1

​GIPERTONIYa – QON BOSIMINI NAZORAT QILAMIZ!

Salomatlik 27.11.2017, 12:59
​GIPERTONIYa – QON BOSIMINI NAZORAT QILAMIZ!


Agar sizda qon bosimining oshishiga moyillik bo`lsa, zarur muolajalar bilan birgalikda parhezga rioya etishni ham unutmang. Zero, sodda ko`ringani bilan taomnoma asosi xastalik xurujlaridan himoya qiladi.

KAMROQ ISTE`MOL QILING:

  • Tuz – tarkibidagi natriy moddasi organizmda suvni ushlab qoladi. Buning oqibatida esa qon aylanish tizimining me`yoriy jarayoni odatdagidan faollashib, qon bosimi ortadi. Shifokorlar aynan tuz miqdorining ortishi gipertoniyada xavfli hisoblanishini ko`p bor ta`kidlashgan.
  • Achchiq damlangan qora va ko`k choy, qahva, spirtli ichimliklar ham qon bosimi bilan muammosi bo`lganlarga tavsiya etilmaydi. Mazkur mahsulotlar qon tomirlarining siqilishi (spazm)ni keltirib chiqaradi. Bu esa yurakka zo`riqish berishi mumkin.
  • Hayvon yog`lari qo`shilgan mahsulotlar, kolbasa, dudlangan go`sht. Taomnomada imkon qadar o`simlik yog`lari bo`lishi lozim. Zaytun, kungaboqar yog`lari foydali bo`libgina qolmay, xolesterinni oshirmasligi bilan ham ajralib turadi.
  • Gipertoniyada shirinliklarni ham oz miqdorda iste`mol qilgan ma`qul. Ayniqsa, tort va pirojniylardagi engil singuvchi uglevodlar ortiqcha vazn to`planishiga olib kelishini unutmang. Vazn ortishi bilan bog`liq muammo gipertoniyada xavfli omillardan biridir.

QANChA KO`P BO`LSA ShUNChA YaXShI...

  • Sabzavotlar – kletchatkaga boy poliz ekinlari qonda xolesterin miqdorini nazorat qilib, ishtahani normallashtiradi. Qolaversa, me`da faoliyatiga ham foydalidir.
  • Magniy va kaliy, yurak qon – tomir tizimi uchun g`oyat foydali bo`lgan bu ikki moddani karam, yormalar, turshak, sabzi va qizil lavlagidan topasiz. Eng ma`quli esa bu moddalar semirtirmaydi.
  • Gipertoniklar uchun foydali bo`lgan navbatdagi mahsulotlar, baliq, va dengiz karamidir. Taomnomada aynan shu ikkisining bo`lishi qon bosimi xurujlarida asqotadi.

ShUNINGDEK ...

  • Kun davomida bir necha mahallik taomlanishga odatlaning. 5-6 mahal kam-kamdan ovqatlansangiz, me`da faoliyatida ham bezovtaliklar bo`lmaydi.
  • Uyquga yotishdan oldin bir stakan yog`siz qatiq yoki yogurt ichishni yo`lga qo`ying. Shunda uyqungiz tinch, asablaringiz xotirjam bo`ladi.
  • Odatda gipertoniya xurujlari qon tomirlarida tiqin hosil bo`lishi oqibatida yuz beradi. Buning sababi esa yog`li go`sht tarkibidagi moddalardir. Dietologlar bu kabi holatlarning oldini olish uchun tovuq, kurka va mol go`shtlarining yog`siz, parhezbop turlarini tavsiya etishadi.
  • Och yurmang! Turli xildagi parhezlar, ozish bo`yicha tavsiyalar gipertoniya bilan og`riganlar uchun qat`iyan ma`n etiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1