AsosiySUG'DIYONA

KAJOL VA AJAY DEVGAN: «OILANING BAXTI TARTIBDAN BOShLANADI!»

'KAJOL VA AJAY DEVGAN: «OILANING BAXTI TARTIBDAN BOShLANADI!»'ning rasmi

Kajol va Ajay! Bu ikki qiyofa bir-birini to`ldirib turadigandek. Agar yaxshilab razm solsangiz, chehralaridagi o`xshashlik ham yaqqol ko`zga tashlanadi. Eng qizig`i, bu oila haqida faqat yaxshi gaplar quloqqa chalinadi.

Kajol

Kajol Mukerji Devgan — 1974 yil 5 avgustda Mumbayda tug`ilgan.

Onasi Tanuja Mukerji aktrisa, otasi Shomu Mukerji prodyusser, rejissyor.

18 yoshida ilk filmi «Shov-shuvli debyut» katta ekranga chiqadi.

Shoxrux Xon va Kajol juftligi dunyo kinoishqibozlari tomonidan alohida e`tirof etiladi.

Ajay Devgan

Vishal Viru Devgan 1969 yil 2 aprelda Dehlida tug`ilgan.

Otasi Viru Devgan rejissyor, kaskadyorbo`lgan.

Kinodagi faoliyatini 1985 yilda boshlagan.

Ajay va Kajol 1995 yilda «Oila va qonun» filmini suratga olish jarayonida tanishishadi. To`rt yil davomida munosabatlari haqida ochiq-oydin ma`lumot berishmaydi. Lekin OAV ularning do`stona munosabatlarini nazardan chetda qoldirmaslikka harakat qiladi. 1999 yilning 24 fevralida ular ommaga oshkor qilmasdan faqat yaqinlari, do`stlari davrasida nikohdan o`tishadi. Hozir ularning qizalog`i Nisa 14 yosh, o`g`li Yug esa 8 yoshda. Bollivud Kajolni baxtli ayol va omadli aktrisa, deya e`tirof etadi.

«Kajolda mehribon ona qiyofasini ko`rolmasdim…»

— Ajay, Kajolning qaysi odatini o`zgartirib bo`lmaydi?

— Bilasizmi, har bir odamda o`zgartirib bo`lmaydigan nimadir bo`ladi... Masalan, men ozgina odamoviman, har qanchafaollikka intilmay, baribir, uddalay olmayman. Kajol esa qancha harakat qilsa ham, odamovi, kamgap bo`la olmasa kerak... Aslida, odamni boricha qabul qilgan ma`qul.

— Syo`mka jarayonida uni aktrisa sifatida qabul qilish qiyin kechmaydimi?

— Juda murakkab emas, lekin biroz noqulay vaziyatlar bo`lishi mumkin. Ammo Kajol bilan bir filmda partnyor bo`lib ishlash boshqa aktrisalar bilan ishlagandan ancha ma`qul. U partnyor bilan yaxshi ishlaydi.

Farzandlar tarbiyasida uning qattiqqo`l ona obrazi qanchalik samara beradi?

— Onalar, odatda, juda mehribon bo`ladi. Qattiqqo`llik esa shunchaki niqob. Kajolni bu niqobida ko`rsam, kulgim keladi. U ham o`sha sahnada meni sezmaslikka intiladi. Lekin farzandlarimiz buni bilishi shart emas, deydi.

— «Tanpurlik supermen» filmingizni bolalaringiz uchun suratga olganingiz rostmi?

— Kino hech qachon ma`lum odamlar uchun ishlanmaydi. G`oyaga kimlardir sabab bo`lishi mumkin. Kichkintoylar uchun film suratga olish qiyin. Ulg`ayganingizdan keyin bola bo`lgingiz keladi-yu, ammo bola bo`lishni uddalay olmas ekansiz. Shunday bo`lsa-da, harakat qildik. Bu kartina barcha bolalar uchun mo`ljallangan ertak-sarguzasht film.

Oilada sizning obrazingiz qanday?

— Oddiy va mehribon otaman! Imkon qadar bolalarim bilan ko`proq vaqt o`tkazishni xohlayman. Ammo har qancha istamay, baribir buning uddasidan chiqa olmayman. Kajol esa bu borada ancha omadli. U farzandlarimiz uchun etarlicha vaqt topadi. To`g`risi, boshida men undanmehribon va talabchan ona chiqadi deb, o`ylamagandim. Adashgan ekanman!

Kajolning syurprizlari ko`p...

— Deyarli kunora nimadir yuz beradi (kulib). Gohida xorijda s`yomkada bo`lsam, menga aytmay, bolalarni olib, izimdan etib borishi yoki yarim tunda restoranda kutib o`tirishi mumkin.

— Bollivuddagi juftliklarning mashmashalari tez-tez quloqqa chalinadi... Sizlarda hamisha yaxshi gap! Baxtingizni siri nimada?

— Bilmadim, buni sir deb bo`larmikan?! Oilaviy munosabatlardagi ma`lum me`yorlar, balki, o`z o`rnidadir... Qolaversa, sevgining bora-bora hurmatga, samimiyatga aylanishi,bolalarning kelajagi qayg`usi... Kajol va meni barcha oilalarda mavjud bo`lgan an`nanaviy rishtalar birlashtiradi. Biz faqat o`sha rishtalarni qadrlaymiz.

«Uydagi gapni ko`chaga chiqarmaymiz!»

— Yashash va ishlash mashaqqatini qanday engib o`tasiz?

— Men hayotni mashaqqat deb bilmayman, aksincha yashashdan zavq olish mahoratini bilish kerak!

— Hammasiga ulgurayapsiz... Yaxshi beka, omadli aktrisa, faol jamoatchiga ham aylanib qoldingiz? Qiyin emasmi?

— Yo`q, qiyin emas. Shunchaki kuningizni to`g`ri taqsimlab olsangiz, bo`ldi. Men ertalab 5:30 da uyg`onib, 6:00 da sportzalda bo`laman. 7:00 da oshxonada nonushta tayyorlashni boshlayman. Nisani 8:30 maktabga kuzataman. Keyin ish va uy yumushlariga sho`ng`iyman. Orada o`zimning ehtiyojlarimni ham unutmayman. 22:00 da men uxlashim shart! Agar mana shu tartibga rioya qilsangiz, qiynalmasdan uyg`onishingiz va mazza qilib orom olishingiz mumkin.

Qattiqqo`l onaligingizni bilamiz?

— Bu haqda ko`p gapirganim uchundir balki... Bolalar tarbiya me`yorlarini his etishi uchun bunday usul muhim. Chunki, mening ishim ularning nigohida jiddiy va murakkab ko`rinmaydi. Bu esa munosabatlarimizda biroz engillikning tug`ilishiga sabab bo`ladi. Hozir kino mashaqqatli mehnat, men va dadang qiynalib ishlayapmiz, degan dakkilar berish befoyda. Qolaversa, buni ular 18 yoshida ham tushunib etmasligi aniq. O`zim ham sohamiz haqida faqat oson o`ylaganman. Yana bilasizmi, bu tezkor davrda bolalar tarbiyasi ham ancha murakkablashgan. To`g`ri, zamon bilan hamnafas yashash yaxshi, lekin uning salbiy jihatlarini ham unutmaslik kerak.

— Shuning uchun ham ko`p vaqtingizni oilaga ajratgandidirsizda?

— Ha, meni bolalarim o`ziga bog`lab oldi. Hech qachon karera, deb ulardan uzoqlasha olmayman. Qolaversa, avvalgidek shov-shuvli mashhurlikni orzu qilayotganim yo`q. Menga shu darajam etadi. Aslida, insonning yashab o`tadigan va yashashi lozim bo`lgan umr pog`onalari bor.

Oilaviy muammolaringizni onangiz bilan bo`lishasizmi?

— Yo`q! Muammolar Ajay bilan o`rtamizda hal bo`ladi. Maslahat solishim, nimanidir tushunmasam, so`rashim mumkin. Biroq hech qachon shikoyatlarimni ota uyimga orqalab bormayman.

— Turmush o`rtog`ingiz bilan kelishmovchiliklarni qanday barataraf qilasiz?

— Men sal urushqoqroqman! Ajay esa ancha bosiq! Bolalarimiz oldida muammolar haqida gapirmaymiz. Bu ikkimizning obro`miz uchun zarur. Ozgina asabiylashsam, otasi ham, bolalarim ham sekin-asta o`z xonalariga kirib ketishadi... (kulib) Qarabsizki, yolg`iz qolaman! Jiddiy jarayonlarda Ajay meni yo`lga soladi, avval eshitadi, keyin to`g`ri bo`lsa ma`qullaydi, unga yoqmasa, e`tiroz bildiradi. Ba`zi masalalar esa nigohlar bilan ham hal bo`ladi.

Siz uchun sevgi?

— Senga tegishli bo`lgan har bir vaziyat, jarayon, xatti-harakatlar unga ham taalluqli bo`lishi! Bu tuyg`uni har kuni his etish imkonini birovga berib qo`ymaslik kerak!

Siz uchun eng go`zal va ideal ayol kim?

— Mening onam! U sarining eng oddiysi, jinsining eng zamonaviysini kiysa ham latofatini namoyon eta oladi. O`ziga nisbatan qo`ygan talablari ham yarashadi. Hamisha ularga o`xshashga intilganman, lekin uddasidan chiqa olmadim...

— Eng esda qolarli kun sizningcha qanday bo`lishi kerak?

— U har kuni yuz berishi kerak bo`lgan voqea! Masalan, menda shunday. 12:00 da bolalarimni maktabdan olib uyga qaytaman. Birga tushlik qilamiz, sayrga chiqamiz, uy vazifalarini bajaramiz... Bu esda qoladigan kun men uchun!

— Rejissyorlikka da`vogarlik qilasizmi?

— Menda boshqarish qobiliyati yo`q. Birovga ovozim boricha gapirishim mumkindir, ammo buyruq berolmayman. Men ijrochiman. Rejissyorlik menga emas!

Sevdo NIYoZOVA tayyorladi.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi

Boshqa yangiliklar