1

2014 yil oxiriga qadar poytaxtimizdagi barcha avtobuslar GPS tizimi bilan ta`minlanadi

Jamiyat 13.02.2014, 21:43
2014 yil oxiriga qadar poytaxtimizdagi barcha avtobuslar GPS tizimi bilan ta`minlanadi
Hozirgi kunda «GPS», «GLONASS», «GALILEO» atamalari ko`pchilikka  yaxshi tanish.

Minglab avtohavaskorlar GPS moslamasidan unumli foydalanmoqda. Smartfon va planshet egalari esa navigasiyaning sun`iy yo`ldoshli tizimlaridan muntazam foydalanadi. AQShning «GPS», Rossiyaning «GLONASS» (Evropaning «GALILEO» tizimi hozircha tajribadagi loyihadir) tizimlari kundalik foydalanuvchilar uchun turgan joyini xaritadan bilish, notanish hududda mo`ljal olish, masofani aniqlash imkonini beradi. Avtokorxonalar, avtotransport tizimini boshqaradigan idora va tashkilotlarga esa yanada keng imkoniyatlar taqdim etadi, deya [url=http://uza.uz/oz/]xabar beradi O`zA.                    
 
O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi ma`lumotlariga ko`ra, bugungi kunda mamlakatimizda 3 mingdan ortiq avtobus va mikroavtobus shaharlararo yo`nalishlarda qatnamoqda. Kuniga 2,6 mingdan ortiq  yo`nalishda 100 mingdan ziyod yo`lovchi tashilayotir. Mazkur jarayonda yo`lovchilar xavfsizligini ta`minlash eng muhim vazifalardan biri. Statistik ma`lumotlarga qaraganda, yo`nalishdagi avtobus haydovchilari tomonidan sodir etiladigan yo`l-transport hodisalariga belgilangan tezlikdan oshirish, jadvalga rioya etmaslik va boshqa omillar sabab bo`lmoqda. Yo`lda avtotransport vositalarining tizimli nazoratini yuritish yo`l-transport hodisalari sonini kamaytirishga xizmat qiladi.

Transport vositasini GPS monitoring qilib borish qanday afzalliklarga ega? O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish bo`yicha mas`ul xodimi, axborot xizmati rahbari Norbek Toshniyozov sun`iy yo`ldoshli navigasiya tizimi yordamida xaritada transport vositalari harakatini kuzatish, harakat yo`nalishini tekshirish va to`liq statistikasini olish, bosib o`tilgan masofa va to`xtab turilgan vaqtni hisoblash, yonilg`i-moylash materiallari xarajatini kamaytirish, yo`lovchi va yuk tashish jarayonini maqbullashtirish mumkinligini ta`kidladi. 

Transport vositalari monitoringi yo`llardagi tirbandlik yoki haydovchining e`tiborsizligi tufayli kechikish sabablarini aniqlashga yordam beradi. Monitoring tizimi orqali avtomashinalar holatini doimiy nazorat qilib borishning qo`shimcha afzalliklari bor. GPSning bunday keng imkoniyatlari samarasida haydovchilar tartib-intizomga kelib, ayrim noinsof haydovchilarni nazorat qilish imkoni tug`iladi, transport vositasidan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanadi va bartaraf etiladi.
  
Ushbu texnologiyaning ishlash tamoyillari takomillashtirilgan. Transport vositasiga GPS va turli datchiklar o`rnatiladi. Qurilma tomonidan ma`lumotlar «GSM» uyali aloqa kanali orqali maxsus serverga uzatiladi. Kompyuterga kelib tushgan ma`lumotlar maxsus tahlil dasturi yordamida qayta ishlanadi va xaritada transport vositasining harakatlanayotgan o`rnini ko`rsatadigan nuqta paydo bo`ladi. Ta`kidlash joiz, serverda nazorat qilinadigan harakatdagi transport vositalari, ularning harakatlanish davriga oid ma`lumotlar saqlanadi. Bundan tashqari, avtomashinalar «GSM» tarmog`i bilan bog`lanish imkoni bo`lmagan hududda harakatlanganiga oid barcha ma`lumotlar qurilmaning xotirasiga yoziladi. Aloqa tiklangach, transport vositasining harakat yo`nalishiga oid barcha ma`lumotlar serverga uzatiladi. Transport vositasi va uning texnik holati shu tariqa muntazam kuzatuv ostida bo`ladi.
 
O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi mutaxassislari  mamlakatimiz jamoat transporti tizimiga GPSni joriy etishning ahamiyati va dolzarbligidan kelib chiqib, bir necha yil mobaynida xalqaro tajribani o`rgandi. Jumladan, mutaxassislarimiz Janubiy Koreya, Rossiya, Ruminiya, Turkiya mamlakatlarida bo`lib, sun`iy yo`ldoshli navigasiya tizimlarini joriy etish holatini to`liq o`zlashtirdi, ushbu davlatlar mahsulotlarini mamlakatimiz sharoitida sinovdan o`tkazish uchun olib keldi. Turli davlatlarda joriy qilingan bunday zamonaviy tizimlarni o`rganish asnosida yangi milliy avtomatlashtirilgan tizim tuzilmasi aniqlab olindi. Turli loyihalar orasidan eng samaradorlari tanlab olindi. Ular bugungi kunda muayyan iqtisodiy samaralar bermoqda.
 
Mutaxassislarimiz muvaffaqiyatli joriy etilgan loyihalarni o`rganishni boshlab, transport vositalarini boshqarish va monitoring qilishning yangi avtomatlashtirilgan tizimini ishlab chiqdi. Bunga mahalliy sharoit va belgilangan maqsadlardan kelib chiqib, GPS tizimi dasturlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish orqali erishildi. Ushbu yo`nalishdagi ishlar «O`zaxborottrans» mas`uliyati cheklangan jamiyati va xorijlik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Shunday tizimlarni rivojlantirish va ularning xavfsizligini ta`minlash uchun yosh dasturchi mutaxassislar faol jalb etilgan holda, barcha dasturiy qismlarni mamlakatimizda ishlab chiqarishga qaror qilindi. Ko`rilayotgan izchil chora-tadbirlar samarasida 2012 yilda birinchi GPSlar sinov tariqasida shaharlararo va shahar atrofidagi yo`nalishlarda qatnaydigan avtobuslarga o`rnatildi. Ayni paytda mamlakatimizda mazkur qurilma o`rnatilgan avtobuslar soni 300 ga etdi.
 
Mamlakatimizda ishlab chiqilgan ushbu tizim qator afzalliklarga ega ekanini ta`kidlash lozim. Masalan, transport vositasini ish kuni boshlangandan to yakuniga etkuniga qadar nazorat qilish mumkin, haydovchiga qoidabuzarliklar, ehtimoliy xavf yoki yo`ldagi to`siqlar tufayli yo`nalishni o`zgartirish zarurati haqida o`z vaqtida xabar berish imkoniyati mavjud. Shuningdek, masofadan turib dvigatelni o`chirish va eshikni yopish mumkin. Bu dispetcher ko`rsatmalariga amal qilmagan transport vositasiga nisbatan chora qo`llash imkonini beradi.
 
«O`zaxborottrans» mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mamlakatimiz dasturchilari bilan hamkorlikda Dispetcherlik boshqaruvi va trasnport vositalarini monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimining tayanch ishlanmasi yaratildi. Bu tizim O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligidagi server qurilmasida barqaror ishlamoqda. Ushbu tizimning yo`lga qo`yilishi samarasida agentlik mutaxassislari mamlakatimiz bo`ylab yo`lovchi tashish jarayonini avtokorxonalar dispetcherlari bilan birgalikda nazorat qilib bormoqda.
 
«Toshshahartransxizmat» uyushmasi O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining jamoat transportiga GPS texnologiyalarini keng joriy etish bo`yicha tashabbusini qo`llab-quvvatladi. 2013 yil may oyida «VIA-Tashkent» kompaniyasi bilan hamkorlikda harakatdagi transport vositalari tarkibini nazorat qilish tizimini sinovdan o`tkazish jarayoni boshlandi. GPS datchiklari dastlab shaharda harakatlanadigan 8 yo`nalishdagi 95 avtobusga o`rnatildi. «Toshshahartransxizmat» uyushmasi ma`lumotiga ko`ra, joriy yil oxiriga qadar poytaxtimizdagi barcha avtobuslar ushbu tizim bilan ta`minlanadi.
 
2015 yilda Toshkent shahrida GPS monitoringi asosida yo`lovchi tashishni boshqarishnin avtomatlashtirilgan tizimini yaratish rejalashtirilmoqda.
 
Mazkur yo`nalishdagi ishlar jamiyatimizning turli sohalariga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid islohotlarning mantiqiy davomidir. Viloyat, tuman va shaharlar jamoat transportida GPS tizimidan faol foydalanish bu yo`nalishdagi ishlarni yanada kengaytirishga zamin yaratadi.
 
Transport tizimini rivojlantirmasdan turib mamlakatimiz hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta`minlab bo`lmaydi. Yo`lovchi va yuk tashish hajmining ortishi harakatning tezligi, ishonchliligi va xavfsizligiga bo`lgan talablarni kuchaytiradi. Zamonaviy texnologiyalar ushbu masalalarning samarali hal etilishiga ko`maklashadi. Bir so`z bilan aytganda, zamonaviy texnologiyalarning sohaga keng joriy etilishi barcha ishtirokchilar – davlat tuzilmalari, avtokorxonalar, haydovchi va yo`lovchilar foydasiga xizmat qiladi.
 
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1