aktyorlik kurslariga olib bordi, fortepiano, raqs to`garaklariga ham yozdirdi. Tunu kun tinmay ishlashga to`g`ri kelsa ham, bularning bari uchun to`lashga mablag` topa oldi. Faqat qizi muvaffaqiyatga erishsa bo`ldi edi.

O`n bir yoshli model

Muvaffaqiyat esa kutilmaganda juda erta keldi. To`qqiz yoshidayoq kinosinovlarga qatnay boshlagan Millani o`n birga kirganida fotograflar ko`rib qolishdi. Baland bo`yli, nozik, nafis yuzli bu qizda bo`lajak modelni ko`rgan professionallar birin-ketin uni suratga olish taklifini bera boshlashdi. Shu yili Milla ikkita jurnal bilan shartnoma imzoladi va o`n bir yoshli qizaloq «Lei» nomli fransuz hamda «The Face» nomli ingliz jurnallari muqovasida chiqdi. Bu rekord edi, shu paytgacha hech kim o`n bir yashar qizaloqni model sifatida muqovaga chiqarmagandi. Bu jamoatchilik orasida katta shov-shuvlarga sabab bo`ldi. Bolalar huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar voyaga etmaganlarning suratlarini kattalarga atalgan jurnallar muqovasida chiqarishga qarshi kampaniya boshladi. Bu shov-shuvlar, maqolalar, tok-shoularning bari Millaning mashhurligini oshirdi. Milla yana bir nechta shartnomalarni imzoladi va o`n uch yoshga etmay hisobida million dollari bor modelga aylandi.

Milla kamera orti mamlakatida

O`n uch yoshida ilk bor kinoda «Katmanduga kechki poezd» kartinasida rol o`ynadi. Shundan keyin uning kinokarerasi ham muvaffaqiyatli rivojlana boshladi. O`n olti yoshida o`zining filmdagi partnyori Shon Endryusga turmushga chiqdi. Ammo bolalarcha mas`uliyatsizlik bilan qurilgan bu oila uzoqqa bormadi. Millaning onasi ushbu nikohdan xabar topishi bilanoq qizini ajratib oldi. Shon Endryus esa voyaga etmagan qiz bilan aloqasi uchun panjara ortiga ketishiga oz qoldi. «Rus onalari shunaqa, bir daqiqa bo`lsin nazoratni susaytirmaydilar. – deydi Millaning o`zi bu voqeani eslab. – Ammo onam o`shanda to`g`ri qilgan ekan. Agar oilaviy hayotim davom etib, bola holimda farzand ko`rganimda edi, balki hozirgi cho`qqilarni zabt etolmasdim».

Milla yaxshi qo`shiq aytardi. Ajrashuvdan so`ng u musiqa bilan shug`ullana boshladi. Unga rok uslubi yaqin edi. Ammo og`ir gitarani ko`tarib, yirtiq shimlarni kiyib sahnaga chiqqanida va aftini rok musiqachilarniki singari burishtirib kuylaganida ham u jozibali edi.

Uni Evropadagi kinorejissyorlar ham payqashdi. Ular orasida eng yorqini mashhur Lyuk Besson edi. Besson Millani shov-shuvli «Beshinchi unsur» filmida suratga oldi. Ish jarayonida aktrisa va rejissyor orasida muhabbat paydo bo`ldi. Ko`pchilik bu rejissyorning navbatdagi ermagi bo`lsa kerak deb taxmin qilgandi. Ammo «Beshinchi unsur»ning Kann festivalidagi taqdimotiga aktrisa dunyoga eng mashhur rejissyor bilan qo`ltiqlashib kirib kelganda hammaning og`zi ochilib qoldi. Chunki Jan Pol Gote tikkan zamonaviy ko`ylak, mag`rur ko`tarilgan bosh va... oyoqyalanligi bilan Milla hammaning og`zini ochib qo`ydi. Oradan ko`p o`tmay esa miss Yovovich madam Bessonga aylandi. Bu oilaviy hayot ikki yil davom etdi. 1999 yili Lyuk Besson Millani «Janna d’Ark» filmida suratga oldi. Jarayon yakunlanishi bilan oila ham barbod bo`ldi. «Muhabbat xudbin bo`lganda, birgalikdagi hayot muttasil urushga aylanib qoladi. Ba`zida ajrashish yaxshiroqdir» – deganda Milla ota-onasining hayotini nazarda tutadimi yoki o`ziningmi – bilish qiyin. Balki ikkisi hamdir.

Qaysar qizning quyilishi

Milla Yovovich ishtirokidagi «Zulm makoni” («Obitel zla») filmi olamshumul shuhratga erishdi. 2002 yilda ekranlarga chiqqan ushbu film moliyaviy jihatdan juda muvaffaqiyatli bo`ldi. Rejissyor Pol Anderson filmning ikkinchi, uchinchi... xullas, beshinchi qismigacha suratga oldi. Barchasida Milla Yovovich ezgulik askari rolini ijro etdi. U filmdagi aksar murakkab tryuklarni o`zi ijro etdi. Ushbu film sikvellari suratga olingan so`nggi o`n yil Milla hayotida tub burilishlar davri bo`ldi. Avvalo u rejissyor Pol Anderson bilan sevishib oila qurdi. 2007 va 2009 yillarda Milla Eva Gabo va Dashiel Iden nomli ikki qizaloqning onasi bo`ldi. Bularning bari aktrisaning hayotga munosabatini o`zgartirdi. Anchayin betartib hayot kechirib yurgan ayol birdaniga mehribon onaga aylandi. Onalik uni yanada go`zallashtirib yubordi.

Ayni kunlarda u aktrisa, qo`shiqchi va model sifatidagi faoliyatini davom ettirmoqda. Milla rus, ingliz va fransuz tillarida erkin gaplasha oladi.

ShAHINA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Boshqa yangiliklar