— Yagona soliq to`lovi to`lovchisi bo`lgan korxonamiz temir yo`l shoxobcha yo`llari mavjud hududni xarid qildi. Tushuntirish bersangiz, temir yo`l shoxobcha yo`lining maydoni yagona soliq to`lovining eng kam miqdorini hisoblab chiqarishda hisobga olinadimi yoki ushbu maydon O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 282-moddasi ikkinchi qismi 11-bandiga muvofiq soliq solishdan ozod etiladimi?
Korxona buxgalteri
— Xo`jalik yurituvchi subektlar tomonidan yagona soliq to`lovining eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona soliq to`lovini hisoblab chiqarish va to`lash tartibi Yagona soliq to`lovining eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona soliq to`lovini hisoblab chiqarish va to`lash tartibi to`g`risidagi nizom bilan (ro`yxat raqami 2203, 2011 yil 3 mart, keyingi o`rinlarda – Nizom)belgilangan.
Nizomning 3-bandiga muvofiq, yagona soliq to`lovining eng kam miqdorini hisoblab chiqarishda yuridik shaxslar tomonidan mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish huquqi yoki ijara huquqi asosida foydalaniladigan er uchastkalari hisobga olinadi, bundan quyidagilar mustasno:
• O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 280-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, soliq solish obekti sifatida qaralmaydigan er uchastkalari;
• O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 282-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, soliq solinmaydigan er uchastkalari. Soliq kodeksining 282-moddasi ikkinchi qismi 11-bandiga muvofiq,
umumiy foydalanishdagi temir yo`llar, shu jumladan, tuproq ko`tarmasi, sun`iy inshootlar, liniya-yo`l binolari, temir yo`l aloqasi hamda elektr ta`minoti qurilmalari, inshootlar va yo`l qurilmalaridan iborat temir yo`llar stansiyalari hamda saralash joylari, shuningdek, belgilangan tartibda temir yo`l transporti korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga doimiy yoki vaqtinchalik foydalanishga berilgan ihota daraxtzorlari egallagan erlar soliq solinmaydigan er uchastkalari jumlasiga kiradi;
• O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan tenglik asosida diplomatik vakolatxonalarni joylashtirish uchun berilgan er uchastkalari.
Endi shoxobcha yo`llar umumiy foydalanishdagi temir yo`llarga kirish yoki kirmasligini aniqlab olamiz.
Shoxobcha yo`llar – magistral liniyada joylashgan temir yo`l stansiyasini sanoat korxonasi yoki boshqa tashkilot bilan bog`laydigan temir yo`llardir (ya`ni, korxonaning o`zida joylashgan, umumiy foydalanishdagi magistral liniyalarga kirmagan har qanday temir yo`llar, umumiy foydalanishda bo`lmagan yo`llar). Demak, sanoat va boshqa korxonalarning temir yo`l shoxobcha yo`llari band etgan er uchastkalariga nisbatan imtiyoz tatbiq etilmaydi.
Savolingizda ta`kidlanishicha, temir yo`l transportiga bog`liq bo`lmagan korxonangiz temir yo`l shoxobcha yo`llari mavjud hududni (bazani) xarid qilgan.
Demak, shoxobcha yo`llari korxonangiz balansida bo`lib, temir yo`l korxonalariga taqdim etiladigan umumiy foydalanishdagi temir yo`llar tarkibiga kirmaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, korxonangiz yagona soliq to`lovining eng kam miqdorini hisoblab chiqarayotganda korxonangiz balansida bo`lgan temir yo`l shoxobcha yo`llari joylashgan er uchastkasini hisobga olishi lozim.
09.12.2017 12:12
TEMIR YO`L ShOXOBChASINI HISOBGA OLGAN HOLDA YaGONA SOLIQ TO`LOVINING ENG KAM MIQDORI QANChA?






