AsosiySavol-javob

«NAFAQAMNI TO`XTATIB QO`YIShDI...»

'«NAFAQAMNI TO`XTATIB QO`YIShDI...»'ning rasmi

Ellik yoshimgacha o`qituvchi bo`lib ishlaganman. U paytlari 50 yoshdan nafaqaga chiqish mumkin edi. Shu vaqtgacha pensiya masalasida muammo bo`lmagan. Endi bo`lsa yillar davomida olib kelgan nafaqamni to`xtatib qo`yishdi. Byudjetdan noto`g`ri chiqqanmish. Shu to`g`rimi?

Ismi sir tutildi.

Aslida, nafaqangiz to`xtatilmagan, balki qayta hisoblab chiqilgan. O`zbekiston Respublikasi «Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida»gi Qonunining 2011 yil 1 yanvarga qadar amalda bo`lgan 12-moddasi «k» bandiga asosan o`qituvchilar va boshqa maorif xodimlari maxsus ish staji kamida 25 yil bo`lgan taqdirda (3-sonli ro`yxat, VII qism) oxirgi ish joyidan qat`i nazar, ushbu Qonunning 7-moddasida belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega bo`lganlar.

Ushbu turdagi pensiyalarni tayinlashda 2 yo`nalishda xatolikka yo`l qo`yilgan:

1-yo`nalish. Mazkur Qonunning 47-moddasi «a» bandiga asosan yoshga doir pensiyalar umrbod tayinlanadi.

Qonunning 49-moddasiga asosan pensiyalarni qayta hisoblash:

Bunda yoshga doir imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqqan pensionerlarning pensiyalari ular umumiy belgilangan pensiya yoshiga yoki 54 yoshga etganlarida qayta hisob kitob qilinishi belgilanmagan.

O`tkazilayotgan tekshirishlarda, pensiya tayinlash uchun talab etilgan staj 25 yil o`rniga 20 yil qilib belgilanganligi aniqlangan, ya`ni Qonunning 27-moddasiga asosan pensiya tayinlashda talab etiladiganidan ortiqcha ish stajining har bir to`liq yili uchun pensiyaning tayanch miqdori (26-modda) oshirilishi 25 yil o`rniga 20 yil qilib belgilanganligi natijasida o`tgan davr uchun pensiyadan ortiqcha to`lovga yo`l qo`yilgan. Natijada o`tgan davr uchun Pensiya jamg`armasi mablag`lari ortiqcha to`langanligi aniqlangan.

2-yo`nalish. Yuqorida aytilganidek, ayol o`qituvchilar 50 yoshdan pensiyaga chiqish uchun maxsus ish staji kamida 25 yil bo`lishi kerak edi. Maxsus ish staji ushbu sohada ishlash davrida amal qilgan qonunchilikka asosan mazkur toifadagi ishchilarga belgilangan ish vaqtining davomiyligi me`yorlari (pedagogik yuklanma) talablariga rioya etilgan davr hisoblanadi va bu davr kamida 25 yilni tashkil etadi.

Ammo o`tkazilayotgan tekshirishlarda maxsus ish stajini hisoblashda xatolikka yo`l qo`yilganligi aniqlangan, ya`ni maxsus ish staji tarkibiga ayol bola parvarishlash ta`tilida bo`lgan davr kiritib hisoblanganligi aniqlangan. Natijada, maxsus ish staji qayta hisob-kitob qilinib, fuqarolarning imtiyozli pensiyaga huquqlari qayta ko`rib chiqilmoqda.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


    Boshqa yangiliklar