AsosiySUG'DIYONA

MULTIVARKA — DASTYoRINGIZ!

'MULTIVARKA — DASTYoRINGIZ!'ning rasmi

Maishiy texnika do`konlari peshtaxtalarida yangi oshxona jihozi — multivarka paydo bo`lganiga ko`p bo`lganicha yo`q. Keling, mo``jizakor yordamchi sifatida ta`riflanayotgan bu asbobni xarid qilish uchun vaqt va mablag` sarflashga arzishi yoki yo`qligini bilishga urinib ko`ramiz!

U nima?

Bir qarashda multivarka elektr quvvatidan foydalanib taom pishiradigan, vaqt va haroratni boshqara oladigan kichik qozonchaga o`xshaydi. Bu texnik asbob bo`tqa, sho`rva qaynatish, go`sht, baliq va sabzavotlarni bug`da pishirish, kartoshka qovurish, sharlotka kabi piroglarni tayyorlash hamda bankalarni sterillash mumkin. Faqat har qaysi taom oddiy qozonda tayyorlanganidan 20-30 daqiqa ko`proq vaqt davomida pishadi.

Hajmi

Multivarkaning balandligi, eni va uzunligi taxminan 30 sm. bo`lib, oshxonada katta joyni egallamaydi. Plastikdan ishlangan qobig`ining ostida isituvchi elementi joylashgani uchun asbob ishlatilayotgan vaqtda qo`l kuyishi kabi noxush holat yuz bermaydi. Bundan tashqari, elektron boshqaruvni ta`minlaydigan mikroprosessor hamda echiladigan qozonchasi mavjud. Bu qozoncha tagiga olmaydigan metalldan ishlangani tufayli ovqatingiz kuyib ketmasligi ta`minlangan. Ko`pincha uy bekalariga 2-2,5 va 4-4,5 litr hajmli multivarka taklif etiladi. Yaqinlarini taomlar xilma-xilligi bilan quvontirishni hush ko`ruvchi ayollarga katta hajmligisini olishni maslahat beramiz. Negaki unda kichikroq ikkinchi qozon ham bo`ladi, bir vaqtning o`zida ikki taom pishirish imkoniyati mavjud. Yana multivarkani xarid qilayotganda taomlarni bug`da pishirish uchun mo`ljallangan elaksimon idishi bo`lishiga ahamiyat bering. Shuningdek, qozonchalarning maxsus ustki qatlami sifatli va butunligini tekshirishni unutmang, agar bu qoplam shikastlangan bo`lsa, taom tagiga oladigan, idishning metalli esa o`zidan zaharli moddalar ishlab chiqaradigan bo`ladi. Natijada yaroqsiz bu asbobdan voz kechishdan boshqa ilojingiz qolmaydi.

Unutmang!

Bozorda turli-tuman, sifali va sifatsiz, qimmat va arzon mollarni topish mumkin. Sizga multivarka deya qopqog`i oynadan yasalgan asbobni berishga urinishsa, uni aslo xarid qila ko`rmang. Bu texnikaning haqiqiysida germetik plastik qopqoq bo`lishi shart!

Imkoniyatlari

Multivarkaning standart modeli olti asosiy vazifani bajaradi, ulardan uchtasi — grechixa pishirish, osh damlash va sutli bo`tqa tayyorlashni 100 foiz avtomatik tarzda amalga oshiradi. Asbobning qozonchasiga yormani solib, suv quyiladi va «start» tugmasi bosiladi, xolos. Multivarkaning o`zi yormani pishirish usulini tanlaydi, harorat va vaqtini belgilaydi. Taom tayyor bo`lganida esa tovush signali bilan ogohlantiradi. U yormalarning barcha turini pishirib bera oladi, faqatgina rejimini tanlasangiz kifoya. Multivarkaning qolgan uchta vazifasi — dimlash, bug`da pishirish hamda pishiriq tayyorlash yarim avtomattarzda bo`lib, harorat va vaqt ko`rsatkichlarini kiritish talab etiladi.

Aytgandek, maishiy texnika qanday haroratda ishlashini oydinlashtirib oling. +105 S dan+140 S haroratgacha ishlaydigan multivarka taomni xuddi plitada pishadigan vaqtda tayyor qiladi, +76 Sdan +105 S haroratda pishiradigani esa har doimgidan ko`proq vaqtda pishiradi.

Zamonaviy multivarka qovurishni ham biladi va issiqlik bosimini ham o`zgartira oladi. Yuqori bosimdagi funksiyada taom pishirilsa, past bosim esa engil isitib olish uchun to`g`ri keladi. Bu hammasi emas! Yana multivarkaning taymeri bo`lib, kechqurun mahsulotlarni solib, vaqt belgilansa, nonushtaga issiqqina bo`tqa tayyor bo`lib turadi.

Xavfsizlik qoidalari

Multivarka murakkab maishiy texnika sirasiga kirgani sabab xavfsizlik tizimi mukammal bo`lgan turini tanlashni maslahat beramiz. Qozonchasida mahsulot solinmay turib ishlamaydigani, germetik, taom pishirish davrida blokka tushadigan va oson yuviladigani eng ma`qulidir. Foydalanishda oson va qulay bo`lishi lozim. Har bir tugmasida yozuvi bo`lgani yaxshi. Ayrim multivarkalardan ko`zi ojizlar ham bemalol foydalana olishi uchun tugmalarga Brayl yozuvida belgilar qo`yilgan.

Uy bekasining bu beminnat dastyori poytaxtimiz do`konlarida 280 ming so`mdan boshlab narxlanadi. Vazifasi va qo`shimcha imkoniyatlariga qarab, narxi ham oshib boraveradi.

DILNOZA tayyorladi.

Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi

Boshqa yangiliklar