— Turmush o`rtog`im I guruh nogironi, o`zim II guruh nogironiman. Turmush o`rtog`imga qarab o`tirganim hisobga olinib, pensiyam oshirilishi mumkinmi?
Muyassar Sobirova, Xorazm viloyati Hazorasp tumani
M.TLEUOV, Pensiya jamg`armasi ijro etuvchi direktorining o`rinbosari
— O`zbekiston Respublikasi "Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`risida"gi Qonunning 37-moddasi "d" bandiga asosan I guruh nogironiga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo`shib hisoblanadi.Mazkur moddaning ikkinchi qismiga asosan I guruh nogironiga qarab turilgan vaqt ushbu moddaning "a"-"g" bandlarida ko`rsatib o`tilgan umumiy ish staji kamida 7 yil bo`lganda ish stajiga qo`shib hisoblanadi.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi 252-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Davlat pensiyalarini tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida"gi Nizomning 54-bandiga muvofiq nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki vafot etgan nogiron uchun boquvchisini yo`qotganlik pensiyalarini hisoblab chiqish uchun ish stajiga qo`shib hisoblanadi. Qonun hujjatlarida qarab turgan shaxsga nisbatan boshqa imtiyozlar ko`zda tutilmagan.






