1

Madad-shifo: “OTAMDA MIASTENIYa ANIQLANDI”

Salomatlik 06.11.2017, 11:23
Madad-shifo: “OTAMDA MIASTENIYa ANIQLANDI”

— Qo`l-oyoqlarim kundan-kun bo`shashib ketayapti, degach, otamni shifokorga olib bordik. Tekshirtirsak, mushaklar susayishi bilan bog`liq kasallik – miasteniya boshlangan ekan. Eshitishimcha, xastalik o`ta jiddiy va asoratlar mavjudligi bilan xavfli hisoblanadi. Muolaja qilinsa, balki bunday bo`lmas?

S.Botirov, Andijon viloyati

Oybek PARDABOEV, shifokor-nevrolog:

— Miasteniya yosh tanlamaydigan autoimmun xastalikdir. U O`RVI kasalliklarini oyoqda o`tkazish, immun tizimidagi buzilishlar, surunkali tarzda davom etgan stress sabab yuzaga kelishi mumkin. Miasteniya ta`sirida organizm, asab- mushak postsinoptik mambranasi biriktiruv to`qimasining asetilxolin reseptorlariga qarshi antitanachalar ishlab chiqara boshlaydi.

Mushaklar kuchini yo`qotgach, surunkali charchoq va holsizlik butun tana bo`ylab yoyiladi. Xastalikning asosiy belgilari: ptoz (ko`z qovoqlarining tushib qolishi), ko`z oldi tasvirining o`zgarishi, talaffuzdagi buzilishlar, chaynov mushaklarining sustlashishi, yutinishning qiyinlashishi, bo`yinda og`irlik, qo`l-oyoqlarning kuchsizlanishi kabilardir.

Otangizga miasteniya tashxisi qo`yilgan bo`lsa, elektromiografiya, antitanachalar tahlili bo`yicha qon tekshiruvi hamda MRT o`tkazilgan bo`lishi kerak. Muolaja boshlanishidan oldin teri ostiga prozerin yuboriladi. Uning ta`sirida vaqtinchalik ijobiy o`zgarishlarga erishish mumkin. Davolovchi shifokor buyurgan dori vositalari tartib bilan qabul qilinishiga e`tibor bering.

Miasteniya aniqlanganidan keyingi davo choralari kasallik rivojlanishini to`xtatishga qaratiladi. Bemor ko`proq dam olishi, jismoniy va ruhiy zo`riqishlardan saqlanishi lozim.

Shuningdek, vaqti-vaqti bilan arterial qon bosimini o`lchab turish darkor, quyoshda ko`p vaqt yurmaslik va bilib-bilmay turli xil vositalarga murojaat etish esa man etiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1