AsosiySUG'DIYONA
4993

“USTOZIMNING IShQIDA KUYDIM”

'“USTOZIMNING IShQIDA KUYDIM”'ning rasmi

Nigora, 16 yosh, Toshkent shahri:

— Ijtimoiy fanlarga ixtisoslashgan akademik lisey o`quvchisiman. Oilada yolg`iz farzand bo`lganim uchun ota-onam doim mening ra`yimga qarab kelishadi. Shu sababdanmi, barcha yaxshi narsalar meniki bo`lishiga, menga hamma narsa mumkinligiga o`rganib qolgan ekanman. Afsuski, har doim ham inson xohlaganidek bo`lavermas ekan. Buni kech anglab etdim. Liseyimizga iqtisod fanidan dars berishga yangi o`qituvchi keldi. Kelishgan, aqlli iqtisod o`qituvchimiz guruhimizdagi hamma qizlarga, shu qatori menga ham yoqib qolgandi. Uni ko`rgim kelaverardi, har tanaffusda xonasining oldidan o`tishga harakat qilardim. Bora-bora o`qituvchimizni bir kun ko`rmasam o`zimni qo`yarga joy topolmay qoladigan bo`ldim. Iqtisod o`qituvchimiz asli uzoqroq viloyatdan ekanligini bilganimda ham uni yaxshi ko`rishdan qolmadim. Guyoki u menga sovchi qo`ysa, ota-onamni viloyatga ketishimga ko`ndiraman, deb o`ylagandim. Lekin his-tuyg`ularim haqida hech kimga, hatto yaqin dugonamga ham aytmadim. Aniqrog`i, aytishga uyaldim, hammaga kulgi bo`laman deb o`yladim. Ishga kelganiga uch oy bo`lganida, o`qituvchimiz ikki hafta ishga chiqmadi. O`zimni xuddi dars masalasida kirgandek tutib, o`qituvchilar xonasidagilardan ustozimizni so`raganimda, yaqinda ikkinchi marotaba farzandli bo`ldi, shuning uchun viloyatiga ketdi degan javobni berishdi. Turgan joyimda hushimni yo`qotay dedim. Men pinhona sevgan insonning oilasi borligi etti uxlab tushimga ham kirmagandi. Oilali insonni sevib qolganim uchun o`zimdan nafratlanib ketyapman…

Maslahat: — Bizga maslahat olish uchun murojaat qilgan qizimiz ayni balog`at yoshida ekanlar. Hammamiz bilamizki, balog`at yoshidagi inson orzulari osmonida parvoz etib yuradi. Bu qiz o`zining oq otdagi shahzodasini o`qituvchisi qiyofasida ko`rgan bo`lsa kerak. Lekin, jon qizim, adashmang, sizning hayotingizdagi asl shahzodangiz endi keladi. Hozir esa o`qib o`rganing, o`zingiz istagan, qiziqqan mashg`ulotingiz bilan shug`ullanishingizni maslahat beraman. O`tkinchi havasga berilmang. G`ururli, andishali qiz ekanligingiz gaplaringizdan bilinib turibdi. Siringizni hech kimga aytmaganingiz yutug`ingiz, bundan keyin ham ana shunday irodali bo`lishingizni istardim. Siz tanlagan ko`cha boshi berk ko`cha, undan qancha erta chiqib ketsangiz, shuncha yaxshi bo`ladi.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar