AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTONDA SO`NGGI IKKI OYDA AHOLINING 565 MLN. AQSh DOLLAR MIQDORIDAGI MABLAG`LARI SOTIB OLINDI

'​O`ZBEKISTONDA SO`NGGI IKKI OYDA AHOLINING 565 MLN. AQSh DOLLAR MIQDORIDAGI MABLAG`LARI SOTIB OLINDI'ning rasmi

Bu haqda Xalqaro press-klubning “Valyuta liberallashuvi: Dastlabki natijalar va istiqboldagi rejalar” mavzuida bo`lib o`tgan bugungi sessiyasida ma`lum qilindi.

Xalqaro Press-klubning mazkur mavzudagi sessiyasi spikerlari tomonidan ma`lum qilinishicha, davlat rahbarining “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni ijrosi doirasida sentyabr oyidan boshlab valyuta kursini shakllantirishning bozor mexanizmini joriy etish orqali ichki valyuta bozorini liberallashtirishga kirishilgan.

Sessiya spikerlarining ta`kidlashicha, iqtisodiyotdagi mavjud sharoitlar hamda liberallashtirish jarayonidagi ustuvor vazifalardan kelib chiqib, tayyorlov bosqichida quyidagi jihatlarga alohida diqqat berildi:

Birinchidan, inflyasion bosimni pasaytirish va valyuta bozorida spekulyativ talabning o`sish ehtimolini bartaraf etish choralari ko`rildi. Mazkur maqsadga qat`iy pul-kredit siyosatini yuritish, ya`ni qayta moliyalash stavkasini 9% dan 14% gacha oshirish orqali erishildi.

Ikkinchidan, bank tizimi barqarorligini mustahkamlash maqsadida quyidagi choralar amalga oshirildi:

- banklarning ustav kapitallari davlat quyilmalari hisobiga (670 mln. AQSh dollari miqdorida xorijiy valyutada) ko`paytirildi. Natijada bank tizimining yalpi kapitali 40% dan ortiq o`sdi;

- Markaziy bankning tijorat banklarini likvidlik bilan ta`minlash mexanizmlari faollashtirildi;

- kurs siyosatining yangi sharoitlariga bardoshligini aniqlash maqsadida banklar stress-testdan o`tkazildi, banklarni prudensial nazorat qilish choralari kuchaytirildi;

- yil yakuniga 20 foiz darajasigacha etkazish sharti bilan bir lahzali likvidlik koeffisienti bo`yicha minimal talablar joriy etildi.

Uchinchidan, yirik va strategik korxonalarning moliyaviy holati va xorijiy valyutadagi mavjud qarzdorliklari hisobga olinib, iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlariga ajratilgan kreditlar restrukturizasiya qilindi hamda alohida korxonalarga, ularning moliyaviy holatiga milliy valyuta devalvasiyasining salbiy ta`sirini bartaraf etish uchun soliq imtiyozlari berildi.

To`rtinchidan, hukumatning manzilli choralaridan kelib chiqib, kam ta`minlangan oilalarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash choralari ko`rilmoqda.

Beshinchidan, ichki bozorni ijtimoiy zarur tovarlar bilan to`ldirish, tovarlar importida bojxona va boshqa to`lovlar hisobiga narxlarning keskin o`sib ketishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida import stavkalari qayta ko`rib chiqildi.

Shuningdek, milliy valyutaga nisbatan ishonchni mustahkamlash uchun ichki bozorda barcha hisob-kitob va to`lovlar faqat so`mda amalga oshirilishi bo`yicha me`yorlar o`rnatildi.

    Boshqa yangiliklar