AsosiySUG'DIYONA

YuZINGIZ HECh QAChON QARIMAYDI!

'YuZINGIZ HECh QAChON QARIMAYDI!'ning rasmi

Yuzlari tarang, yonoqlari qirmizi olmadek xushro`y va terisi go`daknikidek mayin bo`lishini qaysi ayol xohlamaydi, deysiz? Bunga erishishning yo`li esa juda oson. Shunchaki har bir ayol o`ziga qarab yurishi, terisini parvarishlashi kerak xolos. Avvalambor uy sharoitida tayyorlanadigan niqoblarga diqkatinegizni qaratishingizni maslahat beramiz. Sabab niqoblar yuz terisini chiniqtiradi, yangilaydi, yoshartiradi. Sahifamizning bu galgi eksperti sifatida kosmetolog Tamara G`ulomovani taklif qildik. Qish mavsumi boshlanishidan oldin yuz teringiz uchun foydali bo`lgan niqoblarga diqqatingizni qarating!

Ko`pchilik ayol va qizlar yuz terisi haqida to`liq ma`lumotga ega bo`lmay turib, bilar-bilmas turli niqoblarni yuzga surtishadi. Bu esa aksariyat hollarda salbiy natijalarni yuzaga keltiradi. Bu kabi holatlarning oldini olish uchun quyidagi bir nechta qoidalarga amal qiling.

Amal qilinishi shart bo`lgan 5 qoida:

1. Niqob qo`yishdan avval yuz terisi qaysi guruhga mansub ekanligini aniqlab olish lozim. Yuz terisi quruq, yog`li va kam uchraydigan normal guruhlarga bo`linadi.

2. Niqobni tayyorlashda yangi, sifatli va tabiiy mahsulotlardan foydalanish shart.

4. Har qanday niqobni yuzda 20 daqiqadan ortiq ushlab turish mumkin emas.

5. Niqob tayyorlashda uning tarkibiy qismi bo`lgan mahsulotlar miqdorini o`zgartirish mumkin emas.

Niqob yuzga qanday surtiladi

Niqobni qo`yishdan avval yuzingizni yuving yoki teringizga mos loson bilan arting. Niqobni yuzingiz chiziqlari bo`ylab asta-sekin surting. Ko`zning atrofi, pastki qovoqlarni ochiq qoldirgan holda yuzga bir tekis surtib chiqing. Niqobni surtishda maxsus cho`tkadan foydalanishni tavsiya etimiz. Bu o`zingiz uchun ham qulaydir. Yuzdagi niqob yuvib tashlanganidan so`ng, 1-2 soat pardoz (makiyaj) vositalaridan foydalanish mumkin emas.

QURUQ YuZ UChUN NIQOBLAR

Eng oddiy niqoblardan biri, bu — “yog`li niqob”dir. Uni tayyorlash uchun o`simlik yog`idan foydalanamiz. Yog`ni qoshiqda ilitib olamiz. So`ng paxta yordamida yuzga yupqa qatlam qilib surtamiz. 10 daqiqadan so`ng niqobni iliq suvga botirib olingan paxtada artib tashlaymiz va sovuq suvda chayilgan sochiqni 5 daqiqaga yuzga yopamiz.

Tuxum sarig`i va yog`dan tayyorlangan niqob. Ushbu niqob yuz terisi quruqshab qolgan paytlarda foydalidir. Biroz ilitilgan o`simlik yog`ini yuzingizga surtib chiqing. So`ng ustidan tuxum sarig`ini surting. 10-15 daqiqadan so`ng niqobni iliq suvda chayib tashlang.

YoG`LI TERILAR UChUN

Giyohlardan tayyorlangan niqob. Bu niqob yuz terisini tozalaydi va taranglashtiradi. Uch osh qoshiqdan tirnoqgul, qizilpoycha, qirqbo`g`inlarni sirli idishga solib, aralashtirasiz. So`ng yarim piyola suv qo`shib, aralashtirishda davom etasiz. Tayyor bo`lgan bo`tqani yuzingizga surtib, ustidan bir-ikki qavatli doka yopib oling. Burun va ko`zlar uchun oldindan teshiklar qirqib, tayyorlab qo`yganingiz ma`qul. 20 daqiqadan so`ng yuzingizni moychechak, mavrak kabi dorivor giyohlar damlamasida chayib tashlang.

Sabzavot va mevali niqob. Bu niqobni tayyorlash uchun tuxum oqi, meva va sabzavot sharbati kerak bo`ladi. Tuxum oqini idishga solib, oppoq bo`lgunicha ko`pirtirib olasiz. So`ng bir choy qoshiq sabzavot yoki meva sharbatidan qo`shib, aralashtirasiz. Niqob 15 daqiqadan so`ng iliq suvda chayib tashlanadi.

NORMAL TERILAR UChUN

Bu turdagi yuz terisiga ega bo`lgan ayollar har qanday niqobdan foydalanishlari mumkin. Mevali, sabzavotli yoki giyohli aralashmalarni ishlatsa bo`ladi. Lekin niqobni yuzga surtishdan avval albatta kosmetolog bilan maslahatlashish lozim. Bundan tashqari, ishlatiladigan mahsulotlarning foydali va zararli xususiyatlarini ham bilish lozim.

Mevali niqob. Bir dona olmani qirg`ichdan o`tkazib, doka yordamida suvini siqib oling. So`ng olma sharbatiga yarim choy qoshiq asal va shuncha sut qo`shib, yaxshilab aralashtiring. 15-20 daqiqadan so`ng yuzingizni iliq suvda yuvib tashlang. Bu niqobni haftada ikki martadan qilib turing.

YoDDA TUTING:

Agar yuzingizda hollar, zararsiz o`smalar yoki yuzning qon tomirlari bilan bog`liq muammolar bo`lsa, shifokor ruxsatisiz hech qanday niqobdan foydalanish mumkin emas!

SAMODIL tayyorladi

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar