AsosiySUG'DIYONA

«BOLAM TAShQI KO`RINIShIDAN UYaLADI...»

'«BOLAM TAShQI KO`RINIShIDAN UYaLADI...»'ning rasmi

O`g`lim sakkiz yoshda. Kecha o`rtoqlari uni masxara qilishibdi. Eslasam, bog`chada ham nuqul quloqlarini yashirib o`tirardi, chunki ular katta. Endi maktabga bormoqchimas. Nima qilsam ekan?

Nasiba, Pop tumani

Bolada qiyofasi, tana tuzilishi bilan bog`liq komplekslar paydo bo`lsa va bular uning ruhiyatiga, o`qishiga ta`sir qilsa, ota-onalar qanday yo`l tutishi kerak? Ruhshunos Nargiz SATTAROVA bilan mavzuni tahlil qilamiz.

Muammoning ildizi chaqaloqlikda?

Olimlar inson hayotidagi bir yarim yoshgacha bo`lgan davr ko`p narsani belgilab berishini ta`kidlashadi. Farzandi dunyoga kelgach, ayol uchun onalik birinchi o`ringa chiqadi. Ammo tug`uruqdan keyingi depressiya, tananing o`ziga kelmaganligi, ro`zg`or, mehmonlar tashvishi ham bor. Ulardan ortish mushkul, biroq bolaning jismoniy ehtiyojlari qondirilsa, uxlasa, jim yotsa, bo`ldi degan tushuncha bilan kifoyalanib qolish kerakmas. Uni ko`p, ha, juda ko`p bag`ringizga bosing. «Qo`lga o`rganib qoladi, onasiga bog`lanib qoladi», degan gaplardan qoching. Bolajoningiz to`qqiz oy sizning olamingizda yashadi. U uchun hayotining ilk pallasida dunyodagi yagona himoyachi, mehriboni sizsiz. Endi e`tibor va mehringizni ko`p va xo`p bering, qanchalik yaxshi ko`rishingizni tilingizga chiqaring. Toki dunyoda uni qanday bo`lsa, shundayligicha sevuvchi inson borligini his qilib katta bo`lsin!

Kamsitmang!

Bolalardagi komplekslarni aynan ota-ona ularning ongiga singdiradi. Deylik, kichkintoy biror xato ish qildi. «Beso`naqaysan-da, bir ishni eplolmaysan» tarzida urishmang. Ota-onalar, bolangizning biror noto`g`ri harakati sizga yoqmasa, buni ayting, ammo uning qiyofasi bilan bog`liq, ya`ni shaxsiyatiga teguvchi tanbehlarni bera ko`rmang. Chunki bu tanbehu tanqidlaringiz ta`sirida bora-bora u o`zini-o`zi kamsita boshlaydi.

«Oyog`ingni qiyshaytirib bosma» deya yassioyoqlik bilan tug`ilgan farzandini davolatishga vaqt ajratmagani uchun ona alamini sochadi. Bola onasiga «Men aybdormasman-ku», deb ayta olmaydi. U «Hammaning oyog`i to`g`ri, bir meniki qiyshiq», deya o`zini-o`zi kamsita boshlaydi va qarabsizki, o`zini past baholaydi.

Boricha seving!

Nima uchun ota-onalar o`z farzandini bu qadar qattiq tanqid qilishadi? Chunki ular bolasi ideal bo`lishini istaydi, qanaqadir qoliplarga solishadi, o`zlarining va jamiyatning barcha talablariga javob berishini talab qiladilar. Afsuski, bu talablar bola uchun emas, «Ota-onasi zo`r ekan» deyishlari uchun bajarilishi kerak. Masalaning yana bir tomoni, ota yoki onaning o`zida komplekslar bor, faqat ularni to`g`irlashga harakat qilishmaydi. Boshqaning kamchiligini to`g`irlash esa go`yoki oson. Ayniqsa, farzandikini. Bola kuchsiz, ojiz, bo`ysunishga majbur, har tomonlama ota-onaga bog`liq. «Ota-onasiman-ku haqqim bor!» deya uni istagancha urishish, kamsitish, uyaltirish mumkin, deb hisoblaydiganlar ham bor. Shundaylarga avvalo o`z ustingizda ishlang, kerak bo`lsa, mutaxassis darslariga qatnashib, komplekslaringizdan xalos bo`ling, deyishni istardik.

Esda tuting, bola meni yaxshi ko`rishadi, degan ishonch bilan o`ssa, u o`zini yaxshi his qiladi, hech qachon kamsitmaydi. Sevgidek kuchli qudrat yo`q!

Solishtirmang!

Kichkintoy bog`cha yo maktabga chiqqach, o`zini atrofdagilar bilan solishtira boshlaydi. Albatta, o`z-o`zidan emas. Ota-onasi bu borada o`rnak ko`rsatishgan. Farzandini boshqa bolalarga qiyoslashgan. «Zarinani, qara, ozg`ingina qiz, sen esa kundan-kun semirayapsan, kamroq ovqat e», deysiz qizingizni ozdirish uchun. Gap faqat ovqatda emas, semirishning sabablari ko`p, jumladan, bolada ruhiy muammo ham bo`lishi mumkin. Ortiqcha vazn esa himoya vositasi. Aslida, do`mboqqina bolalar shiringina bo`ladi. Balkim, keyinchalik u ham ozib qolar. Hali qomat haqida umuman tushunchaga ega bo`lmagan bolani siquvga olmang.

Tabiiy jarayonlarni tabiy qabul qiling!

O`smirlarning deyarli hammasining yuziga husunbuzar toshadi. Yigitlar ham, qizlar ham bundan uyalishadi. Onalar, «Yuzingni bir balo qil» deyish o`rniga «Kel, men senga yordam beraman! Har kuni kechqurun uyquga yotishdan avval yuzingni tozalaymiz, keyin niqob surtamiz», deya u bilan ishlang.

Tana rivojlanayotgan paytda ayollar qizlar bilan to`g`ri munosabat qilishi lozim. Har ikki gapning birida qornini tortib yurishi, ko`kragini yashirishi kerakligini ta`kidlayvermang. Qizi o`z tanasidan uyalib, bukchayib yura boshlasa, kuragiga uradiganlar ham bor. Onalar, biling, qaddini tik tutib yurish salomatlikka koni foyda, qizingiz ayol bo`lib shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Qaddini tik tutgan inson muammolarga ham tik qaraydi, kuchli bo`ladi, o`ziga ishonadi, malikalardek ulg`ayadi!

Uyalsa, yaxshimas!

Uyat bilan kompleksning farqi bor. Tashqi ko`rinishidan uyalayotgan bola o`zidan qoniqmaydi. Bu qoniqmaslik esa uning shaxs sifatida rivojlanishiga salbiy ta`sir qiladi. Siz bolangiz odobli bo`lishi uchun uyatchan bo`lishini istayapsizmi? Unda qadriyatlarni shakllantiring. O`zingiz o`rnak bo`ling. Dadasi bobo-buvisining yonida maykachan o`tirsa, bola buni yaxshi, deb qabul qiladi. Unutmang, bola ongiga ikki yoshdan bu yaxshi, bu yomon degan xulosalar muhrlana boshlaydi. Aytaylik, ona kim bilandir g`iybat qilayapti, gapi orasida «O`zi bir pakana», deya bepisandlik bilan gapirdi. Kichkintoy tabiiyki, «Pakanalik nuqson ekan, odamlarga tashqi ko`riniga qarab baho berilarkan», deya o`ylay boshlaydi. Oqibatda, bo`yi past o`rtog`ining ustidan kuladi yoki o`zining tashqi ko`rinishidagi biror jihat uchun uyala boshlaydi.

Maqtang!

Nega faqat besh baho olib kelsa, maqtaysiz? Aslida bu yo`l bilan «Men yaxshi onaman!» deya bola hisobidan o`zingizga bo`lgan ishonchni oshirib olmayapsizmi? Bugundan uning tashqi ko`rinishini ham maqtang.

Aybdorlik hissidan xalos bo`ling!

Bolaning tashqi ko`rinishidagi biror kamchilik uchun ota-ona o`zini aybdor sanaydi. Chunki farzand uning bir bo`lagi. Biroq o`zingizni ham, kichkintoyni ham qiynashdan foyda yo`q. Yaxshisi, uning boshqa afzal tomonlarini rivojlantiring. Bola ko`chadan «Ustimdan kulishdi. Nega mening boshim katta?» deya yig`lab kelsa, shunchaki ovutmang yoki «Ular o`zini bilsin», deya boshqalarning kamchiliklarini sanay ketmang. Mavjud muammoni boricha qabul qiling, o`zgartirib bo`lmaydimi, diqqatni boshga tomonga qarating. «Qara, qo`lingdan kelmaydigan ish yo`q, ayniqsa, narsa yasashga ustasan!» kabi e`tiroflar bilan uning o`ziga xos yaxshi jihatlarini rivojlantiring. Qarabsizki, bolangizdagi ko`zga tashlanuvchi nuqsonga boshqalar e`tibor bermay qo`yadi. Chunki uning e`tiborga molik iste`dodi yuzaga chiqadi.

O`qituvchisi bilan gaplashib oling!

Boladagi komplekslarning kuchayishiga o`qituvchilar ham hissa qo`shadi. Doska oldida echolmagan misoli uchun sharmanda qilib, ruhini sindiradiganlar ham bor. Agar farzandingiz bilan bog`cha-maktabda shunday vaziyat yuz bersa, yuzma-yuz tarbiyachi, o`qituvchisi bilan gaplashib oling. Zarurat tug`ilsa, bolani boshqa sinf yoki guruhga olib o`ting. Lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bor, biz bolalarni doim kimdandir himoya qilib yasholmaymiz. Shuning uchun o`ziga bo`lgan ishonchni oshiring.

Laqab qo`yishsa...

Agar bog`cha yoki maktab laqab qo`yish bilan muammo yuz bersa, tarbiyachi yoki o`qituvchi vaziyatni ijobiy tomonga o`zgartirishi kerak. Masalan, «Kelinglar, o`yin o`ynaymiz», deya matematikani zo`r biladigan o`quvchini «Al-Xorazmiy», uchuvchi bo`lish orzusidagini «Gagarin» deb atash mumkin. Yoki «Qani, kim ismining asl ma`nosini biladi?» degan savol bilan ularni o`z ismining ma`nosini bilishga qiziqtirish lozim. Onalar ham shu yo`l bilan farzandi o`z ismidan faxrlanishi uchun imkon yarating.

Ikki muhim shart

«Seni yaxshi ko`raman!» Har kuni ertalab va kechki payt, dars tayyorlagani yoki uyni tozalab qo`ygani uchunmas, shunchaki bolangizning qo`llaridan ushlab, ko`ziga tik qarab, uni yaxshi ko`rishingizni ayting.

«Sen chiroylisan, omadlisan, zo`rsan!» Bu e`tirofni takrorlab turing, albatta, ijobiy natija ko`rsatadi.

Onalar farzandingizni borligi uchun seving! Qanday bo`lishidan qat`iy nazar!

Shoira ShAGIAHMEDOVA.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Boshqa yangiliklar