Anjuman O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda byudjet tashkilotlarining moliya-hisob bo`linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o`quv markazi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining “O`zbekistonda davlat moliyasini isloh etishga ko`maklashish” loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda mamlakatimiz moliya tizimida olib borilayotgan islohotlar, xususan, davlat byudjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta`minlash masalalari haqida so`z yuritildi.
O`zbekiston Respublikasi moliya vaziri o`rinbosari D.Sattorov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar asosida mamlakatimizda iqtisodiy dasturning eng muhim yo`nalishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ta`kidladi. Bunday o`zgarishlar samaralari makroiqtisodiy ko`rsatkichlarga erishishda, byudjet siyosatining asosiy yo`nalishlari va davlat byudjetining muvaffaqiyatli ijro etilishida namoyon bo`layotgani qayd etildi.
Konferensiyada 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi doirasi amalga oshirilayotgan islohotlar va rivojlanish istiqbollari atroflicha muhokama etildi. Tadbir davlat byudjetini boshqarishda daromadlarni shakllantirish, xarajatlarning samarali ijrosini ta`minlash, byudjet intizomiga rioya etish kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish imkonini berdi.
Anjumanda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi vakillari, Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki va soha mutaxassislarining byudjetni tuzish va g`aznachilik ijrosi, davlat moliyaviy nazorati, ichki va tashqi audit, moliyaviy shaffoflikni ta`minlashning ustuvor yo`nalishlari kabi mavzular bo`yicha ma`ruzalari tinglandi.






