AsosiySUG'DIYONA

«RAFIQAM KELINOYIM BILAN JANJALLAShADI»

'«RAFIQAM KELINOYIM BILAN JANJALLAShADI»'ning rasmi

Javlon, 28 yosh, Urganch shahridan:

— Ota-onam uylanish haqida gap ochishganida yoqtirgan qizim borligini aytganman. Oilamdagilar qarshilik bildirishmagan, “Sevganing bo`lsa undan ham yaxshi, bir-biringni tushunib yashaysanlar”, deb onam xursand bo`lgandi. Sovchilikka borganlarida yoqtirgan qizimning oyisini onam unchalik xushlamagan. Baxtimdan sarmast holda osmonlarda uchib yurardim. Lekin kelinchagim to`yimizga bir oy bo`lmasdan katta kelinoyim bilan arazlashib, uyiga ketib qoldi. Ayb kimdan o`tganligini bilmayman. Kelinoyim to`rt yildan buyon biz bilan yashaydi. Shu vaqt davomida hech birimizga yomon gapirmagan. Onam bilan ayolimni olib keldik. Ayolim tez orada homilador bo`ldi. Ko`pincha tobi bo`lmaydi, uni asrab-avaylayapmiz. Biroq kelinoyim bilan hanuzgacha til topisholmadi. Akam men uylanishimdan avval o`zi uchun er sotib olib, hovli qurishni boshlagandi. Hovlisi bitib qolganini eshitgan xotinim shu uyga biz ko`chib chiqamiz, deb uyda janjal boshlagan. Sevganim bo`lsa ham, uning erkaliklaridan, onasining hamma ishimizga aralashuvidan charchab ketdim. Nima qilishga hayronman...

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Mahmud ISMOILOV maslahat beradi: — Xalqimizda yozilmagan qoida bor, ota-ona bilan kenja farzand qoladi degan. Ayolingizga shuni eslatib qo`ying. Hamma o`z mehnatiga yarashasini oladi. Akangiz va kelinoyingiz mehnat qilib, uy qurishibdi, endi ular o`sha uyda rohatlanib yashashga munosiblar. Xotiningiz aka-uka, ota-ona va farzand o`rtasiga sovuqchilik tushirishni istamasa, bu qiliqlarini yig`ishtirsin. Qaynona-qaynotasining xizmatidan og`rinmasin. Agar ayolingizga sizlarning gaplariingiz og`ir botsa, uni faqat o`z ota-onasi yo`lga sola oladi. Buning uchun siz qaynotangiz bilan bafurja gaplashing. Uyingizdagi janjal faqat kelinlar o`rtasida bo`lsa, akangiz oilasi bilan ko`chib ketsa, bu janjallar ham barham topadi. Arzimagan muammolarni deb oilangizning tinchligini buzmang. Sizga va ayolingizga faqat sabr qiling deb ayta olaman.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Boshqa yangiliklar