10.02.2014 12:14
Gulsanam jonli ijroni qoyillata oldimi?
“Yaxshisi fonogrammada kuylay qolsin...”
— Muxlislar Mamazoitovaning yanvar oyida konsert berishiga o`rganib qolishgan. Lekin bu yil 29 yanvar 2 fevralgacha “Istiqlol” san`at saroyida bo`lib o`tgan Gulsanam Mamazoitovaning galdagi konsert dasturi o`tgan yildagilardan mutloq farq qildi. Konsert dasturi yuz foiz jonli ijroda bo`lib o`tdi. Eng muhimi, xonanda buni uddaladi! Ba`zi xonandalarning jonli ijrodagi qo`shiqlarini eshitganda “Yaxshisi fonogrammada kuylay qolsin!” deb kinoya qilamiz. Gulsanamning konsertida esa ovozning sofligi va jarangdorligidan fonogrammaga ehtiyoj sezilmadi.
“Professionallik sezilib turibdi”
— Qishning sovuq kunlari, yomg`ir va qorli ob-havoga qaramasdan konsertning birinchi kunidanoq zalda bo`sh joyni uchratmadik. Konsert “Yoronlar” nomli yangi qo`shiq bilan boshlanib Mamazoitova, oppoq libosda bir guruh raqqosalar bilan sahnada paydo bo`ldi. Shu o`rinda liboslar masalasiga alohida e`tibor qaratsak: Gulsanam Mamazoitovaning o`tgan yillardagi konsert dasturlaridan farqli o`laroq, bu yilgi konsertda libos tanlashga professional yondashilgani yaqqol sezilib turibdi. Hatto xonanda bilan raqqosa qizlarning kiyimlarida ham uyg`unlik bor.
“Shukrillo Isroilov reperutarini yangilasa bo`larmidi...”
— Konsert dasturini radioboshlovchi Akmal Mirzo olib bordi. Dasturning birinchi blogiga yakun yasalganidan keyin Akmal Mirzo va taqlidchi Jamshid Normatov ishtirokidagi chiqishi tomoshabinlarga tabassum ulashdi. Keyingi chiqishda esa Akmal Mirzo zaldagi tomoshabinlar bilan “Oriat dono” radiosidagi “So`zamol” dasturini o`tkazish uchun uchta tomoshabinni taklif qildi. O`yinda g`olib bo`lganlarga konsert homiylari tomonidan kir yuvish mashinasi, dazmol hamda kir yuvish vositalari sovg`a qilindi. So`ng Akmal Mirzo o`z o`rnini qiziqchi Shukrillo Isroilovga bo`shatib berdi. Qiziqchining latifalarini eshita turib, bularni oldin ham eshitmaganmidik, degan hayol o`tdi. Shukrillo Isroilov o`z repertuarini yangilasa bo`larmidi...
“Xit qo`shiqlar kam”
— Jonli ijroda kuylashning albatta o`ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Shuning uchun ham Gulsanamga yordamchi vokalchilar ko`mak berib turishdi. Ular orasida hozirgi “Setora” guruhining vakili Aziza Nizomova ham bor edi. Konsert dasturida jami 25 ta qo`shiq kuylangan bo`lib, shulardan 18 tasi yangi, hali tinglovchilar e`tiboriga havola etilmagan qo`shiqlar. Darvoqe, bu yilgi qo`shiqlarning hayotiyligi, unda sevgi-muhabbat va sadoqatdan tashqari, ijtimoiy mavzular aks etgani albatta alohida ahamiyatga ega. “Musofirlar” qo`shig`i aynan yuqoridagi fikrlarimizga isbot bo`la oladi. Futbol haqidagi qo`shiq ham Mamazoitovaning muxlislarini hayratga soldi. Ayniqsa, qo`shiq oxirida sahnaga to`p tepib chiqqan bolalarning koptoklarini xonanda sahnadagi tomoshabinlar tomonga uloqtirganda zaldagilar birdan jumbushga keldi. Lekin xit darajasiga chiqadigan qo`shiqlar o`tgan yildagidan biroz kamdek tuyuldi.
Yutuq...
— Gulsanam Mamazoitova konsert davomida tomoshabinlarni zeriktirib qo`ymadi, deb bemalol aytish mumkin. Chunki xonanda har bir qo`shiqdan keyin o`z tomoshabinlariga mulozamat ko`rsatar, qo`lini ko`ksiga qo`yib konsertdagi kamchiliklar uchun uzr so`rar, qo`lini ular tomonga silkitib ruhlantirardi.
Kamchilik...
— Xonandaning konsert dasturini radio, gazeta, internet saytlari orqali yoritish maqsadida tashrif buyurgan matbuot xodimlari, jurnalistlari tik oyoqda konsertni tomosha qilganlari etmagandek, goh “Istiqlol” san`at saroyining xodimalari, goh zaldagi maxsus qo`riqchilarning “U erda emas, bu erda turing, halaqit beryapsiz”, degan turtkilashlariga ro`baro kelishdi. Konsertgacha bo`lgan vaqtda ham, konsert tugaganidan keyin ham san`atkorlarning ijodini ommaga tanitishda ter to`kib mehnatini ayamaydigan jurnalistlarga bo`lgan bunday “xurmat” ko`pchilikni ranjitdi.
P/S.: O`zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitovaning galdagi konsert dasturi jonli ijroda bo`lib o`tganini inobatga olmasa, boshqa konsert dasturlaridan jiddiy tafovutlar ko`zga tashlanmadi. Ammo tomoshabinlar mazza qilib hordiq chiqarishdi. Kimdir o`tirgan joyida, kimdir o`rnidan turib raqs tushayotganini ko`rib, tinimsiz olqishlar ovozini eshitib aynan shu xulosaga keldik.
[right]Qamariddin ShAYXOV tayyorladi,
"Darakchi" gazetasi 2-son [/right][right][/right]





