AsosiySUG'DIYONA

“AMMAMNING QISMATI UChUN AYBDOR EMASMAN...”

'“AMMAMNING QISMATI UChUN AYBDOR EMASMAN...”'ning rasmi

Shohista, 22 yosh, Farg`ona viloyati:

— Ota-onam ziyoli. Oilada uchta farzandmiz: ikki ukam va men. Ota-onam bizning bilim olishimizga alohida e`tibor berishadi. Men Andijon Tibbiyot Akademiyasining talabasiman. Bu yil Akademiyaning so`nggi bosqichida tahsil olyapman. Tibbiyot Akademiyasida o`qish uzoq davom etgani uchun sovchilarga dadam: «Qizim o`qib, yaxshi shifokor bo`ladi deb niyat qilganman. Agar hozir turmushga chiqsa, oilasini ham, o`qishini ham a`lo darajada eplashga harakat qilib, ikkovini ham uddalayolmasligi mumkin», deb aytardi. Bundan o`zim ham xursand bo`lib, faqat o`qishimni deganman. Bora-bora uyimizga sovchilar kamroq kela boshladi. Yolg`iz qiz emasmanmi, onamga bu qattiq ta`sir qilardi. Buvim esa «Qizing o`qiyotgan bo`lsa, bilimli inson hech qachon xor bo`lmaydi, o`z tengini albatta topadi» deb yupatardi. Ikki oydan buyon uyimizga uch yil yashab, turmushi buzilgan, bitta farzandi bor 32 yoshli erkakdan tinmay sovchi keladi. Onamga bu oila juda yoqdi, «Erkak kishini ayolidan yoshi katta bo`lgani yaxshi, qadriga etadi. Birinchi turmushidan ajrashganiga ahamiyat berma, bu dunyoda hamma adashadi. Ota-bola bir bo`lib, menga shuncha yil qarshilik qildilaring. Endi esa o`qishing ham tugay deb qoldi, boshka sizlarning gapingizga quloq solmayman. Agar gaplaringizni ma`qullab o`tirsam, sen ham katta ammangga o`xshab, olimalikni tanlaysan va erga tegishga vaqt topolmay o`tib ketasan», deydi. Axir, mening hamma qizlarnikidek orzu-niyatlarim bor. Turmush o`rtog`imning yagonasi bo`lishni istayman. Avvalgi turmushidan farzandi bo`lsa, kim kafolat beradi, yana avvalgi oilasiga qaytib bormasligiga? Ammamning taqdiri ayanchli bo`lsa, bunga men aybdor emasman-ku? Mening hayotim ham shunday bo`ladi deb kim ayta oladi? Endigina yigirma ikki yosh bo`lsam, peshonamga bitilgan baxtim bordir axir…

Maslahat: — Hamma narsaning o`z vaqtida bo`lgani yaxshi. Vaqtida o`qib, hunar egasi bo`libsiz. Buning uchun ota-onangiz sharoit yaratib, katta yordam berishibdi. Endi siz ham farzandlik burchingizni bajarishingiz kerak. Ota-onangizni gaplariga quloq soling, aslo kam bo`lmaysiz. Siz ham farzand katta qilsangiz, onangizning holatlarini tushunasiz. Hech bir ota-ona farzandimga yomon bo`lsin, demaydi. Ba`zan hayotda tavakkal qilish ham kerak. Avvalo, hammasi Allohdan, toza niyat bilan boshlangan har qanday ish yaxshi natija beradi. Sizga tavsiya qilishgan yigit bilan ko`rishing, balki bir-biringizga yoqarsiz. Dunyoda hamma adashadi, shuni unutmang. Kelgusi hayotingiz esa o`z qo`lingizda.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Boshqa yangiliklar