AsosiyJamiyat

«KOBUL—TOShKENT» YO`NALIShI BO`YIChA ILK PARVOZ AMALGA OShIRILDI (FOTO)

'«KOBUL—TOShKENT» YO`NALIShI BO`YIChA ILK PARVOZ AMALGA OShIRILDI (FOTO)'ning rasmi

29 noyabr kuni soat 9:30 da Afg`onistonning Kam Air aviakompaniyasi samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo`ndi. Bu haqda «O`zbekiston havo yo`llari» MAK axborot xizmati xabar bermoqda.

«Afg`oniston bizga qo`shni do`st davlat, fuqaro aviasiyasi bu ikki davlat o`rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantiruvchi katalizator, ikkala mamlakat madaniyati va iqtisodini bog`lovchi ko`prik vazifasini o`taydi.

Agar ilgari afg`onistonlik yo`lovchilar Toshkentga Istanbul yoki Dubay orqali, 17 dan 32 soatgacha vaqt sarflab uchib kelishgan bo`lsa, endilikda atigi bir yarim soatda to`g`ridan-to`g`ri Kobuldan Toshkentga uchib kelish imkoniyati paydo bo`ldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti Kam Air aviakompaniyasi yo`lovchilari uchun Germaniya, Buyuk Britaniya va Evropaning boshqa davlatlariga uchadigan qatnovlarda parvoz qilishlari uchun tutashtiruvchi aeroport vazifasini o`taydi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, afg`onistonlik uchuvchilarni O`zbekiston Milliy aviakompaniyasining uchuvchilar maktabida o`qitish, shuningdek Uzbekistan Airways Technics aviakorxonasida Kam Air havo kemalariga texnik xizmat ko`rsatish yuzasidan xalqaro kelishuvlar ham imzolandi.

Birinchi qatnovni amalga oshirishdan oldin idoralararo o`zbek-afg`on ishchi guruhi katta hajmdagi dastlabki tayyorgarlik ishlarini amalga oshirdi, xususan xavfsizlikni ta`minlash masalalari joyida o`rganildi. Hamid Karzay nomidagi Kobul xalqaro aeroportida yo`lovchilarni havo kemasiga chiqarish tartib-taomillari xavfsizlik bo`yicha barcha xalqaro aviasiya talablariga javob beradi.

Bizning aviakompaniya ikkala poytaxt shahar o`rtasida aviayo`nalish ochgan Afg`onistonning birinchi xususiy aviakompaniyasi bo`lganligi bilan faxrlanamiz. Kam Air – Afg`onistonning o`sayotgan aviakompaniyasi, unda yuqori darajadagi o`z kasbining haqiqiy ustalari ishlashadi. Biz «O`zbekiston havo yo`llari» singari ishonchli va texnik jihozlangan shunday aviakompaniya bilan hamkorlik qilayotganimizdan g`ururdamiz. Afg`oniston va O`zbekiston o`rtasida aviaqatnovlarning tiklanishi bu kompaniyaning parvozlar geografiyasini kengaytirish bo`yicha strategiyasining bir qismidir.
Zamari Kamgar, Kamgar Group egasi va asoschisi, afg`on biznesmeni

Ma`lumot uchun, Afg`onistondagi Hamid Karzay nomidagi Kobul xalqaro aeroportida joylashgan Kam Air aviakompaniyasi 2003 yilda tashkil etilgan. Kam Air muntazam qatnovlarni amalga oshiradigan portlar sirasiga Dehli, Mashhad, Tehron, Dushanbe, Istanbul va Jidda kiradi.

    Boshqa yangiliklar