AsosiySUG'DIYONA

TABASSUM QILING, SIZGA YaRAShADI!

'TABASSUM QILING, SIZGA YaRAShADI!  'ning rasmi

Gollivud go`zallari kabi betakror tabassumga ega bo`lishni kim ham istamaydi deysiz? Lekin doim ham bunday imkoniyatga ega bo`lavermaymiz. Xo`sh, tabassumimiz yanada jozibali bo`lishi uchun nima qilish darkor? Bu haqda stomatolog-shifokor Sherzod XANNAROV ma`lumot beradi.

Nimaga tish rangi o`zgaradi?

Og`iz bo`shlig`idagi bakteriyalar, qahva, gazlangan ichimliklar, tarkibida kimyoviy qo`shimchalar mavjud eguliklar, shirinliklar hamda chekish tishning sarg`ayishiga sabab bo`ladi. Aslida, tish rangining o`zgarishi uning emaliga emas, emal ostidagi dentin qatlamining rangiga bog`liq. Chunki tishning emali shaffof ko`rinishda bo`ladi.

Bugungi kunda tishlarni oqartirishning mexanik, kimyoviy, lazerli va ultratovushli usullari keng qo`llanilmoqda. Keling, bu usullardan qay biri beziyonrok ekanini ko`rib chiqamiz.

Mexanik usul

Bosim ostida suv, havo va maxsus kukun aralashmasini purkash orqali tishga ishlov berish mexanik usul hisoblanib, bunda tishlardagi sariqlik va egulik qoldiqlarini ketkazish hisobiga tish asl rangiga qaytariladi. Biroq aslidagidan oqartirish imkoniyati mavjud emas.

Shuningdek uy sharoitida foydalaniladigan, tarkibida xuddi skrabga o`xshash mayda va qattiq donacha(abraziv)lari mavjud tish pastalari yoki iste`mol sodasi (faollashtirilgan ko`mir) bilan tozalashni ham mexanik usulga kiritish mumkin. Bunday usullardan muntazam foydalanish tish emaliga ziyon etkazib, mikro yoriqlar paydo bo`lishiga olib keladi. Shuning uchun maxsus oqartiruvchi tish pastalarini bir oydan ko`p muddat davomida qo`llash tavsiya etilmaydi. Ularni oddiy pastalar bilan almashtirib foydalanish lozim.

Kimyoviy ko`rinishi

Internet manbaalari yoki tanish bilishlardan «Vodorod peroksidi yo limon sharbatidan tayyorlangan chayish vositalaridan foydalansang, tishlaring marjondek ko`rinishga keladi» degan maslahatlarni eshitamiz. Aynan mana shu usullarni kimyoviy oqartirish deb atasak mubolag`a bo`lmaydi. Tishning o`lchamini olib yasaladigan kapalar deysizmi, kechasi surtib qo`yiladigan gel, tasmali plastinalar yoki maxsus flomasterlar, xullas kimyoviy vositalarning ham turlari juda ko`p. Aslida, tishning emalini emirish borasida ham aynan kimyoviy usul etakchilik qiladi. Bunday amaliyotlardan keyin tishlaringiz issiq va suvuqqa nisbatan o`ta sezuvchan bo`lib qoladi. Agar amaliyotga haddan tashqari ko`p murojaat qilsangiz, hatto og`izdan nafas olish ham og`riqli jarayonga aylanib qolishi mumkin. Bu esa emalga jiddiy ziyon etganidan darak beradi.

Lazerli tozalash

Tishni oqartirishning lazerli usuli faqat stomotologik kabinetrlarda amalga oshiriladi. Amaliyot davomida tishga maxsus gel surtib, lazer nurlari yordamida ta`sir etiladi. Muolaja tahminan bir soat vaqtingizni oladi va natija bir necha yil davomida ko`zingizni quvontiradi.

Ultratovushli turi

Amaliyotni bajarish texnikasi huddi lazerlisiga o`xshasa-da, bunda tishga ultratovush nurlari orqali ta`sir o`tkaziladi. Agar lazerli usulda tish toshlar va ovqat qoldiqlaridan butunlay holi bo`lishi talab etilsa, ultratovushli usul bir yo`la toshlarni ham tozalaydi.

Qarshi ko`rsatmalar

16 yoshga to`lmagan bolalar, homilador va emizikli ayollar, parodontit, qandli diabet, onkologik xastaliklar bilan og`rigan bemorlar va qo`llanilayotgan vositaga allergiyasi bor kishilarga tishlarni oqartirish amaliyoti tavsiya etilmaydi.

MAFTUNA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Boshqa yangiliklar