Poytaxtimizdagi “O`zekspomarkaz” majmuida “O`zbekiston va Rossiya: strategik sheriklikning 25 yili” mavzuida tarixiy-hujjatli ko`rgazma ochildi.
Unda ikki mamlakat parlamentlari a`zolari, davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari xodimlari va rossiyalik mehmonlar ishtirok etdi.
Tantanali tadbir avvalida ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tarixiy-hujjatli ko`rgazma tashkilotchilari hamda ishtirokchilariga yo`llagan tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X. Sultonov o`qib eshittirdi.
Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning qutlov so`zini Rossiya Federasiyasi Prezidentining xorijiy davlatlar bilan mintaqalararo va madaniy aloqalar bo`yicha boshqarmasi boshlig`i, Rossiya delegasiyasi rahbari V. Chernov o`qib eshittirdi.
Tadbirda so`zga chiqqan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o`rinbosari S. Safoev, Rossiya Federasiyasi Federal Yig`ilishi Federasiya Kengashi Raisining o`rinbosari I. Umaxanov, Rossiya Federasiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi V. Tyurdenev, O`zbekiston Respublikasi xalq artisti G. Melnikova hamda boshqalar O`zbekiston — Rossiya munosabatlari strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanib borayotganini ta`kidladi. Keng qamrovli siyosiy muloqotlar, savdo-iqtisodiy hamkorlik munosabatlari kengayayapti, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar aloqalar tobora chuqurlashmoqda. Mamlakatlarimiz mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega dolzarb -masalalar yuzasidan faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Joriy yilda O`zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federasiyasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganiga 25 yil to`ldi. Mazkur sana munosabati bilan shu yil 20 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev hamda Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bir-birlarini qutladilar.
Ikki tomonlama hamkorlikning chorak asrlik davri mobaynida mamlakatlarimiz har tomonlama va ko`p qirrali munosabatlarni rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishish, o`zaro hamkorlikning deyarli barcha yo`nalishini qamrab olgan samarali shartnomaviy-huquqiy zaminni shakllantirishga muvaffaq bo`ldi. Davlatlarimiz o`rtasida strategik sheriklik munosabatlari ruhiga monand ravishda turli sohalar bo`yicha foydali muloqot mexanizmlari yo`lga qo`yildi.
O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi munosabatlarda 2004 yil 16 iyundagi Strategik sherikchilik to`g`risida shartnoma, 2005 yil 14 noyabrdagi Ittifoqchilik munosabatlari to`g`risida Shartnoma, savdo, iqtisodiyot, energetika, qishloq xo`jaligi, ta`lim, madaniyat hamda boshqa sohalarda tuzilgan ikki yuzdan ziyod ikki tomonlama hujjatlar muhim asos bo`lmoqda.
O`zbekiston va Rossiya o`zaro munosabatlarni jadal rivojlantirishga qat`iy tayyor ekanligini Shavkat Mirziyoev hamda Vladimir Putin bir qancha muloqotlari chog`ida ta`kidlaganlar. Shuningdek, davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning barcha jabhasi bo`yicha ishonchli, ochiq muloqotni chuqurlashtirishga alohida e`tibor qaratmoqda.
O`zbekiston va Rossiya xalqaro maydonda bir-birini qo`llab-quvvatlab kelmoqda. Ikki mamlakatning tashqi siyosat, tashqi savdo, mudofaa mahkamalari o`rtasida o`zaro maslahatlashuvlar izchil amalga oshirilayapti. Davlatlarimiz BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
O`zbekiston — Rossiya munosabatlarida savdo-iqtisodiy aloqalar asosiy o`rin tutadi. 2013 — 2017 yillarga mo`ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2015 — 2019 yillarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishning asosiy yo`nalishlariga oid hukumatlararo bitimga muvofiq bu sohadagi aloqalar jadal taraqqiy etayapti.
Ko`rgazmada namoyish qilinayotgan ettita mavzudagi 300 ga yaqin tarixiy hujjatlarda ana shu natijalar o`z ifodasini topgan.
...Ekspozisiyalarni ko`zdan kechiramiz. Ulardan biri O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federasiyasiga amalga oshirgan davlat tashrifiga bag`ishlangan.
Qayd etish kerakki, ushbu tashrif O`zbekiston — Rossiya o`rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim o`ringa ega bo`ldi. Chunonchi, tashrif asnosida erishilgan kelishuvlar, imzolangan 16 milliard AQSh dollarilik 50 dan ortiq hujjatlar O`zbekiston hamda Rossiya taraqqiyotiga, ikki mamlakat xalqlari farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilayapti.
Delegasiyalar tashrifi, ishbilarmon doiralar hamkorligi faollashgani ham diqqatga sazovor.
Ko`rgazmada O`zbekiston — Rossiya o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, qishloq xo`jaligi, axborot texnologiyalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik singari sohalar, madaniy-gumanitar yo`nalishga oid eksponatlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirmoqda.
Yaqinda Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning Farmoniga muvofiq, O`zbekiston televideniesi suxandoni, O`zbekiston Respublikasi xalq artisti Galina Melnikova xalqlar o`rtasida do`stlik va hamkorlikni mustahkamlash, millatlararo madaniyatni yaqinlashtirish hamda o`zaro boyitishdagi xizmatlari uchun Rossiya Federasiyasining “Drujba” ordeni bilan taqdirlandi. Ko`rgazma doirasida G. Melnikovaga ana shu yuksak mukofot -tantanali topshirildi.






