AsosiyJamiyat

O`ZBEKISTONDA ILK BOR BUTUNJAHON TA`LIM AKSIYaSI O`TKAZILADI

'O`ZBEKISTONDA ILK BOR BUTUNJAHON TA`LIM AKSIYaSI O`TKAZILADI'ning rasmi

Joriy yilning 10 dekabr kuni O`zbekistonda ilk bor kompyuterlar va dasturlashni o`rganishga yoshlarni jalb etish maqsadida “Dasturlash soati” global harakati o`tkaziladi.

“Dasturlash soati” aksiyasi dunyo bo`ylab odamlarni dasturlash asoslarini o`rganishga bir soat vaqt sarflashga chaqiradi. 2017 yil 10 dekabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida global harakat doirasida bir soatlik dasturlash darslari bo`lib o`tadi. Loyiha “Microsoft” korporasiyasi, Toshkent shahridagi Inha universiteti va “CodeCraft” loyihasi ishtirokida tashkil etilgan.

Tadbir doirasida 8 yoshdan 11 yoshgacha bo`lgan bolalar uchun uch turdagi dars mashg`ulotlari o`tkaziladi. Ishtirokchilarni ro`yxatga olish http://codecraft.uz/minecraft/ saytida amalga oshiriladi va 2017 yil 8 dekabrga qadar davom etadi.

Mazkur tashabbusni har yili 180 dan ortiq mamlakatlar qo`llab-quvvatlaydi. “Dasturlash soati” — har bir o`quvchi va talabaning o`z qobiliyatlarini namoyish etishlari, AT sohasida boshlang`ich bilimlarni olishlari, dasturlarning asoslarini o`rganishlari va kelajakda qaysi kasb tanlashga qaror qilishlari uchun imkoniyatdir. O`qituvchilar, o`z navbatida, o`qitishda yangi interaktiv texnologiyalarni qo`llash imkoniyatiga ega bo`lib, shu orqali o`quvchilarning o`z fanlariga bo`lgan qiziqishlarini oshiradilar.

“Microsoft” kompaniyasi “Dasturlash soati”ga bag`ishlab, mashhur “Minecraft” o`yiniga asoslangan “Hero`s Journey” (“Qahramon yo`li”) deb nomlangan o`yin qo`llanmasini chop etdi. Qo`llanma maktab mashg`ulotlari, sinflar va uy darslari davomida kompyuter fanining asoslarini sodda hamda qiziqarli tarzda o`rganish uchun mo`ljallangan. Mualliflar, ijodiy yondashgan holda Agentlar, ya`ni qiziqarli qahramonlar yordamida o`quvchilarga dasturlashning asosiy tushunchalari va prinsiplarini taqdim etadilar. Xohishi bo`lgan har qanday ta`lim muassasasi mazkur aksiyaga qo`shilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar