Maysara, 43 yosh, Samarqand viloyati:
— Erning toparmon-tutarmon, uddaburon bo`lgani ham yaxshi ekan. Mening erim esa buning aksi, na bolalarining tashvishi, na ro`zg`or kamchiliklari qiziqtiradi. Boshida qaynota-qaynonam bilan yashaganimiz uchun unchalik muhtojlik sezmaganmiz. Alohida ko`chib chiqqanimizdan keyin ro`zg`orda etishmovchilik boshlandi. Buning ustiga bolalarning eyman-ichaman, degan payti. Shuning uchun o`zimni o`qqa, cho`qqa urib bo`lsa ham, pul topish yo`lini o`ylardim. Avvaliga bozorga chiqib savdo qila boshladim. Uch-to`rt yil shunday ishlaganimdan so`ng sog`ligim yomonlashib qoldi. Jazirama issiq, qattiq sovuqlarda kun bo`yi bozorda turish o`z ta`sirini o`tkazmay qo`ymadi. Sog`ligimdan ayrilib, ikki oy shifoxonada davolanib chiqdim. Jamg`arib qo`ygan ozroq pulim ham o`zimga ketdi. Uchta qizdan keyin tug`ilgan o`g`lim hali kichkina, qo`lidan ish kelmaydi. Otasi esa bir ishning boshini tutay demaydi. Shularni o`ylab, yana qay yo`l bilan pul topsam bo`ladi, deb boshim qotdi. Keyin o`ylab-o`ylab, Turkiyada biror yil ishlab kelishga qaror qildim. O`sha yoqda ishlayotgan tanishlar orqali bir do`konga farrosh bo`lib ishga kirdim. Sotuvchilarga yordam berayotganimni ko`rgan xo`jayin menga sotuvchilikni berdi. Bundan g`azablangan sheriklarim qishloqqa men haqimdagi yomon gaplarni etkazishibdi. Singlim qo`ng`iroq qilib, yig`lab gapirdi:
— Opa, nimalar qilib yuribsiz? Eringiz, bolalaringiz ko`zingizga ko`rinmadimi? Uyga qayta qoling, qancha ko`p pul jo`natganingiz sari siz haqingizda shuncha yomon gaplar tarqalayapti. Odamlarni bilasiz-ku, og`zi bilan yuradi...
Bu gaplarni eshitib, hech nima ko`zimga ko`rinmay uyimga qaytdim. O`zimni qancha oqlashga harakat qilmay, odamlarning menga boshqacha ko`z bilan qarayotganiga chidolmayapman. Oilam buzilib ketaveradimi endi? O`zimni qanday oqlashni bilmayapman…
To`ti YuSUPOVA, O`zbekiston xalq artisti: — Avvalo oilada erkakning ham, ayolning ham o`z vazifalari bor. Bugungi kunda ayollarimiz o`z bo`yniga ko`proq vazifalarni olayotgani bor gap. Lekin men bu holatni oqlamayman. Erim pul topmaydi, deb o`zingiz bozorga chiqib ketishingiz kerak emasdi. Uni harakat qilishga, ishlashga undaganingizda hozirgi vaziyatga tushmasligingiz mumkin edi. U sizga ishonib, pul topayotganingizni, ro`zg`orni eplayotganingizni ko`rib, battar xotirjamlikka berilgan. Afsuski, shunday erkaklar ham bor. Siz o`zingizga to`g`ri bo`lsangiz, haqiqatni yuzaga chiqarish uchun kurashing. Yaqinlaringiz, atrofdagilar qandayligingizni bilishadi, shuning uchun odamlarning gapiga e`tibor bermang. Eringizga ham shuni ta`kidlang. Mas`uliyatni o`zi bo`yniga olishi kerakligini ayting.