1

O`ZBEKISTON VA ISPANIYa O`RTASIDA AVIAQATNOV TO`G`RISIDA BITIM IMZOLANDI

Siyosat 15.11.2017, 11:19
O`ZBEKISTON VA ISPANIYa O`RTASIDA AVIAQATNOV TO`G`RISIDA BITIM IMZOLANDI

2017 yilning 14 noyabr kuni Madrid shahrida O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ispaniya Qirolligi tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Alfonso Dastis bilan uchrashdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishda istiqbolli yo`nalishlariga alohida e`tibor bergan holda davlatlararo aloqalarning ko`plab masalalari batafsil muhokama qilindi hamda «O`zbekiston — Evropa Ittifoqi», «Markaziy Osiyo — Evropa Ittifoqi» doirasidagi o`zaro hamkorlik ko`rib chiqildi va muhim xalqaro muammolar to`g`risida fikr almashildi.

Ostona shahrida 2017 yilning 9 iyun kuni bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Ispaniya qiroli Filipp VI bilan uchrashuvi azaldan ishonchli va konstruktiv xususiyatga ega O`zbekiston hamda Ispaniya muloqotining muhim bosqichi bo`lganligi mamnuniyat bilan ta`kidlandi.

Shuningdek, uchrashuvda turizm sohasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Muzokaralar yakuniga etgach, vazirlar O`zbekiston Respublikasi bilan Ispaniya Qirolligi o`rtasida aviaqatnov to`g`risidagi bitim va O`zbekiston Respublikasi hukumati bilan Ispaniya Qirolligi hukumati o`rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari to`g`risidagi bitim imzoladilar.

Mazkur hujjatlar transport-kommunikasiya sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratadi, shuningdek, ikki mamlakat milliy yuk tashuvchilarining qatnov geografiyasini kengaytish imkonini beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1