AsosiyJamiyat

1 MING 456 BIOMETRIK PASPORT O`Z EGALARIGA TOPShIRILDI

'1 MING 456 BIOMETRIK PASPORT O`Z EGALARIGA TOPShIRILDI'ning rasmi

1 MING 456 BIOMETRIK PASPORT O`Z EGALARIGA TOPShIRILDI

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o`tkazilmoqda. Bu haqda O`zAA rasmiy sayti xabar bermoqda.

Bunda xonadonma-xonadan yurib, ichki ishlarning maxsus hisobida turuvchi diniy ekstremistik oqim a`zosi, ilgari sudlanganlarning oila a`zolari bilan tezkor-profilaktik suhbatlar o`tkazishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

– Joriy yil 9 noyabr kuni o`tkazilgan profilaktika tadbirlari doirasida yashash manzilidan uzoq muddatga chiqib ketgan va qaytib kelgan fuqarolar aniqlanib, avtomatlashtirilgan elektron bazaga kiritildi, – deydi viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi inspektori, katta leytenant Suhrob Rahmonov. – Xonadonlarni o`rganish jarayonida 758 nafar fuqaroning huquqbuzarlik sodir etgani aniqlanib, ma`muriy tartibda choralar ko`rildi. Ma`muriy nazorat qonuni ta`siri ostiga tushuvchi 2 nafar ilgari sudlangan shaxsga nisbatan ma`muriy nazorat o`rnatildi.

Mirishkor tumani Yangi Mirishkor qishlog`ida yashovchi, ilgari sudlangan va ma`muriy nazoratda turuvchi A.T. belgilangan muddatda tuman IIBga kelib ro`yxatdan o`tmagani va ma`muriy nazorat qoidasini buzganligi aniqlanib, unga nisbatan tuman ma`muriy sudi tomonidan 149 ming 775 so`m miqdorida jarima jazosi qo`llanildi. Bundan tashqari, jinoyat sodir etib, sud va dastlabki tergov organlaridan yashirinib yurgan shaxslar bilan olib borilgan qidiruv-surishtiruv ishlari davomida olingan ma`lumotlar asosida qidiruvdagi jinoyatchilar yashiringan joylar tekshirilganda, O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismida ko`rsatilgan jinoyatni sodir qilgani uchun Mirishkor tumani IIB tomonidan qidiruvda bo`lgan, 1976 yilda tug`ilgan, Mirishkor tumani Avazcho`l qishlog`ida yashagan Sh.H. qo`lga olindi.

O`quv muassasalarida “Davomat” tadbirlari o`tkazish maqsadida voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha komissiyalar, prokuratura, ichki ishlar organlari, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo`mitasi, kasaba uyushmalari, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi, xalq ta`limi bo`limlarining mas`ul xodimlari, ustoz-murabbiylar, mahalla faollaridan iborat ishchi guruhlari tuzilgan. Ishchi guruh a`zolari tomonidan 1 ming 43 maktabda, 135 akademik lisey va kasb-hunar kollejida davomat o`rganildi. 65 bozor, savdo do`koni, kompyuter xonasi, o`yingoh va boshqalar nazoratga olindi.

O`rganish davomida dars mashg`ulotlariga sababsiz qatnashmayotgan o`quvchilarning ota-onalariga ta`lim majburiy ekani tushuntirildi. 36 nafar ota-onaga nisbatan hujjat rasmiylashtirilib, sababsiz dars mashg`ulotlariga qatnashmayotgan 266 o`quvchi ta`limga qaytarildi. 805 ta`lim muassasasida uchrashuvlar tashkil etilib, jinoyat uchun jazo muqarrarligi haqida tushunchalar berildi.

Pasport-viza tadbiri doirasida 39 nafar doimiy yoki vaqtincha yashash tartibini buzgan va boshqa qoidabuzarliklar sodir etgan 138 nafar fuqaroga nisbatan ma`muriy bayonnoma tuzildi. 4 korxona-tashkilotda, 2 mehmonxonada pasport tizimi qoidalariga amal qilish bo`yicha tekshiruvlar o`tkazildi.

Viloyat hududida yashovchi 241 nafar fuqaroligi bo`lmagan shaxs, 39 nafar xorijiy fuqaro, 32 nafar MDH davlatlaridan kelib vaqtinchalik pasport ro`yxatidan o`tib yashayotgan fuqaro tekshirilib, ularga O`zbekiston Respublikasida bo`lish, turar joy tanlash tartib-qoidalari tushuntirildi.

Viloyat hududida doimiy pasport ro`yxatidan o`tgan 1 ming 239 fuqaro nomiga yangi biometrik pasport rasmiylashtirish uchun elektron talabnoma shakllantirildi. 1 ming 456 biometrik pasport o`z egalariga topshirildi. 2 ming 366 nafardan ortiq fuqaro ro`yxatdan o`tish va ro`yxatdan chiqish kabi turli masalalar yuzasidan qabul qilinib, murojaatlari ijobiy hal etildi. 188 nafar 16 yoshga to`lgan birinchi marta biometrik pasport olayotgan o`smirga ham elektron talabnoma shakllantirildi.

Ta`kidlash joizki, ichki ishlar idoralari xodimlarining xalq orasida bo`lishi, xonadonma-xonadon yurib, oilalardagi ijtimoiy-ma`naviy muhitni yaqindan o`rganishi natijasida ko`plab huquqbuzarlik va jinoyatlar fosh etilishi bilan birga, ularni kundan-kunga kamaytirishga erishilmoqda.

    Boshqa yangiliklar