13.02.2014 13:41
Sifatsiz mahsulotlarni oshkor etamiz
Qayta ishlanmagan “Pensillin”
Odatda, iste`mol muddati o`tgan yoki yaxshi muhitda saqlanmagan non ichki va tashqi ta`sir ostida mog`orlay boshlaydi. Agar zararlangan qism kichik bo`lsa, uni darhol kesib tashlab, qolgan qismini iste`mol qilish mumkin. Xalq orasida “mog`orlagan non koni-foyda, tayyor pensillinning o`zginasi” degan qarash ham bor. Biroq olimlarning xulosasiga ko`ra, qayta ishlanmagan “pensillin”ning ushbu turi zaharli modda hisoblanadi.
Sifati borasida esa...
Nonning tekis va silliq, yoriqlarsiz bo`lishi uning birlamchi sifat belgisi sanaladi. Yaxshi pishirilgan bug`doy noni och sariq yoki oltin rangida bo`ladi. Pichoq yordamida kesilganda iz yoki dog` qolmasligi non tayyorlangan unning sifatli ekanidan darak. Nonning ma`lum qismi barmoq bilan bosilganda yana o`z shakliga darhol qaytishi uning iste`molga yaroqliligidan nishona. Non qadoqlangan idishda (agar bor bo`lsa) ishlab chiqarilgan sanasi qayd etilishi shart. Maxsus idishga qadoqlangan yoki elim xaltaga solingan mahsulotni do`kon peshtaxtasida 72 soat, ochiq holda 24 soat, uy sharoitida esa 3 kun davomida saqlash mumkin. Nonni polietilen idishda saqlash uning buzilish muddatini tezlashtiradi. Uni shishali yoki emal bilan ishlov berilgan idishlarda saqlagan yaxshi.
Muzlatgichda saqlangan nonning sifati esa boshqa mahsulotlar ta`sirida tezda yomonlashadi. Odatda qora va oq nonni alohida saqlash maqsadga muvofiqdir. Non uzoq muddat yumshoq va yaxshi saqlanishi uchun u turgan idishga tozalangan kartoshka bo`lakchalari yoki bir siqim tuz solib qo`yish mumkin.
Tilla buyumlarning aslligi-chi?
Xabaringiz bor, Respublikamizda Davlat asillik darajasini belgilash palatasi mavjud bo`lib, tilla buyumlarning aslligini tekshirib beradi. Tekshirish uchun haftaning muayyan kunida buyum olib kelish jadvali tuzilgan. Tekshirish muddati esa uch kundan iborat. Ammo xarid qilayotgan paytning o`zidayoq tilla aslligini qanday aniqlash mumkin? Bu borada zargarlarning hayotiy tavsiyalari asqotishi mumkin.
Dilorom Jo`raeva, zargar: - Hozirgi kunda tillaning asilligini ko`proq hididan bilish mumkin. Uning hidi boshqa metallardan tubdan farq qiladi. Nega hididan? Chunki hozirda ayrim qallob kishilar tomonidan tayyorlanayotgan taqinchoqlarni ko`rsangiz, tilladan umuman ajratolmaysiz. Hatto ba`zida zargarlarning ham bir ko`rishda ajratishi qiyin bo`lib qoldi. Boshqa metallardan esa temir hidi kelib turadi. Tajribadan o`tib kelayotgan va hamma biladigan yana bir usul borki, uni kislotaga tiqib ko`rsangiz, agar, past probali tilla bo`lsa, rangi qorayib ketadi. Bundan tashqari, tillaning sofligini rangidan bilish mumkin.
Tuxumning-chi?
Bugun bozorlarimizda turli oziq-ovqat mahsulotlari qatori tuxum ham juda xaridorgir. Bozorlarimizda katta-katta yuk mashinalarida keltirilayotgan tuxumlar aholi ehtiyojlarini qondirayotgani sir emas. Ammo xarid qilinayotgan tuxum yangimi yoki eski, buni har doim ham, hamma ham farqlayvermaydi. Bu borada mutaxassis tavsiyalariga amal qilish foydadan xoli emas.
Qanday tanlanadi?
Sayyora Bobomurodova, mutaxassis: — Tuxum etti kun davomida parhezbop hisoblanadi, shundan so`ng oddiy tuxumga aylanadi. Tuxum yangi yoki muddati o`tganini bilish uchun bir litr suvga yuz gramm tuz solib, unga tuxumni botirasiz. Yangi bo`lsa, tuxum suv tubiga cho`kib ketadi, eskirgan bo`lsa, suv yuzasida qoladi. Shuningdek, tuxumni muzlatgichdan oliboq qaynatmang. Bir muddat xona haroratida tursin. Yo`qsa, qaynatayotganda yoriladi. Savdo rastalaridan tuxum tanlayotganingizda uning rangiga va og`irligiga e`tibor bering. Sifatli tuxumning vazni og`irroq bo`lishi kerak. Shuningdek, iste`mol qilish uchun ko`proq oq tuxum tavsiya qilinadi. Qizil tuxum esa asosan qandolatchilikda ishlatiladi.
[right]S.SAFAROV tayyorladi
[/right]