O`zbekistonning Hukumat delegasiyasi Germaniyaga tashrif buyuradi. 14–17 noyabr kunlari O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi Hukumat delegasiyasi Germaniya Federativ Respublikasiga tashrif buyuradi. Bu haqda TIVning Matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, tashrif davomida Myunxen shahrida Bavariya Federal eri Bosh vaziri Horst Zeehofer va boshqa rasmiy shaxslar bilan uchrashuvlar o`tkazilishi kutilmoqda.
Shuningdek, O`zbekiston delegasiyasi Germaniya iqtisodiyotining Sharqiy qo`mitasi va O`zbekiston–Germaniya ishbilarmonlar kengashining majlislarida ishtirok etadi.
“KfV” Germaniya taraqqiyot banki va GFR etakchi kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o`tkazish hamda O`zbekiston bilan hamkorlik o`rnatishga qiziqish bildirgan ba`zi yirik zamonaviy korxonalarga tashrif buyurish ko`zda tutilgani aytilgan.
O`zbekiston–Germaniya biznes furumi doirasida va tashrif yakuniga ko`ra iqtisodiyot va investisiya sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi kutilayotgani qayd etilgan.
Ma`lumot uchun, Germaniya Federativ Respublikasi O`zbekistonning Evropadagi eng yirik hamkorlaridan biri hisoblanadi. Ikki mamlakat o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2016 yilda 520 mln AQSh dollaridan ortgan.






