— Umumta`lim maktablarida o`quvchilarning mobil telefonlardan foydalanishi qaysi me`yoriy hujjatda qayd etilganini eslatib o`tsangiz...
Ziyoda Mirzaeva, Toshkent shahri, Chilonzor tumani
D.ISLAMOVA, Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarma boshlig`ining birinchi o`rinbosari:
— Bu borada O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi 139-sonli qaroriva ushbu qaror bilan tasdiqlangan «O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to`g`risida Nizom» talablari asosida ish yuritiladi.
Jumladan, maktabga kirib kelishda har bir o`quvchi, o`qituvchi, xodim, keluvchi va boshqa shaxslar o`z telefoni abonentining chaqiruv ovozini to`liq o`chirib qo`yishi yoki telefonni "ovozsiz" rejimga o`tkazishi shart.
Maktabda o`quvchilar telefonini bo`yniga osib olishi, ko`krak cho`ntaklarida, shim, yubkalari cho`ntaklarida saqlashi, telefon akkumulyatorini zaryadlash uchun maktabdagi elektr tarmoklariga ulashi, telefoni yordamida atrofdagilarga zo`rvonlik, shafqatsizlik, pornografiyani targ`ib qiluvchi video va suratlarni namoyish qilishi, maktabning nufuziga shu jumladan zo`ravonlik va vandalizm holatlarini suratga olish va keyinchalik ularni atrofdagilarga namoyish etish yo`li bilan zarar etkazish, dars mashg`uloti vaqtida telefon orqali so`zlashish hamda SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni jo`natish. Musiqa, shu jumladan naushniklar orqali tinglash qat`iyan taqiqlanadi.
Agarda o`quvchi tomonidan mobil telefonlardan foydalanish tartibi buzilsa, o`quvchiga nisbatan ogohlantirish, ularning kundalik daftarlariga yozib qo`yish, ota-onalarini (ularning o`rnini bosuvchi shaxslarni) xabardor qilish yoki tushuntirish suhbati o`tish uchun ta`lim muassasasiga chaqirish, pedagog tomonidan o`quvchidan telefonini olib qo`yish, ushbu Nizom talablari buzganlik holati to`g`risida bildirishnoma rasmiylashtirish va uni telefon bilan birga maktab direktoriga yoki direktor o`rinbosariga, keyinchalik uni ota-onalarga taqdim etish kabi choralar ko`riladi. Telefondan foydalash tartibi buzilgan holda maktabda tuzilgan direktor rahbarligidagi komissiya tomonidan sinf rahbari, o`quvchiniig ota-onalari (ularning o`rnini bosuvchi shaxslar) ishtirokida, shuningdek ota-onalar majlisida muhokama qilish huquqiga ega.