ShAVKAT MIRZIYoEV HUDUDLAR RAHBARLARI BIZNES HAMJAMIYaTINING ASSOSIASIYaSINI TA`SIS ETIShNI TAKLIF QILDI
Prezident Shavkat Mirziyoev Samarqandda o`tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo`lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada so`zlagan nutqida mintaqalar o`rtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish lozim ekanini qayd etdi.
Davlat rahbari savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda kooperasiyani mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratish lozim ekanini ta`kidladi.
– Mintaqaviy iqtisodiy forumni tashkil etish bu yo`nalishdagi amaliy qadam bo`lishi mumkin, – dedi Davlat rahbari. – Bu o`rinda gap biznes hamjamiyatlari o`rtasida bevosita muloqot va o`zaro savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va innovasion hamkorlik borasidagi aniq loyihalarni atroflicha muhokama qilish haqida bormoqda.
Prezidentning so`zlariga ko`ra, mintaqa mamlakatlari ishbilarmon doiralari hamda etakchi korxonalar vakillari bilan bir necha bor o`tkazilgan uchrashuvlar iqtisodiy aloqalarni sezilarli ravishda faollashtirish va o`zaro savdo hajmini oshirish imkonini bergan. Xususan, yil boshidan buyon O`zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan tovar aylanmasi o`rtacha 20 foiz, ayrim davlatlar bilan esa qariyb 70 foizga o`sgan.
"Mintaqalararo hamkorlik masalasiga alohida e`tibor qaratilishi lozim. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo davlatlarining hududlar rahbarlari (hokimlari) biznes hamjamiyatining assosiasiyasini ta`sis etishni taklif qilaman.
BMT ekspertlarining hisob-kitoblariga ko`ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasidagi samarali kooperasiya aloqalari 10 yil mobaynida mintaqaviy yalpi ichki mahsulotni kamida ikki barobar oshirish imkonini bergan bo`lar edi.
Ushbu mexanizmlar butun Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni ta`minlagan holda, mamlakatlarimiz hududlarining sanoat, investisiya va intellektual sohalardagi salohiyatini to`la ishga solish imkonini berishiga ishonaman", – degan Prezident Mirziyoev.
Eslatib o`tamiz: Prezident Shavkat Mirziyoev mazkur xalqaro konferensiyada munosib kelajakni ta`minlash uchun bugun bajarilishi lozim bo`lgan oltita ustuvor vazifalarga to`xtalgan edi.






