Qo`shnining ekin daraxtlari natijasida ikkinchi qo`shniga zarar etkazilsa, u nima qilishi kerak? Ikki qo`shni orasidagi muammoni qaysi organ hal qilib beradi?
Sh.Sayfullaev, Sirdaryo tumani Yangiobod mahallasi
Farrux FAYZIEV, huquq-magistri
— Fuqarolik kodeksining 985-moddasiga binoan, g`ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga etkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga etkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni etkazgan shaxs tomonidan to`liq hajmda qoplanishi lozim.
Qonunda zararni to`lash majburiyati zarar etkazuvchi bo`lmagan shaxsga yuklatilishi mumkin.
Qonun hujjatlarida yoki shartnomada jabrlanuvchilarga zararni to`lashdan tashqari tovon to`lash majburiyati belgilab qo`yilishi mumkin.
Zarar etkazgan shaxs, agar zarar o`z aybi bilan etkazilmaganini isbotlasa, zararni to`lashdan ozod qilinadi. Qonunda zarar etkazgan shaxsning aybi bo`lmagan taqdirda ham zararni to`lash nazarda tutilishi mumkin.
Ma`lumot o`rnida aytish kerakki, uy hayvoni tomonidan etkazilgan zarar uchun uning mulkdori yoki bu hayvonga egalik qiluvchi va undan foydalanuvchi shaxs umumiy asoslarda javobgar bo`ladi. (FKning 1002-moddasi)
Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 7 oktyabrdagi 274-son Qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolar yig`inining yarashtirish komissiyasi to`g`risida”gi Namunaviy nizomning 5-bandiga asosan, qo`ni-qo`shnilar o`rtasidagi nizolarni bartaraf etish, buzilgan munosabatlarni tiklashga doir amaliy choralar ko`rish; milliy qadriyatlarimizga zid holda muntazam ravishda notinch yashayotgan, qo`ni-qo`shnichilik munosabatlari hamda mahalladagi osoyishtalikning buzilishiga sababchi bo`layotgan oilalarni, turli nojo`ya xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida oilalarning turmush tarzi va muhitini o`rganib, ma`naviy muhitga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi omillarga barham berish chora-tadbirlari amalga oshirilishini tashkil etish fuqarolar yig`inining yarashtirish komissiyasining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.






