Och qoringa mumkin emas
Nonushta qilmasdan avval ichilgan choy oshqozon suyuqligiga ta`sir etib, ba`zilarda me`da kislotasi me`yorini o`zgartirib yuboradi. Bu esa oshqozon faoliyati bilan bog`liq bezovtaliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, ishtaha yo`qolishiga ham sabab bo`ladi.
Og`izni kuydirmasin
Qaynoq choy og`iz bo`shlig`i, halqum va tilning shillik qavatini zararlantirishi mumkin. Qolaversa, muntazam qaynoq choy ichilganida tomoq achishishi kuzatiladi. Eng ma`quli, iliq holatda ichilganidir.
Takroran ishlatilsa...
Ba`zilar ertalab damlangan choyni kechqurun qaynatib, ichishadi. Ammo qaynatilgan choyda kofein miqdori faollashishini unutmang. Kofein ta`siri ortganida esa bosh og`rig`i, uyqusizlik, hazm faoliyati bilan bog`liq bezovtaliklar kelib chiqadi.
Uzoq qaynatmang
Choy damlayotganda uni gaz pechi ustiga qo`yib qaynatib olishni istasangiz, 2-3 daqiqadan ortiq ushlamang. Aks holda, ichimlik rangi to`qlashib, ta`mi tahirlashadi. Tarkibidagi antioksidantlar va aminokislotalar ham parchalanadi.
Xaltachalilari: 1 martalik xolos
Maxsus xaltachalarga solingan choylar aslida bir martalik foydalanish uchun mo`ljallangan. Takror ishlatilganida esa foydali xususiyatini yo`qotadi. Ta`mi ham o`zgaradi.
Ovqatdan oldin tavsiya etilmaydi
Taomiliga ko`ra ovqatlanishdan oldin choy ichilmaydi. Aksi bo`lganida esa oshqozonga tushgan suyuqlik ta`m bilish reseptorlariga ta`sir etishi, shuningdek organizmga oqsil singishini sekinlashtirishi mumkin. Eng ma`quli taomlanib bo`lgach, 10-15 daqiqadan so`ng choy ichishdir.
Dori vositalarini choy bilan ichish
Choy tarkibidagi moddalar dori tarkibidagi birikmalarni organizmga singishiga to`sqinlik qiladi, preparat keraklicha ta`sir ko`rsatmaydi. Dori vositalarini, yaxshisi, qaynatilgan yoki gazsiz suv bilan ichish lozim.
Kechagisi...
Choynakdagi choy oshxonangizda tong orttirgan bo`lsa, uni bankaga olib qo`ymay, yaxshisi to`kib yuboring. Chunki bu tariqa saqlangan choyning na foydasi bor, na mazasi. Bakteriya va zamburug`lar uchun qulay muhit bo`lib xizmat qiladi, xolos.






