1

IChKILIKBOZLIK: TANANGIZ G`ARIB, RUXINGIZ XASTA...

Salomatlik 30.10.2017, 14:15
IChKILIKBOZLIK: TANANGIZ G`ARIB, RUXINGIZ XASTA...

Spirtli ichimliklarning sog`liqqa zarari haqida shu qadar ko`p gapiramizki, «Aroq jigarga ziyonmi?» degan kishini uchratsangiz, «Oydan tushdingmi?» deysiz. Ammo o`qigan boshqayu uqqan boshqa degan gap ichkilikdan ko`ngil uzolmayotganlar misolida kundek ravshan. Achinarlisi, ichkilikka berilgan odam nafaqat o`zining, balki yaqinlarining ham tinchini buzadi. Erining aroqxo`r ekanligidan qo`ni-qo`shniga qo`shilolmaydigan ayollar, otasining «shishadosh» ulfatlari deb boshi ham bo`lgan bolalar oz deysizmi? Farzandini hayotga qaytarish ilinjida ichkilikning davosi bormi, deb zir yugurgan ota-onalarchi? Xo`sh, sizningcha muammo nimada? Aniqrog`i uning echimini qaerdan izlaymiz? Bugun ko`p bora tilga olinayotgan davolash usullarichi, chindan ham naf beradimi? Ushbu savollar bilan shifokor-narkolog Guloyim JUMAShEVAga yuzlandik.

MOYILLIKNING PAYDO BO`LIShI...

Spirtli ichimliklarga ruju qo`yish o`z–o`zidan sodir bo`lmaydi. Uni keltirib chiqaruvchi omillar bor. Xo`sh, ular qaysilar?

Aslida, ichkilikka moyillikning yuzaga kelishi turli faktorlarga bog`liq. Shulardan biri irsiyatdir. Ota maishatga berilgan bo`lsa, farzandlarida ham ushbu illatning kuzatilish ehtimoli yo`q emas. Shu o`rinda tashqi ta`sirlarni ham unutmaslik kerak. Aksariyat hollarda ichkilikbozlikning boshlanishi aynan biror voqea-hodisa asoratida yuzaga keladi.

Stress — ichkilikka ko`nikma hissini paydo qiladigan asosiy «da`vogar». Ishi yurishmagan, yaqinidan judo bo`lgan, tushkunlikka tushib qolganida aroqqa yuz buruvchilar, bora-bora «shisha»siz yasholmay qolishadi.

Oshna-og`aynilarning qistovi, «yigitchilik» bahonasida oz-mozdan ichib turish esa vaziyat taqozosi bilan yuzaga keluvchi ichkilikbozlik ko`rinishidir. Bu kabi o`tirishlarning davomiyligi surunkali alkogolizmga etaklaydi.

TANIShING: ALKOGOLIZM

Mayxo`rlik allaqachonlar kasallik nomini olgan. Tibbiyotda uning uch bosqichi farqlanadi.

Onda-sonda, 2-3 oyda bir marta, bayram yoki biror tadbirlarda oz-ozdan ichkilik ichishni alkogolizm deb bo`lmaydi. Moyillikning paydo bo`lishi ruhiy va jismoniy qaramlikning mavjudligi, qachon va qancha miqdorda ichilayotganiga bog`liq.

Birinchi bosqichdagi bemorda jismoniy qaramlik bo`lmaydi. Ammo ichkilik ta`sirida paydo bo`luvchi engillikka tobelik kuzatiladi. Hayotida yuz berayotgan o`zgarishlar, quvonchli voqealar yoki aksincha tashvishlarni ichkilik bilan yuvishni istaydi. Xohishning ortib borishi esa maishat uchun bahona topish kayfiyatini paydo qiladi. Anglayotganingizdek, muammo bemor ruhiyatida. Nima uchun jismoniy qaramlikni inkor etdik? Chunki birinchi bosqichdagi aroqxo`r ertalab bosh og`rig`i bilan uyg`onmaydi, mehnat layoqati sustlashmaydi, biroq ichkilikka xumor qilaveradi.

Ikkinchi bosqichda jismoniy va ruhiy qaramlik birgalikda kechadi. Ichkilik ichilgan kunning ertasiga bosh og`rig`i, qaltirash, vegetativ o`zgarishlar, ishtaha yo`qolishi boshlanib, bemor ikkinchi yo uchinchi kuni yana icha boshlaydi. Birinchi va ikkinchi bosqichdagi alkogolizmning bir-biridan farqi ham shunda: bemorda surunkali ichkilikbozlik paydo bo`la boshlaydi.

Uchinchi bosqich — shaxs inqirozi! Aroqxo`r kishida xotira sustlashishi, aqliy faollikning pasayishi, fikrlash, idrok qilish qobiliyatining zaiflashishi, hissiyotlarning tamoman yo`qolishi aks etadi. Bemor nafaqat o`zi balki yaqinlarini ham unutadi. Ko`pincha bu bosqichga kelgan bemorlar jigar sirrozi, oshqozon yarasi va boshqa ko`plab xastaliklarga duchor bo`lishadi.

Foto:

GEPATIT... SIRROZ ...

Surunkali alkogolizm organizmga shu qadar katta talofot etkazadiki, birma- bir sanab chiqilsa, ayanchli manzaraning guvohi bo`lish mumkin. Ammo haqiqatdan ko`z yumib bo`lmaydi. Dastlab asab tizimi ishdan chiqa boshlaydi. Buyrak, jigar, peshob ajratish yo`llarida o`zgarishlar ro`y beradi. Etil spirti oshqozonga tushgach, qonga tez singadi. Shuning evaziga nojo`ya ta`sirlari ham uzoq kuttirmaydi. Surunkali aroqxo`rlarning aksariyati oshqozon yarasi, me`da xastaliklaridan aziyat chekishi ham mubolag`a emas. Ichkilikbozlikning uchinchi bosqichlaridagi bemorlarda jigar kasalliklari ko`p uchraydi. Sababi esa spirt! Jigar organizmimizning filtri ekanligini bilasiz. Alkogolli ichimliklar esa jigarga etib borgunicha sirka kislotasiga aylanadi. Ko`z oldingizga sersuv olmani keltiring. Mevani sirkali suvga botirib olsangiz, yuzasi burishib qoladimi? Bu ishni bir necha marta takrorlasangiz-chi? Spirtli ichimliklar jigar bilan ham xuddi shunday «muomala» qiladi. Jigarning ferment va funksiyalari buzilgach, avvaliga toksik gepatit, so`ng sirroz boshlanadi.

NOZIK MUNOSABATLARGA TA`SIRI

Albatta bor! Surunkali ichkilikbozda jinsiy quvvatning zaiflashishi, nasl qoldirish imkoniyatining pasayishi ehtimoli yuqori. Agar ayol spirtli ichimliklarga berilsa, hayz siklining buzilishi, erta klimaks va bepushtlik kelib chiqadi. Organizmdagi tomirlar juda nozik tuzilgan. Spirtli ichimlik ta`sirida tomir ichki bosimi ortib, gipertoniyaga yo`l ochilishi mumkin. Ateroskleroz, insult, infarkt xavfi ham yo`q emas.

PSIXOLOGIK O`ZGARIShLAR

Alkogolizmga duchor bo`lgan kishi jizzaki, qo`rs, e`tiborsiz kimsaga aylanadi. Atrof-muhitidagi voqea-hodisalar, umuman hayotga nisbatan qiziqishi so`nadi.

MUOLAJA ShARTI – XOHISh!

Ichkilikka ruju qo`ygan kishiga qay tariqa yordam berish mumkin? Savolning javobi jo`nroq bo`lsa ham ammo ayni haqiqat – uning o`zi sog`ayishni, normal hayotga qaytishni istashi shart! Aks holda qanchalik urinmang, davo choralari samara bermaydi. Yaqinlarining ko`magi ham muhim, biroq bu g`amxo`rlik majburlash ko`rinishida bo`lmasligi lozim. Bemor ichkilikni tashlashga jazm qildi deylik, buning uchun qaerga murojaat qiladi? Axir «Bugundan yig`ishtirdim» degan bilan ish bitmaydi-ku?..

Alkogolizmni davolash bilan shug`ullanuvchi kasalxona, maxsus klinikalarga murojaat qilish orqali, muammo echimi tomon birinchi qadamni tashlaysiz. Tashvishlanmang, bu erda bemor shaxsi sir tutiladi.

Umumiy ko`rikdan so`ng organizmni tozalash muolajasi o`tkaziladi. Dori vositalari, vitaminlar yordamida bemor tanasi toksik modda va spirt ta`siridagi zaharlanishdan ozod etiladi. Muolaja davomida boshqa surunkali kasalliklarga ham e`tibor qaratiladi. Mazkur bosqichning nihoyasi toliqqan organizmni tiklash bilan kechadi.

Keyingi bosqichda bemor bilan suhbat o`tkaziladi: nega ichasiz, ichganingizda qanday o`zgarish sodir bo`ladi, ichmasangizchi, kabi savollar birgalikda tahlil qilinadi. Tanani davolash mumkin, ammo ruhiyat sog`ayishi mushkul vazifa. Psixoterapevtik usullar yordamida bemor turli holatlarga tayyorlanadi. Masalan, asabiylashganda qanday qilib ichkilikdan tiyilish lozimligi kabi. Ushbu choralar muolajadan keyin kasallik qaytalanmasligining oldini oladi.

«KODLASh»: «IChSANG O`LASAN!»

Kasalxona yoki maxsus klinikalarda davolangan bemorlar keyinchalik ham ruhiy tobelikka uchramasliklari uchun bir necha usullarga murojaat qilinadi.

«Kodlash» – aroqqa qarshi xohishni qulflash usuli. Bunda olti oy yoki bir yil muddatga venaga maxsus dori preparati yuboriladi yoki qorin va dumba sohasi teri ostiga kapsula joylashtiriladi. Muolaja bir marta bajarilib, shundan so`ng bemor ichkilik ichsa, ahvoli yomonlashadi.

Dovjenko uslubidagi gipnoz ham samarali natija beradigan choralardan. Bemor karaxt holatiga keltirilib, ong ostida ichilikka bo`lgan qaramlikning mavjud emasligi haqida axborot joylanadi. Gipnoz ham ma`lum muddatlarga belgilanadi. Ushbu muolaja uchun ong toza bo`lishi, ya`ni bemor 5-6 kun davomida ichkilik ichmagan bo`lishi lozim.

Aroqqa qarshi tabletka, dori vositalari ham bor, ammo ular mutaxassis tavsiyasi bilan belginalanadi. Har bir bemor organizmi individual tuzilgan. Shu bois muolajaning davomiyligi turlicha bo`lishi mumkin.

Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1