- Harid qilingan ko`katlar bir necha kun ichida ko`rinishini yo`qotmasligini istasangiz, uyga olib kelgach, ildiz qismini kesib tashlang.
- Muzlatgichga joylashtirayotganda nam sochiqqa o`rab, so`ng sellofan xaltaga solsangiz, so`lib qolmaydi.
- rtib qolgan ko`katlarni zar qog`oz (folga)ga o`rab, yaxxonaga joylab qo`ying. Foydalanishdan oldin 2-3 daqiqa tuzli suvga solib qo`ysangiz, yana barra ko`rinishga keladi.
- Shivit va kashnich muzlatgichning pastki qavatida 4-5 kun, ko`k piyoz, barra sarimsoq, petrushka va salat bargi esa 3 kungacha ko`rinishini yo`qotmaydi.
- Ko`k piyoz va barra sarimsoqning bandini kesib olib, quruq sochiqda arting. So`ng zar qog`ozga o`rab, muzlatgichga qo`ying. Bu tariqa ko`katlar sifati buzilmaydi.
- Shivit va kashnichni mayda to`g`rab, ozroq tuz bilan aralashtiring-da, shisha bankaga soling. Bu ko`rinishda ko`katli aralashma uzoq vaqt saqlanishi mumkin.
- Bezak o`rnida foydalanishni istasangiz, to`g`ralgan ko`katlarni muz bo`laklari uchun mo`ljallangan idishchalarga solib, ustidan eritilgan sariyog`ni quyib chiqing. Qotgach, yaxxonaga tering. Dasturhonga tortishda taom yuzasiga sariyog`li ko`katni joylashtirasiz.
- Taomga xushxo`r ta`m berishni istasangiz, to`g`ralgan kashnich qo`shing. Ushbu ko`kat mosh qo`shilgan ovqatlardan tashqari barcha taomlarda ishlatiladi.
- Lag`mon va uyg`urcha uslubda tayyorlanadigan taomlarga esa selderey qo`shilsa, ta`mi o`zgacha bo`ladi.
- Mayonezsiz salatlarga yalpiz, ko`k piyoz, barra sarimsoq, kashnich va rayhon bargini qo`shish mumkin. Bu ko`katlar o`simlik va zaytun yog`i bilan bir-biriga mos tushadi.
- Mayonezlilariga esa salat bargi, ko`k piyoz, shivit va kashnich solinishi mumkin. Barra sarimsoq mayonez bilan ta`sir kuchini yo`qotib, salat ta`mini o`zgartirishi mumkin.
- Pishloq va brinza qo`shilgan eguliklarga asosan shivit va salat bargi ishlatiladi.
- Sabzavotli, masalan, bodring, pomidor, karam va sabzili salatlarga esa ko`k piyoz, barra sarimsoq va kashnich tavsiya etiladi.
- Ziravorlar ta`sirida taom hidi o`tkirlashib qolganday tuyulsa, mayda to`g`ralgan ko`k piyoz va shivit aralashmasidan foydalaning. Ko`katlar aralashmasi o`tkir hidni «kesadi».
- Barcha ko`katlarni istalgan shaklda to`g`rash mumkin. Ammo salat bargi hamisha yirik shaklda kesiladi. Agar maydalansa, sharbati ajralib, ko`rinishini yo`qotishi mumkin.
30.11.2017 20:23
KO`KATLARNI TO`G`RI SAQLASh VA FOYDALANIShNI O`RGANAMIZ!
