Prezidentimizning kecha, ya`ni 1 dekabr kuni qabul qilgan “Nogironligi bo`lgan shaxslarni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoniga ko`ra “nogiron” tushunchasi muomaladan chiqarilmoqda va u eng avvalo, inson ekanligini hisobga olgan holda umume`tirof etilgan “nogironligi bo`lgan shaxs” atamasi kiritilmoqda.
Shuningdek, hujjatga muvofiq “Nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari to`g`risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqilishi belgilanmoqda.
Transport vositalari haydovchilari – nogironligi bo`lgan shaxslarni o`qitish uchun tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari tashkil etiladi.
2018 yilning 1 yanvaridan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug`ullanuvchi I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslar, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslarni xodim sifatida yollagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga qat`iy belgilangan soliqning imtiyozli stavkasi belgilanmoqda.
Farmon bilan 51 banddan iborat chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan Nogironligi bo`lgan shaxslarni qo`llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Farmonning to`liq matni bilan www.lex.uz saytida tanishishingiz mumkin.