Olma-otadagi Furmanova ko`chasi nomi mamlakat prezidenti Nursulton Nazarboev ismi sharafiga o`zgartirildi. Bu haqda “Tengrinews.kz” saytiga asoslanib, “Qalampir.uz” nashri xabar berdi.
Bugun, 30 noyabr kuni Olma-ota shahrining VI chaqiriq sessiyasi davomida megapolisning ko`plab aholisi va Respublika komissiyasi tashabbusi bilan Olma-otadagi ko`chalardan biri Qozog`iston Respublikasining Prezidenti Nursulton Abishevich Nazarboev ismi sharafiga o`zgartirishga qaror qilindi.
Olma-ota hokimi Bauirjan Boybek sessiya davomida bu yil Ostonaning 20 yilligi nishonlanishini ta`kidlab o`tdi.
Nursulton Nazarboevning tizimli islohotlari tufayli shahar iqtisodiyoti 100 barobardan ortiqqa ko`tarildi. Kichik va o`rta biznes korxonalari soni 130 martaga oshdi.
Olma-ota hokimi aynan shu shaharda Konstitusiya, Milliy valyutani qabul qilish to`g`risida qaror qilinganini, Qurolli Kuchlar tashkil etilganini, davlat ramzlari tasdiqlanganini ta`kidlab o`tdi.
Aytish kerakki, ilk marta Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboevning ismi 10 yil avval Iordaniyaning Amman shahridagi ko`chaga, Chechenistonning Grozniy shahridagi ko`chaga berilgan edi. Shuningdek, Turkiyaning bir necha shaharlarida Qozog`iston Prezidentining ismiga qo`yilgan ko`chalar mavjud. Tataristonning Qozon shahri shoh ko`chalaridan biri ham Nursulton Nazarboev sharafiga nomlangan.






