PREZIDENTIMIZ IMOM BUXORIY XALQARO ILMIY-TADQIQOT MARKAZI QURILIShI BILAN TANIShDI
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 noyabr kuni Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi.
O`tganlar xotirasi yod etilib, Qur`on tilovat qilindi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ushbu majmua qoshida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi barpo etilmoqda.
Prezidentimiz Imom Buxoriy majmuasi, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va hududda joylashadigan boshqa infratuzilma inshootlari konsepsiyasi bilan tanishdi.
Majmua hududida choyxona, savdo shoxobchalari, favvora va boshqa zarur ob`ektlar qurish rejalashtirilgan. Ikki yon tomonda landshaft dizayni asosida mahalliy sharoitga mos butazor va gulzorlar tashkil etish mo`ljallangan.
Davlatimiz rahbari markaz konsepsiyasida ziyoratchilarga qulayliklar yaratish masalasiga alohida e`tibor qaratdi.
Ushbu markaz hajga otlangan ziyoratchilar kelib, buyuk allomalarimiz merosidan bahramand bo`ladigan ilmiy-ma`rifiy maskan bo`lishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoev. Buning uchun ziyoratchilarga hamma qulayliklarni yaratish, xususiy mehmonxonalar barpo etish lozim. Bu erga ziyoratga kelgan odamlarning ibodat qilishi bilan birga, hadis ilmini o`rganishi uchun ham barcha sharoit yaratiladi. Loyihani amalga oshirishda buni alohida hisobga olish zarur. Kelajakda ushbu markaz muqaddas dinimizni, ajdodlarimizning hadisshunoslik rivojiga qo`shgan benazir hissasini targ`ib qiladigan maskan bo`lishi lozim.
Prezidentimizning 2017 yil 27 martdagi “O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq bugungi kunda mazkur markaz qurilishi jadal davom etmoqda. 6 gektar maydonni egallagan hududda hadisshunoslik oliy maktabi ham barpo etilmoqda. Markaz binosida hadis, kalom va qiroat ilmini o`rganishga mo`ljallangan xonalar, qo`lyozmalar kutubxonasi, muzey tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari markaz qurilishini zamonaviy va milliy me`morlik an`analarini uyg`unlashtirgan holda amalga oshirish, bunyodkorlik ishlarida sifatli qurilish materiallaridan foydalanish, hududda ziyorat turizmini keng yo`lga qo`yish bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga tavsiyalar berdi.