- Kiyimni dazmol qilishdan avval uning yorlig`iga e`tibor bering, balki uni umuman dazmol qilish mumkin emasdir yoki ma`lum haroratga amal qilish lozimdir...
- Haroratni nazorat qiling!
- Odatda, o`ng tomondan chap tomonga, libosning keng qismidan ingichka qismiga qarata dazmol qilish lozim.
- Toza, yuvilgan kiyim va buyumlarni dazmol qiling, aks holda kichik dog` ham ko`zga tashlanib qoladi.
- Quruq liboslarni dazmollash biroz mushkul, shuning uchun pulverizator (suv purkagich) yoki namlash imkoni bo`lgan toza marlidan foydalaning.
- Choyshab, yostiqjild, sochiqlarni yuza tomonidan dazmol qilinadi. Rangli liboslarni ichki tarafidan dazmol yurgiziladi, aks holda matoda yaltiroq chiziqlar paydo bo`lishi mumkin. Erkaklar ko`ylagini esa faqat old qismidan dazmol qilish lozim.
- Junli kiyimlarni astaridan ham, ustki qismidan ham dazmol qilaversa bo`ladi, faqat nam marlidan foydalanishni unumang.
- Krep matosidan tikilgan va yuzasida bo`rtib chiqqan rasmli liboslarni quruq va past haroratda dazmol qiling.
- Sun`iy ipakdan to`qilgan tafta matosini dazmollashda namlangan marlidan foydalaning, yana uni astar qismidan dazmol yurgizish lozim.
- Kraxmallangan matolarni namlangan marli qo`yib, yuqori haroratda teskari tarafidan ham, ustki tomonidan ham dazmollash shart! Bunda mato dazmolga yopishib qolmasligi uchun kraxmallash jarayonida ozgina tuz qo`shishni maslahat beramiz.
- G`ijimlangan galstuk dazmol qilinmaydi. Uch litrli bankaga qaynoq suv solib, galstukni banka ustiga o`rash kerak.
- Paxtali matodan tikilgan kiyim va buyumlarda dazmoldan iz qolgan bo`lsa, bu dog`lar vodorod peroksidi bilan namlanadi va 15-20 daqiqadan keyin quruq mato bilan artiladi.
- Yupqa to`r, jimjimador matolarni doim teskari tomonidan dazmollang.
- Duxoba va velyur matolarga suv purkab, astaridan dazmol qilinadi.
- Erkaklarning klassik uslubdagi shimini dazmollashdan avval “strelka” ustidan uksus va suvning teng miqdorli aralashmasida namlanlangan mato yurgiziladi. So`ng choklarni tekislab, namlangan marli qo`yib dazmol qilish lozim.
- Dazmol yuzasidagi kuygan mato qoldiqlarini tozalash uchun paxtali mato ustiga ikki osh qoshiq yirik tuz sepasiz. Dazmolni eng yuqori haroratga qo`yib, tuz ustidan yurgiziladi. So`ng quruq paxtali mato bilan dazmolning yuzasi artib olinadi.
27.11.2017 17:56
DAZMOL QILIShNING 10 QOIDASI
