1

Madad-shifo: KAMYoB, LEKIN KERAKLI VITAMINLAR

Salomatlik 31.10.2017, 14:30
Madad-shifo: KAMYoB, LEKIN KERAKLI VITAMINLAR

Odatda vitaminlar haqida gap ketsa, darrov o`sha mashhur A, V, S, D, E esimizga tushadi. Lekin ulardan boshqa vitaminlar ham bor, masalan, K, N yoki U.Xo`sh, ular qaysi mahsulotlarda bo`ladi?

Ularning odam organizmiga foydasi qanday?

Vitaminlarning 2 guruhi

Umuman olganda, vitaminlar ikkiga ajratiladi – suvda va yog`da eriydigan. Suvda eriydiganlarga vitamin S, V guruhidagilar (tiamin, riboflavin, pantoten kislota, V6, V12, niasin, folat va biotin) kiradi. Yog`da eriydiganlari esa vitamin A, S, D va K.

Vitaminlardan tashqari xolin, inozit, vitamin F, karnitin, vitamin P kabi vitaminga o`xshash birikmalar ham bor. Ular vitaminlardagi kabi xususiyatga ega, muayyan kasalliklarda ta`sir ko`rsatadi, biroq organizmda biror hayotiy muhim vazifani bajarmaydi. Vitaminlarga xos barcha belgilarga ega bo`lmagani uchun to`laqonli vitamin bo`la olmasa-da, ammo ularni vitamin deb atashga o`rganib qolganmiz.

Yana bir gap: to`laqonli vitamin emas ekan, demak, ularga hojat yo`q, deb o`ylasangiz, adashasiz.

Keling, hozir juda kam eslanadigan vitaminlar: K, N va U haqida gaplashsak. Ular nimaga kerak o`zi?

VITAMIN K

1929 yilda kashf etilgan bu vitamin asosan qonning risoladagidek ivishi uchun kerak. Bundan tashqari, bir qancha toksinlar va zaharlarga qarshi antidotlik vazifasini ham bajaradi.

Demak, tanamizda vitamin K etishmasa, qonning ivishi buziladi, masalan, arzimagan jarohatlardan ham qon uzoq vaqt ketadi.

Mutaxassislarning aytishicha, odam vaznining har bir kilosiga 1 mkg. vitamin K kerak. Turli jarohatlar yoki operasiya tufayli odam ko`p qon yo`qotsa, mazkur vitaminning qo`shimcha dozasi buyuriladi.

Aytish kerakki, vitamin K tanqisligi kam uchraydi.

Yashil tusdagi barcha sabzavotlar hamda ko`katlarda, shuningdek, na`matak va yashil no`xatda vitamin K bor.

VITAMIN N

Vitamin N o`tgan asrning 50-yillarida amerikalik mikrobiologlar tomonidan buzoq jigaridan ajratib olingan.

Bu vitamin eng kuchli tabiiy antioksidantlardan biri hisoblanadi, ya`ni u hujayralarimizni emiradigan erkin radikallarga qarshi kurashadi. Qolaversa, vitamin N boshqa antioksidantlarning kuchini oshiradi, shuning uchun ham uni “salomatlik himoyachisi”, deb atasak bo`laveradi.

Bundan tashqari, u ko`pgina biokimyoviy jarayonlar, masalan, glikoz – qandning quvvatga aylanishida ishtirok etadi. Oqsil, yog`lar va uglevodlar almashinuvida qatnashadi, jigar faoliyatini yaxshilaydi, miya to`qimalarning kislorod bilan ta`minlanishini kuchaytiradi, xolesterinning umumiy miqdorini kamaytiradi. Safro haydash xususiyatiga ega.

Vitamin N etishmasligi tufayli turli nevrologik kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Nerv yallig`lanishi, tik, bosh aylanishi, tez-tez shamollash kelib chiqish ehtimoli bor.

Ushbu vitaminga bo`lgan bir kunlik ehtiyojimiz 0, 5 mg.ni tashkil etadi. Lekin bir qancha kasalliklarda qo`shimcha tarzda buyuriladi, jumladan: surunkali charchoq sindromi, yurak-qon tomir kasalliklari, virusli infeksiyalar (O`RVI, gripp, gerpes), ateroskleroz, Alsgeymer kasalligi, polinevropatiya, gepatit, sirrozda.

Bu vitamin sut mahsulotlari, mol va parranda go`shti, jigar, karam, ko`katlarda bor.

VITAMIN U

Vitamin U 1949 yilda amerikalik biologlar tomonidan kashf qilingan. U organizmda hazm bezlari sekresiyasini yaxshilaydi, oshqozon va o`n ikki barmoq ichak yarasiga qarshi kurashadi, toksinlarni zararsizlantiradi. Shuningdek, allergiyalarga qarshi kurashish xususiyati ham bor.

Mazkur vitamin etishmasa, teri quruq bo`lib qoladi, hazm ishi buziladi, uzoq davom etgan tanqisligi gastrit, oshqozon va o`n ikki barmoq ichak yarasiga olib kelishi mumkin.

Bizga har kuni 200 mg. vitamin U kerak bo`ladi. Har qanday o`simlik yog`lari (ayniqsa, zaytun yog`i), qizilcha, petrushka, kartoshka, pomidor, sholg`om, selderey, tuxum, yangi sut, sariyog`da ushbu vitamin bo`ladi.

Bir so`z bilan aytganda inson organizmi uchun har bir vitamin suvdek zarur, shunday ekan, taomnomangizdan turli vitaminlarga boy mahsulot o`rin olsa, kasalliklar sizdan nari ketadi!

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1