1

Hikmat izlaganga: BADFE`L AYoL ChANGALIDAGI ShOIR

Moziydan sado 07.11.2017, 09:32
Hikmat izlaganga: BADFE`L AYoL ChANGALIDAGI ShOIR

Mashhur shoir, adib va mutafakkir Muslihiddin Sa`diy Sheroziy Sharq xalqlari orasida Shayx Sa`diy nomi bilan shuhrat qozongan. Bu inson 1203 yili Sheroz shahrida tug`ilgan. 10-11 yoshlarida esa otadan etim qoladi. Uning “Bo`ston” va “Guliston” asarlaridan bahramand bo`lmagan adabiyot muxlisi topilmasa kerak.

Barcha mashhur kishilar kabi Sa`diy hayoti ham afsona va rivoyatlarga ko`milib ketgan. Madrasani tutatgan Sa`diy olgan bilimlarini amaliyotga qo`llash o`rniga, Sharq mamlakatlari bo`ylab uzoq yillik sayohatga otlanadi. Buni ikki sabab bilan asoslash mumkin: birinchisi – shoirning sayohatga o`chligi, ikkinchisi – mo`g`ullar tasarrufidagi ulkan hududda ilmu ijod uchun osoyishta shart-sharoitning yuqligi. U goh olim va voiz, goh so`fiy va darvesh suratida Eron, Arabiston, Kichik Osiyo, Misr, Xuroson, Sharqiy Turkiston kabi mamlakatlarni ba`zida otu eshak, ba`zan esa poyi piyoda kezib chiqadi. Bu sayohatlar 20 yildan ortiq davom etgan. Sayohat davrida Sa`diyga karvonni qaroqchilardan himoya qilib, muhorabaga

kirishiga ham, turli joylardagi madrasa va qozixonalarda va`z o`qishiga ham, shayxu so`fiylar bilan mubohasa qilishiga ham to`g`ri kelgan.

U Hindistonda ham bo`lib, bir muddat butxonada istiqomat qilgan, salibchilarga asir tushib, ularning qal`alarini tuzatish ishlarida ham qatnashishga majbur bo`lgan. Turli manbalarda shoirning Sharq mamlakatlari bo`ylab sayohati 20 yildan 50 yilgacha davom etgani naql qilinadi. Yoki u juda uzoq 102, 108, hatto 120 yil umr ko`rgani aytiladi. Go`yo u o`z umrini uch qismga taqsim qilib, 30 yilini ilm tahsili, 30 yilini sayohat, 30 yilini ijodga bag`ishlagan emish.

Shoir hayotini tadqiqotchilar uning asarlari asosida tiklashga harakat qilganlar.

“GULISTON” ASARIDA ShUNDAY HIKOYaT KELTIRILADI

“Damashqdagi do`stlarimning suhbati jonimga tegib, shahardan bosh olib, Quddusi sharif biyoboniga jo`nadim-da, hayvonlar bilan ulfatlashib, to faranglar qo`liga asir tushgunimcha o`sha erda yashadim. Meni yahudiylar bilan birga qo`shib, Taroblis xandaqini qazishga olib borib ishlatdilar.

Halablik sardorlardan biri men bilan oshna edi, yonimizdan o`ta turib, meni tanib qoldi-da, xitob qildi: “Ie, bu qanday hol?”

Men unga: “Nima ham deyman?” deb javob berdim.

Ahvolimga achinib, o`n dinor to`lab, asirlikdan xalos etdi va o`zi bilan Halabga olib ketdi. U erda yuz dinorlik qalin puli bilan qizini menga nikohlab berdi. Oradan sal vaqt o`tgach bilsam, qizi badfe`l, shallaqi va o`jar ekan, tilini zahar qilib, jonimdan bezor eta boshladi. Oxiri bir kun basharamga tik boqib, ta`na-malomatlar bilan dedi: “Sen otam o`n dinor barobariga faranglardan xalos etgan odam emasmisan?”

Men javob berdim: “Ha, otang o`n dinor barobariga faranglardan ozod etib, yuz dinor barobariga changalingga topshirgan odam men bo`laman!”

Hikoyatlardan kelib chiqib, uning yomon xotinga uchragani, undan bir o`g`il ko`rib, Yamanda bo`lgan vaqtida yolg`iz jigarbandi ham vafot etgani xususida ma`lumot qolgan. “Bo`ston”ning shoir hayoti tafsilotlariga bag`ishlangan qismida quyidagi ishoraga duch kelamiz:

Ba San`oduram, tifle andar guzasht,

Chi go`yam k-az onam, chi bar sar guzasht..

Mazmuni: San`oda musofirligimda bolam dunyodan o`tdi. Boshimdan kechgan hodisalarning qaysi birini aytay?

Sayohatlar davomida Sa`diy hayot ilmini chuqur o`rganib, inson fe`lini butun murakkabligi bilan anglab, o`z davrining ko`pni ko`rgan donishmand kishisi bo`lib etishadi. XIII asrning o`rtalarida Sherozga qaytib kelgan shoir dunyo tashvishlaridan o`zini chetga olib, shahar chekkasidagi shayx Abu Abdulloh Hafif xonaqosida faqirona hayot kechiradi va 1292 yili vafot etadi.

“Sa`diy yolg`iz Eron emas, balki Osiyoning, Afriqoning hamma erida hurmatli bir faylasufdir. Uning tarzi bayonining tarovatini va ifodasining qimmatini Ovrupo ilmu adab ahli ham ko`pdan beri tan olganlar”, deb yozadi mashhur major olimi Xerman Vamberi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tinchlik Kengashi binosi peshtoqiga “Guliston”dan olingan quyidagi misralarning darj etilgani ham Sa`diyning insoniyat shoiriga aylanib ketganligidan dalolat beradi:

Bani odam a`zoi yakdigarand,

Ki dar ofarinish zi yak gavharand.

Chu uzve ba dard ovarad ro`zgor,

Digar uzvhoro namonad qaror.

Mazmuni: “Odam bolalari ibtidoda bir gavhardan bino bo`lganlari tufayli yaxlit bir vujud kabidirlar. Binobarin, zamon uning bir a`zosiga jarohat etkazsa, boshqa a`zolari ham o`z tinchini yo`qotadi”.

Abdulaziz RUSTAM o`g`li

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1