15.02.2014 11:12
Zarina Nizomiddinova: “U meni oddiy ayol sifatida sevadi!” (Eksklyuziv)
- Yangi hayot boshlaganingiz bilan tabriklaymiz!
- Rahmat!
- Suhbatni hammani qiziqtirgan savol bilan boshlasak, turmush o`rtog`ingiz bilan qanday tanishgansiz?
- Bu inson bilan bir hamkasbimning tug`ilgan kunida tanishib qolganmiz. Avvaliga do`stlashdik, keyin esa munosabatlarimiz jiddiylashdi. Tanishuvimizga besh oy to`lgandi hamki, kutilmaganda u kishi menga oila qurish taklifini bildirdi. Ochig`i, aynan shu insondan bunday taklif bo`ladi, deb o`ylamagandim. Eng qizig`i, shaxsan o`zi uyimizga kelib, ota-onamdan qo`limni so`ragan. Har bir inson yangi hayot boshlashidan oldin jiddiy o`ylab, so`ng qadam tashlaydi. Aytmoqchimanki, men ham “etti o`lchab bir kesdim”. Chunki, bir bor tilim kuygan-da!
Tan olishim kerak, qarorimni uzoq kuttirmay aytdim. Agar o`sha inson sen uchun yaratilganini xis qilsang, voqelar rivoji o`z-o`zidan amalga oshaverarkan.
- Qaroringizga oila-a`zolaringizning munosabati qanday bo`ldi?
- Oilamizda hamma o`z fikrini mustaqil bayon etishga odatlangan. Qarorimni aytganimda, dadam “Sen mustaqil insonsan. Agar o`z baxtinga ishonsang, senga baxt tilaymiz! Senga ishonamiz”, deb oq fotiha berdi.
- Gazetamizga bergan avvalgi intervyuingizda “Uylanmagan yigitga turmushga chiqmayman!” degandingiz. Demak, o`shandayoq qaror qabul qilgan ekansizda?
- Shunday desa ham bo`ladi. Birinchi turmushimdan ajrashganimda, uylanmagan yigitlardan sovchilar kelgandi. O`shanda o`z tengimga - turmushi o`xshamagan odamga turmushga chiqaman, deb qaror qilgandim. Chunki, bu borada ikki inson teng bo`lishi kerak, deb hisoblayman.
- Turmush o`rtog`ingizning oila-a`zolari bilan ilk tanishuv qanday kechdi?
- Bizda barcha voqealar G`arbona ko`rinishda bo`lib o`tdi. Milliy urf-odatlarimizni to`liq bajarmadik, desam ham bo`ladi. To`yimiz ham zamonaviy tarzda - eng yaqin insonlarimiz davrasida bo`ldi. Odatdagi kelin-kuyovlardek bir erda hammaning raqsga tushishini tomosha qilib o`tirganimiz yo`q. Biz ham mazza qilib raqsga tushdik, mehmonlar bilan vaqtni chog` o`tkazdik. Qisqasi, to`y orzuimdagidek juda chiroyli va fayzli o`tdi.
- Shu insonni “Bir umr kutgan oq otli shahzodam!” deya olasizmi?
- Aslida sevgi-muhabbatga ishonmayman. Atrofdagilarning “o`ldim-kuydim” kabi gaplari menga erish tuyuladi. Realistligim sabab, shunday o`ylasam kerak. Yoshimga yosh qo`shilgani sari hayotni boricha qabul qilish hissi kuchayib boryapti. Yangi hayot boshlashda muhabbatdan ham ko`ra, juftiga ishonch yuqori bo`lishi kerak! Yashirmayman birinchi navbatda “turmushga chiqayotgan odamim o`g`limga otalik qila olarmikan?” degan xayolga toldim. Turmush o`rtog`im esa to`yimizdan avval ham o`g`limga yaxshi munosabatda bo`lib, u uchun qayg`urardi. To`g`ri, o`g`lim Temurxon o`z otasi bilan tez-tez ko`rishib turadi. Ammo o`g`lim bir uyda yashagan insonni ham otasidek xurmat qilib, u bilan yaxshi munosabatda bo`lishini istayman! Bundan tashqari, turmush o`rtog`im uchun mashhurligim emas, shaxs sifatida qiziq bo`lishimni orzu qilganman. Turmush o`rtog`im esa aynan mana shunday inson! U inson uchun kasbim, qanday kiyinishim-u, taniqliligim ikkinchi o`rinda. Meni oddiy ayol sifatida sevadi!
Aliya SULAYMONOVA suhbatlashdi